Iqlim muammolari – barqaror rivojlanish yo‘lida eng asosiy tahdid

04.12.2023, 09:40

Iqlim muammolari – barqaror rivojlanish yo‘lida eng asosiy tahdid

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha yillik konferensiyasida ishtirokchi davlatlar global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq qarorlar qabul qilish va strategiyalarni ishlab chiqish maqsadida uchrashadi. Ilk konferensiya 1995 yilda Berlinda o‘tkazilgan.

30 noyabr – 12 dekabr kunlari Dubay shahrida BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP28) bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda 70 mingdan ortiq delegatlar ishtirok etishmoqda. Anjumanda hukumatlar global harorat ko‘tarilishini cheklash, unga moslashish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha siyosiy va iqtisodiy chora-tadbirlarlarni kelishib olish ko‘zda tutilgan. Konferensiyaning asosiy maqsadi Parij kelishuvi maqsadlariga erishishdagi taraqqiyot yo‘lini tahlil qilishdan iborat. Sammit ishtirokchilari so‘nggi sakkiz yil davomida qo‘lga kiritilgan yutuqlarni baholab, kelgusidagi harakatlar rejasini belgilab oladi.

Oliy darajadagi sessiya konferensiyaning eng muhim voqeasi bo‘ldi. Dubayda 140 dan ortiq davlat prezidentlari yig‘ildi. 1-2 dekabr kunlari davlat va hukumat rahbarlari o‘z mamlakatlarining iqlim inqirozi bo‘yicha pozitsiyalariga oid bayonotlar bilan chiqdi.

Mutaxassislarning fikricha, sammitning dastlabki kunlarida qator yutuqlarga erishildi. Delegatlar zaif mamlakatlarga iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq yo‘qotishlarni qoplashga yordam beradigan maxsus jamg‘armani ishga tushirishga kelishib oldi. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash borasida ilg‘or tajribaga ega rivojlanayotgan davlatlar qurg‘oqchilik, suv toshqini va dengiz sathining ko‘tarilishi kabi tabiat hodisalari oqibatlarini bartaraf etishda yordam berish uchun shu kabi jamg‘arma tashkil etish taklifini ilgari surgan. Xususan, 2022 yilda Sharm Al-Shayxda (Misr) bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (COP27) ishtirokchilarining 27-konferensiyasi davomida – BMT shafeligida bir necha yillik qizg‘in muzokaralardan so‘ng rivojlangan davlatlar jamg‘arma tashkil etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.

COP28 sammiti prezidenti Sulton Ahmad al-Jobir Birlashgan Arab Amirliklari jamg‘armaga 100 million dollar ajratishini ma’lum qildi. Xabarlarga ko‘ra, Germaniya ham 100 million dollar ajratishni va’da qilgan. Amerika Qo‘shma Shtatlari va Yaponiya ham jamg‘armaga hissa qo‘shishini e’lon qildi. O’z navbatida, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish konferensiya ochilishida sayyoramizning eng zaif aholi qatlamlari uchun “iqlim adolati”ni ta’minlashning muhim vositasi bo‘lmish “Yo‘qotish va zararlar” jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha qabul qilingan qarorni olqishladi.

Ekspertlarning fikriga ko‘ra, bu yo‘nalishdagi jamoaviy sa’y-harakatlarning ahamiyati shundan dalolat beradiki, sayyoramizning zararli chiqindilar oqibatlarini bartaraf etish qobiliyati tugashiga taxminan olti yil qoldi. 2015 yilda Parijda o‘tkazilgan iqlim konferensiyasini eng muvaffaqiyatli anjuman deb hisoblash mumkin. Unda dunyo rahbarlari “global isish chegarasi”ni belgilagan. Ular global haroratning sanoatdan oldingi davrga nisbatan 1,5 darajadan ortiq ko‘tarilishini oldini olishni maqsad qilib qo‘ygan. Agar xalqaro hamjamiyat iqlim yo‘nalishini o‘zgartirmasa, sayyoramiz harorati shu asr oxiriga borib Selsiy bo‘yicha 3 darajaga ko‘tarilishi mumkin.

19 asrning oxiridan boshlab Yerdagi o‘rtacha harorat 1,1°C ga ko‘tarildi. Buning oqibatlari allaqachon halokatli deb baholanmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, qazib olinadigan yoqilg‘ilarni yoqish, shuningdek, energiya va yer resurslaridan oqilona foydalanmaslik global isishga sabab bo‘lmoqda hamda qurg‘oqchilik kuchayishiga, bo‘ronlar, toshqinlar, hayvonlar ko‘chishi va turlarining yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelmoqda. Masalan, haroratning 1,5 darajaga ko‘tarilishi bilan sayyoramiz marjon riflarining 70-90 foizini yo‘qotadi (ular allaqachon nobud bo‘lmoqda). Agar Yer 2 darajaga qizisa, riflarning 99 foizi yo‘qoladi. Bu esa minglab hayvonlar turlarining yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi.

Mutaxassislar Dubay sammitida davlatlar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash borasida nafaqat qanday choralar ko‘rishini, balki ularni qanday aniq amalga oshirish borasida ham kelishib olishishini kutmoqda. Biroq, afsuski, energetika sohasida “yashil” taraqqiyotga erishish yo‘lida qator to‘siqlar mavjud.

Bu borada Shavkat Mirziyoyevning Dubayda bo‘lib o‘tgan Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasidagi (SOP28) nutqi alohida ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari iqlim muammolari barqaror rivojlanish yo‘lida eng asosiy tahdidga aylanib ulgurganini ta’kidladi. Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari Orol fojiasi tufayli Markaziy Osiyoda ayniqsa jiddiy sezilmoqda. Prezident “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va uglerod neytralligiga erishish Yangi O’zbekistonning ustuvor strategik vazifasi ekanini qayd etdi.

Sammit mavzusi O’zbekiston uchun dolzarbdir. Masalan, Markaziy Osiyoda havo haroratining oshishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p, so‘nggi yillarda favqulodda issiq kunlar soni 2 marta ortdi, muzliklar maydonining uchdan bir qismi erib yo‘qoldi. Tuproq yemirilishi, muntazam chang va qum bo‘ronlari, ichimlik suvi taqchilligi, havo iflaslanishi, bioxilma-xillik qisqarishi, hosildorlikning keskin pasayishi va ko‘plab boshqa muammolar mintaqada istiqomat qilayotgan millionlab odamlarning turmushi sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

O’zbekiston yetakchisi qator takliflarni ilgari surdi. Jumladan, Prezidentimiz Parij shartnomasi doirasida Iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasidagi Global hadli mexanizmni tezroq kelishishga chaqirdi.

Davlatimiz rahbari kecha “Yo‘qotish va zararlar” global jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha qabul qilingan qarorni yuksak baholadi. Ushbu mexanizmlar Jahon banki va xalqaro moliya institutlari tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishi, eng avvalo, iqlim o‘zgarishidan katta aziyat chekayotgan mamlakatlarga salmoqli yordam beradi.

Shavkat Mirziyoyev global miqyosda kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish adolatli, shaffof va inklyuziv bo‘lishi zarurligi, bunda rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlari albatta inobatga olinishi juda muhimligini qayd etdi. Bu dolzarb muammoni muntazam ravishda, shu jumladan “Katta yettilik” va “Katta yigirmalik” formatlari kun tartiblarida ko‘rib chiqib borishni taklif qildi. Orolbo‘yi hududini Innovatsiyalar, texnologiyalar va yangi imkoniyatlar mintaqasiga aylantirish uchun davlatimiz rahbari bu yerda ilg‘or bilim, tajriba va yechimlarni qo‘llash maqsadida Iqlim texnologiyalari xalqaro ekspo-xabini yaratishda barchani yaqin hamkorlikka taklif etdi.

So‘zining yakunida, O’zbekiston iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha umumbashariy g‘oyalarga doimo sodiqdiligini tasdiqlab, davlatimiz rahbari kelgusi yili Samarqand xalqaro iqlim forumini o‘tkazish va Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy yondashuvlari o‘z ifodasini topgan BMT Bosh Assambleyasining alohida rezolyutsiyasini qabul qilishni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Aktam XAITOV,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    64
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+