O‘zLiDeP soliq Konsepsiyasi loyihasiga vijdonli soliq to‘lovchilarni, ish o‘rni va haq to‘lash fondini legallashtiruvchilarni rag‘batlantirishni taklif etmoqda

10.04.2018, 19:16

O‘zLiDeP soliq Konsepsiyasi loyihasiga vijdonli soliq to‘lovchilarni, ish o‘rni va haq to‘lash fondini legallashtiruvchilarni rag‘batlantirishni taklif etmoqda

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, partiyaning parlamentdagi fraksiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimini isloh qilish Konsepsiyasi (Konsepsiya) loyihasini muhokama qilish va O‘zLiDePning soliq siyosatini takomillashtirishga doir takliflarini ishlab chiqishga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Tadbir ishtirokchilari qayd etganidek, O‘zLiDeP Harakatlar strategiyasining bozor islohotlarini chuqurlashtirish va iqtisodiyotni liberallashtirish sohasidagi eng muhim ustuvorliklarini amalga oshirishga qaratilgan tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Bunda hayotga tadbiq etilayotgan o‘zgarishlarni qonunchilik jihatdan ta’minlash, qonun loyihalari va boshqa qonunchilik hujjatlari jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazish, soliq tizimini isloh qilish, iqtisodiyot va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga soliq yukini pasaytirish, samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish va soliq ma’murchiligini yaxshilash, mahalliy budjetlar daromad qismini mustahkamlash, butun soliq solish tizimi oshkoraligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ushbu masalalarni partiya mamlakatda qulay biznes va investitsion muhitni shakllantirish nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadi, bu esa mamlakatning raqobatbardoshligi va iqtisodiyotimizni yuksaltirishning zarur sharti hisoblanadi. Alohida qayd etilganidek, soliq-budjet siyosati aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi turmush darajasini yaxshilashning eng muhim omillari bo‘lgan iqtisodiyotning raqobatbardoshligi va barqaror rivojlanishini, tadbirkorlik faoliyatini, ayniqsa, oilaviy biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi zarur.

Ushbu nuqtai nazardan Konsepsiyaning soliqlar rag‘batlantiruvchi rolini oshirish, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, tadbirkorlik faoliyati, biznesni barqaror rivojlantirish uchun qulay biznes muhitga ko‘maklashuvchi mutlaqo yangi soliq tizimini shakllantirishga oid me’yorlari qo‘llab-quvvatlandi.

Davra suhbati ishtirokchilar qayd etganidek, O‘zLiDePning ustuvorligi – bu iqtisodiyot va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga soliq yukini pasaytirishga qaratilgan ishlarni davom ettirish, soliqlar va bir xil soliqqa tortish ob’ektlariga ega boshqa majburiy to‘lovlarni birlashtirish, samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilishdan iborat. Ular Konsepsiyada nazarda tutilgan va kichik biznes sub’ektlarini soliqqa tortish tizimini tubdan yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatladi. Buning maqsadi ular faoliyatini kengaytirishga to‘siq bo‘layotgan omillarni bartaraf etish, shuningdek, soliq ma’murchiligi jarayoniga zamonaviy AKTlarni keng joriy etish, soliq to‘lovchilarga muloqotsiz elektron xizmat ko‘rsatish tizimiga to‘liq o‘tishdan iborat.

Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganidek, soliq huquqbuzarliklarini oldini olish soliq siyosati ustuvorligiga aylanishi zarur. Bu quyidagilar orqali erishiladi: soliq to‘lovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish; soliq monitoringi va nazoratini amalga oshirishning zamonaviy usullarini joriy etish; soliq majburiyatlarini bajarishda soliq to‘lovchilarga har tomonlama ko‘maklashish; vijdonli soliq to‘lovchilarni, shu jumladan ish o‘rinlari va haq to‘lash fondini legallashtiruvchilarni rag‘batlantirish chora-tadbirlarini joriy etish; vijdonli soliq to‘lovchilarga “soliq ta’tillari”ni berish zamonaviy mexanizmlaridan samarali foydalanish.

Shu munosabat bilan Konsepsiyada nazarda tutilgan quyidagi takliflar muhimligiga urg‘u berildi, bular tavakkalchilikka yo‘naltirilgan yondashuvlarni, kameral nazoratning innovatsion usullarini joriy etish, soliq imtiyozlari faqat maqsadli taqdim etilishi tartibini o‘rnatish, ularning samarali qo‘llanilishini monitoring qilish va baholash tizimini joriy etish, budjetga samarasiz foydalanilgan imtiyozlar summasini majburiy qaytarishga oid me’yorni mustahkamlash. Soliq to‘lovchilar va soliq organlari o‘rtasida soliq nizolarini sudgacha xal etish, bu sohada fuqarolik institutlari rolini kuchaytirish kabi samarali mexanizmlarni tadbiq etishga alohida e’tibor qaratildi.

Davra suhbati ishtirokchilari fikriga ko‘ra tadbirkorlik faoliyati sohasida qonunchilik, avvalambor, soliq qonunchiligining barqarorligi qulay biznes muhitni shakllantirishda eng muhim omil hisoblanadi. Bu borada Konsepsiyaning quyidagilar haqidagi me’yorlari alohida ahamiyat kasb etmoqda, jumladan, soliq qonunchiligini maksimal soddalashtirish, Soliq kodeksi me’yorlari bevosita ishlashini ta’minlash, havola me’yorlarni va soliqqa tortish masalalarini tartibga soluvchi barcha qonunosti hujjatlarini bekor qilish; o‘rta muddatli soliq rejalashtirishga o‘tish va soliq qonunchiligi barqarorligi kafolatlarini kuchaytirish kabilar.

Tadbirda Konsepsiyaga O‘zLiDeP hududiy Kengashlari tomonidan joylarda keng tadbirkorlar doirasini jalb etgan holda ishlab chiqilgan takliflar muhokamasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu tavsiyalar soliq siyosatining rag‘batlantiruvchi rolini oshirish, kichik va o‘rta tadbirkorlik, oilaviy biznes moliyaviy holatini yaxshilash, Konsepsiyada nazarda tutilgan va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, soliqqa tortishning adolatlilik prinsipini amalda ro‘yobga chiqarish, tadbirkorlik sub’ektlari va investorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga tegishli.  

Umuman, tadbir ishtirokchilari fikriga ko‘ra, Konsepsiyani qabul qilish va amalga oshirish kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, xususiy tashabbusni amalga oshirish uchun maksimal qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1520
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+