Yerlardan samarali foydalanish imkoni yaratilmoqda

13.03.2024, 21:50

Yerlardan samarali foydalanish imkoni yaratilmoqda

Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai bo‘lgan dehqon va tomorqa xo‘jaliklari yerlaridan samarali foydalanish, ekin ekish ishlarini tizimli tashkil qilish hamda eksportbop mahsulot yetishtirish hajmlarini ko‘paytirish bugunning eng dolzarb vazifasi bo‘lib turibdi.   

Dehqon xo‘jaliklari yer maydonlari va aholi tomorqalarida mahsulot yetishtirishga har tomonlama ko‘maklashish maqsadida joriy yilning 5 mart kuni Prezidentimizning “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.

  Bugungi kunda dunyo bozorlarida sotilayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarining sifatiga alohida eʼtibor qaratilayapti. Shuning uchun jahon standartlariga mos, eksportbop mahsulotlar yetishtirish talabi kun tartibiga qo‘yilmoqda. Buni hisobga olgan holda dala mehnatchilarining sifatli, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa sanaladi. Mamlakatimizdagi yer egalarini sifatli hamda serdaromad qishloq xo‘jalik mahsulotlari ekish, yetishtirish va saqlash borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida 54 tumanda namunaviy o‘quv-tajriba maydonlari tashkil etiladi. Hududlarning tuproq-iqlim sharoiti hamda suv taʼminotidan kelib chiqib, ayrim tumanlar eksportbop va serdaromad ekinlar ekish uchun kichik ishlab chiqarish va mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtiriladi. 

Mamlakat bozorlarida mahsulotlar narxi barqarorligini taʼminlash zamonaviy sovutkichlarning o‘rni beqiyos. Ochig‘i, hozirgacha ayrim viloyatlarda sovutkichlar yetarli bo‘lmaganligi sababli baʼzan bozorlardagi narxlarni oshib ketish holati sodir bo‘lmoqda. 2024 yilda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 51 ta tumanda meva-sabzavotlarni shok usulida muzlatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshirilishi ana shu muammoni bartaraf etishga yaqindan yordam beradi. Endilikda ishlab chiqarish va mahsulot yetishtirish bilan bog‘liq loyihalarga 100 million so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratiladigan bo‘ldi.

Prezidentimizning 2018 yil 26 apreldagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan fermerlar, dehqon xo‘jaliklari rahbarlari va tomorqa yer egalari, “Tomorqa xizmati” MCHJ va boshqa qishloq xo‘jalik ishlab chiqaruvchilarini qishloq xo‘jalik texnikasi, texnologiyalari va asbob-uskunalar bilan taʼminlash bo‘yicha lizing faoliyatini amalga oshirish huquqi berilgan edi. Bundan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqarolar muzlatgichli omborxona, tayyor holda issiqxona, qadoqlash, quritish va qayta ishlash sexlarini 12 oyga bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga olishlari mumkin. Bu borada mazkur jamg‘arma ularga ko‘makchi bo‘ladi. Qishloq joylarida minglab oilaviy tadbirkorlar tomonidan biogumus tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, ular bandligi taʼminlangan    shaxslar ro‘yxatiga kiritilmas edi. Endilikda qishloq odami biogumus tayyorlash orqali o‘zini-o‘zi ish bilan taʼminlay oladi. 

Zamon o‘zgardi, texnika kun sayin rivojlanib bormoqda. Ilgarilari dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga yerni ag‘darish va jo‘yak olish, ekinlarga ishlov berish uchun mashaqqatli mehnat qilishga majbur edi. Chunki kichik yer maydonlariga haydov traktorlari kira olmasdi. Endi bo‘lsa  minitraktorlar ularning eng yaqin yordamchilari. Qarorga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvargacha motokultivatorlar (TIF TN kodi - 8432 29 100 0), bir o‘qli traktorlar (TIF TN kodi - 8701 10000 0) va minitraktorlarni (TIF TN kodi - 8701 91 100 0 - 8701 94 100) olib kirishda bojxona boji olinmaydigan bo‘ldi. Bu imtiyoz dehqon xo‘jaligi rahbari va tomorqa yer egasiga minitraktorni arzon narxda xarid qilish imkonini beradi.

Har olti oyda “Online-mahalla” platformasining “Aholi tomorqasi” moduliga tomorqa yer egalari tomonidan yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xonadonda mavjud issiqxonalar hamda tomorqadan samarali foydalanish to‘g‘risidagi maʼlumotlar kiritilib, bu borada erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil etib boriladi.  

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining resurslari hisobidan ajratiladigan kreditlar yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada beriladi. Chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki), baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik, kurkachilik va parrandachilik, biogumus ishlab chiqarish va “dala do‘konlari”ni qurish uchun – 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga moliyaviy ko‘mak ajratiladi. Bog‘dorchilik (ko‘chatchilik), uzumchilik (tok so‘risi) va limonchilikni tashkil etish, issiqxona qurish, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarini xarid qilish hamda ularni joylashtirish uchun bino va inshootlar qurish, ko‘chma muzlatkichlarni o‘rnatish, artezian quduqlarini qazish uchun – 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga beriladigan bo‘ldi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, tayyorlov, qayta ishlash va eksport qiluvchi korxonalarni jalb etgan holda yetishtirilgan mahsulotni xarid qilish, uni qayta ishlash, saqlash, ichki va tashqi bozorlarga yo‘naltirish borasida yangi-yangi loyihalarni amaliyotga tatbiq etish borasida chora-tadbirlar rejasini  ishlab chiqayapmiz.

Muxtasar qilib aytganda, ushbu qaror mamlakatimizda meva-sabzavot yetishtirish va eksport qilish, qishloq xo‘jaligida kichik ishlab chiqaruvchilarni yana-da qo‘llab-quvvatlash, ekin yerlaridan samarali foydalanish samaradorligini oshirish asnosida yer egalarining daromadlarini ko‘paytirish orqali turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Aktam XAITOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi,

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa

yer egalari kengashi raisi

  • Ko'rildi
    60
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+