Mikromoliya xizmatlarining o‘rni va ulushini oshirish masalalari muhokama qilindi

01.12.2023, 18:21

Mikromoliya xizmatlarining o‘rni va ulushini oshirish masalalari muhokama qilindi

O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil hamda O’zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi hamkorligida Iqtisodiy islohotlar doirasida kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mavzusida davra suhbati tashkil qilindi.

Unda Respublika Markaziy Banki, “Biznesni rivojlantirish banki”, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda Oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari ekspert-olimlari, tadbirkorlik va fermerlik sub’ektlari vakillari ham qatnashdi.

Davra suhbatida mamlakatimizda kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda mikromoliya xizmatlarining o‘rni va ulushini oshirish, aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlariga doir ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Kichik va o‘rta biznes har qanday davlatning iqtisodiy rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. Ular innovatsiyalar dvigateli bo‘lib, ish o‘rinlarini yaratish, viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Statistik ma’lumotlarga yuzlanadigan bo‘lsak, 2023 yanvar-sentabr holatiga birgina kichik biznesning YaIMdagi ulushi 51.2% ni tashkil etmoqda.

Biroq tadbirkorlar o‘z salohiyatlarini to‘la ishga solishlari uchun ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish zarur. Prezidentimizning avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotlarida ham tadbirkorlarni eng ko‘p qiynagan masala aynan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini yanada kuchaytirish bo‘lganligi aytilgan edi. Shu maqsadda “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi” “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati shaklida qayta tashkil qilinishi belgilandi.

Davra suhbati davomida kompaniya tomonidan 2024 yil 1 martdan boshlab kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlariga taqdim etiladigan qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Bundan tashqari, 2023 yil 10 noyabrdagi Prezident qaroriga ko‘ra, mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish, aholining keng qatlamlari tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, hududlarda mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish ko‘lamini kengaytirish maqsadida mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish dasturi amalga oshirilishi belgilandi.

Davra suhbatida ko‘tarilgan dolzarb masalalar yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar va xulosalardan kelib chiqqan holda tadbir ishtirokchilari tomonidan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

  • Ko'rildi
    80
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+