Yoshlarga moliyaviy ko‘mak ajratilishida shaffoflik ta’minlanishi kerak!

23.11.2023, 19:09

Yoshlarga moliyaviy ko‘mak ajratilishida shaffoflik ta’minlanishi kerak!

Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashining O`zLiDeP deputatlik guruhi yig‘ilishida “Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga imtiyozli kreditlarni ajratilishidagi shaffoflikni ta’minlash borasidagi ishlar” yuzasidan Qarshi shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Sarvar Qayumovning hisoboti eshitildi.

- Shahrimizdagi 64 ta mahallada 73,6 mingta xonadon bo‘lib, 292,6 ming nafar aholi istiqomat qiladi,- deydi S. Qayumov. – 84,9 mingta oila mavjud  bo‘lib, 5,7 mingtasi kam daromadli oilalar hisoblanadi. O’tgan 9 oy mobaynida 32,9 ming nafar aholining bandligi ta’minlandi. Prezidentimizning joriy yil 31 yanvardagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan 10 oy davomida “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 44,9 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratilib,  1913 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlandi. Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan 109 nafar ishsiz fuqarolar va ish beruvchilar uchun  360 mln. so‘m mablag‘ ajratilgan. 414 nafar xotin-qizlar, 36 nafar yoshlar Qarshi shahrida joylashgan 54 ta korxona va tashkilotlarning kvotalangan ish o‘rinlariga joylashtirildi. Hokim yordamchilari ko‘magida 4206 nafar ishsizlarni o‘zini-o‘zi band qilish choralari ko‘rildi.

- Qarshi shahri mahallalarida 1700 gektar tomorqa yerlari mavjud bo‘lib, ulardan foydalanish mutlaqo qoniqarsiz, - deydi deputat Arziqul Sherov. - Viloyat hokimligi tashabbusi bilan Qo‘ng‘irtog‘ kengliklarida bog‘ yaratilib, 5 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan edi. Yaqinda guruhimiz a’zolari bilan ushbu bog‘dagi ahvol bilan tanishdik. Taassuflar bo‘lsinki, 267 tup nihol ko‘kargan, qolganlari qurib yotibdi. Daraxtlarni sug‘orishni zimmasiga olgan tadbirkor quvurlar tortish uchun mablag‘ni ololmagan emish. Axir shu bog‘ yashnab turganda, shahrimiz havosi musaffoligi ta’minlangan bo‘lardi. Shaharda elektr, gaz, oqova suv ta’minoti mavjud bo‘lsa-da, negadir issiqxonalar faoliyati talabga javob bermaydi. Fuqarolarimiz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish o‘rniga boshqa viloyatlardan tovar olib kelib sotishni afzal bilishyapti. Yoshlarni iqtisodiy bilimlarini shakllantirish, olgan kreditini maqsadli ishlatish, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga  tatbiq etish borasidagi  bilimlarini oshirish orqali yoshlar va xotin-qizlar bandligini  ta’minlashda samarali natijalarga erisha olamiz. Bu borada deputatlarimiz oldida o‘ta zalvorli va mas’uliyatli ishlar turibdi.

Yig‘ilishda viloyat kengashi deputatlaridan Igor Tursunov, Ismigul Xushmurodova, viloyat kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Arziqul Sherov va boshqalar so‘zga chiqib, ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish, mehnat yarmarkalari tashkil etish, birinchi galda mehnat migratsiyasidan qaytgan ijtimoiy himoyaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan fuqarolarni bandligini ta’minlash, ularni shahardagi korxona va tashkilotlardagi kvotalangan ish o‘rinlariga joylashtirish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.   

  • Ko'rildi
    114
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+