Raqamlashtirish – korrupsiyaga qarshi kurashda muhim omil!

21.12.2023, 18:05

Raqamlashtirish – korrupsiyaga qarshi kurashda muhim omil!

Joriy yilning 20 dekabr kuni Przident Shavkat Mirziyoyev raisligida IT infratuzilmasini yaxshilash, soha va tarmoqlarni raqamlashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu yig‘ilishning muhim jihati shundaki, bir kun oldin mamlakatimizda BMTning Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasi talablarini hayotga tadbiq etishga xizmat qiluvchi, 2016 yilda ilk bor ta’sis etilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot” bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tgandan so‘ng tashkil etildi. Ushbu tadbirda davlatimiz rahbari muhim fikr va tashabbuslarni bildirdilar. Jumladan, ta’kidlandiki, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiya ishlab chiqiladi va unda davlat idoralari faoliyatining yanada shaffofligini ta’minlash va hisobdorligini oshirish, ochiq ma’lumotlar tizimini takomillashtirish, sohaning huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlarini mustahkamlashga alohida urg‘u beriladi.

Nufuzli xalqaro tashkilotlar ishtirokida katta muvaffaqiyat bilan tashkil etilgan tadbir bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan, IT sohasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ham aynan ushbu soha korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim omil bo‘lishligi ta’kidlandi. Unda jahon iqtisodiyoti shiddat bilan o‘zgarib borayotgan sharoitda hech bir sohani raqamli texnologiyalarisiz tasavvur qilib bo‘lmasligi, “Raqamlashtirishdan bosh tortayotgan rahbar – korrupsiyani yo‘q qilishga intilmagan rahbar” ekanligi aytildi.

IT sohasini rivojlantirish bo‘yicha mamlakatimizda salmoqli ishlar amalga oshirilayotganligini e’tirof etib, ta’kidlash bilan birga, sohani yanada rivojlantirib, xalqaro darajaga olib chiqish bo‘yicha qilinadigan ishlar hali juda ko‘pligi qayd etildi.

2024 yildan boshlab hududlarda IT xizmatlarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratilishi e’lon qilindi. Jumladan, quyidagilarni amalga oshirish belgilandi:

- IT kompaniyalari hududlardagi bo‘sh turgan binolarga bir yil muddatga bepul joylashtiriladi;

- iqtidorli dasturchilarga bir yil ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan kompyuter va texnikalar beriladi;

- 50 dan ortiq IT mutaxassisini ishli qilgan kompaniyalarning bir yil davomidagi ish haqi xarajatini 15 foizgacha qismi qoplab beriladi;

- eksportchi korxonalarga chetdan ekspert jalb qilish, xalqaro konferensiyalarda qatnashish xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi. Bu maqsadlarga erishish uchun esa kelgusi yilda 65 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan IT parkni xalqaro miqyosga olib chiqish uchun kelgusi yilda Germaniya va Saudiya Arabistonida uning sho‘‘ba korxonalarini ochishilishi belgilandi.

Umuman olganda, ushbu muhim yig‘ilishda iqtisodiyotimizning barcha sohalarini raqamlashtirish bo‘yicha qator dolzarb vazifalar belgilab berish bilan birga, barcha vazirlik va idoralar uchun raqamlashtirish hayot-momot masalasi bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.

Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, raqamlashtirish - mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish borasida qanchalik muhim bo‘lsa, korrupsiyaga qarshi kurashishda ham o‘ta muhimdir.

 Shuxrat Sharafutdinov,
 Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati
 va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi

 

 

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    247
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+