Xalqaro investisiya forumi amaliy hamkorlikni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqadi

03.05.2024, 09:34

Xalqaro investisiya forumi amaliy hamkorlikni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqadi

Mamlakatimizda 2-3 may kunlari Toshkent xalqaro investisiya forumi bo‘lib o‘tmoqda. Xalqaro kongress markazida Forum yalpi majlisi ochilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan uch yil damomida mazkur forum ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish, eng dolzarb muammolarni muhokama qilish, ilg‘or g‘oya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun samarali muloqot maydoniga aylandi.

Bugungi tadbirda 93 ta davlatdan 2 500 dan ortiq xorijiy mehmonlar kelgani ham forumning ahamiyati tobora ortib borayotganidan yaqqol tasdiqlaydi. Bu o‘z navbatida, mamlakatimizda ortga qaytmaydigan tus olgan islohotlarga, o‘zaro manfaatli hamkorlikning yo‘lga qo‘yishga bo‘lgan ulkan qiziqishdan dalolat beradi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida mamlakatimizda investisiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, bu yo‘ldagi to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish uchun qat’iy qadamlar tashlanganini qayd etdi. Har bir sarmoyador o‘zini erkin va ishonchli his qilishi uchun keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, oxirgi yillarda mamlakatimizda 60 milliard dollardan ziyod xorijiy investisiyalar o‘zlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablag‘lari ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi.

O‘tgan yilning o‘zida xorijiy investisiyalar hajmi qariyb ikki barobar ko‘paydi. Energetika,  tog‘-kon va metallurgiyada, avtomobilsozlik va elektrotexnika, qurilish sohasida dunyoning yetakchi kompaniyalari hamda yirik brendlari bilan 300 dan ortiq investisiya va sanoat loyihalari ishga tushirilgani va yuz minglab yangi ish o‘rinlari yaratilgani katta mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

Prezidentimiz mamlakatimizda tadbirkorlik va biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator aniq choralar ishlab chiqilganligiga alohida urg‘u berib o‘tdilar. Endilikda xorijiy sarmoyadorlar aksiyalardan olinayotgan dividendlar bo‘yicha soliqlardan uch yil muddatga ozod etiladi.

Yaqinda xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. 250 ta yirik korxonaning davlat ulushini va salkam 1000 ta ko‘chmas mulk ob’yektlarini sotish, 12 ta korxona aksiyalarini fond bozorlarida birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) uchun yangi dastur ham ishga tushirildi.

Tadbirkorlar barqarorligi reytingi joriy etildi. Yuqori reytingga ega tadbirkorlik sub’yektlari uchun soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi. Shuningdek, energetika yo‘nalishidagi davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tajribasini ijtimoiy va boshqa infratuzilma sohalarida ham keng tatbiq etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari tadbirkorlarga yer ajratishning zamonaviy shaffof tamoyillari – ya’ni, auksion savdo tizimi yo‘lga qo‘yildi. Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish doirasida qonunchilikni uyg‘unlashtirishga qaratilgan 60 dan ortiq normativ hujjatlar qabul qilindi.

Yana bir muhim masala, davlat bozor munosabatlarini rivojlantirishni, investorlar huquqlari ishonchli himoya qilinishini, qulay investisiya va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishni, halol raqobat uchun yanada keng shart-sharoitlar yaratishni, xususiy mulk daxlsizligi va sud tizimining mustaqilligi ta’minlanishini o‘z zimmasiga oldi. Bu tamoyillar o‘tgan yili umumxalq referendumida qabul qilingan yangi Konstitutsiyamizda qat’iy muhrlab qo‘yilganini alohida e’tirof etish o‘rinlidir.

Davlatimiz rahbari forumda sarmoyadorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish maqsadida qator aniq takliflarni bildirar ekan, yangi tahrirdagi “Investisiyalar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi, tez orada mamlakatimizda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi huzurida Xalqaro tijorat sudi ish boshlashi, sanoat zonalarini boshqarishda xususiy operatorlar, jumladan, yuqori malakali xorijiy kompaniyalarni faol jalb qilish amaliyoti kengaytirilishi, eng muhimi maxsus iqtisodiy zonalar faoliyat muddatlari bo‘yicha cheklovlar ham bekor qilinishi ta’kidladi.

Ayniqsa, xorijiy sarmoyadorlar uchun yerlarni ijaraga berish muddati 25 yildan 49 yilgacha, ya’ni, ikki barobar uzaytirilishi, bunda, qonunlar bilan kafolatlangan amaldagi imtiyoz va preferensiyalar to‘liq saqlab qolinishi ham investorlarimizni davlatimizga bo‘lgan ishonchini yanada orttiradi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, investisiya sohasini yanada rivojlantirish partiyamiz g‘oya va maqsadlaridan biri bo‘lib, partiyamiz va fraksiyamiz ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarda faol ishtirokchisi bo‘ldi. Yangi tahrirdagi “Investisiyalar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishida ham partiya va fraksiyamizning munosib faolligi bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari forumda iqtisodiyotda chuqur transformatsiya jarayonlari, qulay investisiya va biznes muhiti hamda sanoatda yuqori qo‘shilgan qiymatni yaratish izchil davom ettirilishini ta’kidlab, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha beshta muhim ustuvor yo‘nalishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, “yashil” energetika, bank-moliya sohasi, foydali qazilmalar, mamlakatning IT transformatsiyasi hamda transport infratuzilmasini rivojlantirish kabi masalalarga e’tibor qaratildi.

Partiyamiz, davlatimiz rahbari qayd etgan, beshta ustuvor yo‘nalishdagi vazifalarni amalga oshirish borasida ham faol ish olib boradi. Bu borada o‘ning uzoq muddatli aniq chora-tadbirlar rejasini belgilab oladi.

Umuman olganda, xalqaro investisiya forumi va sermahsul muzokaralar amaliy hamkorlikni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqadi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    51
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+