Ipakchilik sohasida bozor mexanizmlari joriy etilishi pillachilik istiqboli uchun xizmat qiladi

18.05.2024, 13:24

Ipakchilik sohasida bozor mexanizmlari joriy etilishi pillachilik istiqboli uchun xizmat qiladi

Yer yuzining har qanday burchagida qiyosi topilmaydigan atlas, adras matolari rango-rang jilosi bilan kishini maftun etadi.  Bu mahsulotlar jahon bozoridan o‘z o‘rnini topdi. Chunki, xalqimizning nafaqat zamonaviy taraqqiyoti, balki qadim o‘tmishidan so‘zlaguvchi bejirim bu kabi matolarimizga so‘nggi yillarda xorijliklarda ham qiziqish ortib, dunyoning mashhur dizaynerlari tomonidan yaratilayotgan liboslar kolleksiyalaridan munosib joy egallamoqda. Bu borada keyingi yillarda Prezidentimizning o‘ndan ortiq farmon va qarorlari o‘zbek milliy ipak mahsulotlarining jahon bozorlariga chiqishi va sohada ishlab chiqarish hajmining bir necha barobarga ortishiga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, ipak qurti parvarishi jarayonida minglab xotin-qizlarning bandligini ta’minlanyapti, mehnat stajiga ega bo‘lib, nafaqaga chiqishlari uchun yana bir imkoniyat paydo bo‘lmoqda.    

Ta’kidlash kerakki, Yangi O’zbekistonimizda ipakchilik sohasini yanada rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimizning iqlim sharoiti va mavjud salohiyati qishloq xo‘jaligining har bir tarmog‘i kabi pillachilikni ham yanada rivojlantirishda muhim omildir. Yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, qishloq joylarda aholi bandligini ta’minlash, tarmoqning eksport salohiyatini oshirish, jahon bozorida ipak mahsulotlarimizning salmog‘ini ko‘paytirish va ularning raqobatbardoshligini oshirish uchun davlatimiz rahbari tomonidan bir qancha amaliy ishlar amalga oshirildi.

Prezidentimizning joriy yil 3 maydagi “Pilla yetishtirish va ipakchilik sohasida bozor mexanizmlarini joriy qilishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni pillakorlarimizga yana bir bor katta rag‘bat bo‘ldi. Farmongaga asosan ipakchilik sohasida bozor mexanizmlari joriy etiladi. Keyingi to‘rt yil mobaynida  tutzorlar 160 ming gektarga, dala chetlaridagi yakka qator ekilgan tut daraxtlari soni 500 milliontaga yetkaziladi. Shu yildan ipak qurti urug‘iga bo‘lgan ehtiyojni mahalliylashtirish darajasi 80 foizdan oshadi. Ishlab chiqariladigan xom ipak sifati 5a klassga hamda uni qayta ishlash darajasi 75 foizga yetkaziladi. Mazkur Farmonda ko‘ra 105 ming gektar yer maydoni “E-auksion” elektron savdo platformasiga ijaraga berish uchun aniqlangan boshlang‘ich bahosining 10 foizi miqdoridagi narx bilan joylashtiriladi.

Shuningdek, mazkur Farmonda pillachilik sohasida kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash hamda pilla yetishtirish uchun ozuqa bazasini yanada kengaytirish, mamlakatimizda ipak qurtini parvarish qilishda kasanachilikni yanada rivojlantirish, yangi tutzorlarni barpo etish orqali pillachilik va tutchilik yo‘nalishidagi klasterlar va fermer xo‘jaliklari hamda pilla yetishtirishga ixtisoslashgan uy xo‘jaliklari tashkil etish, shuningdek, pilla xom ashyosi yetishtirishning ozuqa bazasini yanada kengaytirish maqsadida ipak qurtini parvarishlash, yetishtirilgan pilla xom ashyosini xarid qilish, qayta ishlash, tayyor mahsulotni ichki bozorga yo‘naltirish va eksport qilish borasida ham qator vazifalar ko‘zda tutilgan.

Farmonda keltirilgan barcha imkoniyat va imtiyozlarni pillakorlarimiz orasiga targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib boryapmiz.

Shu kunlarda barcha hududlarda bo‘lgani kabi Namanganda ham pilla yetishtirish bo‘yicha ishlar qizg‘in pallasiga kirgan. Joylarda pillakorlar bilan muloqotda bo‘lyapmiz, fermer xo‘jaliklari va xonadonlarda ipak qurtini parvarishlash jarayonlarini ko‘zdan kechirib, zaruriy tavsiya va ko‘rsatmalarni beryapmiz. 

Ipak qurti boqish juda katta, mehnat hamda mas’uliyat talab qilishi bois, uni parvarishlashga ko‘p qo‘l kuchi kerak bo‘ladi. Bu ko‘proq opa-singillarimizni ish bilan ta’minlashda qo‘l keladi. Bugungi kunda Namangan viloyatida 39 102  quti ipak qurti parvarishi bilan 32 303 nafar oilaviy zvenolar shug‘ullanmoqdalar.  2 515 tonnadan ziyod pilla xom ashyosi yetishtirish rejalashtirilgan. Viloyatning Chust, Pop va Kosonsoy tumanlari pillakorlari allaqachon pilla terib, davlatga topshirishni boshlab yuborishdi. Pillakorlarning ta’kidlashicha, bu yilgi hosil har qachongidan ham mo‘l bo‘lgan. Davlat shartnomasi ortig‘i bilan bajariladi.

Muloqot chog‘ida pillakorlar tomonidan tarmoqqa innovatsion texnika va texnologiyalarni joriy etish, yangi tut plantatsiyalarini barpo etish, ipak qurti boqishga mo‘ljallangan zamonaviy inshoatlarni qurish va mavjudlari faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish, pillakorlarni rag‘batlantirish, pilla boqish uchun sharoit yaratish, tarmoqni innovatsion texnologiyalar asosida jadal rivojlantirish, klaster usulidagi tashkiliy-texnologik tizimni yaratish va mahsulot ishlab chiqarish jarayonlariga ilg‘or usullarni joriy etish orqali tarmoqning jozibadorligini yanada oshirish  borasida amaliy takliflar bildirildi. Tunu kun bedor bo‘lib, ipak qurti parvarishi bilan mashg‘ul bo‘lgan zahmatkash pillachilik zvenosi a’zolari mamlakatimiz rahbariyati tomonidan keyingi yillarda pillakorlarga yaratib berilayotgan  imtiyozlardan mamnun ekanliklarini bildirishdi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, tumanda tut ko‘chatlari yetishtirish, tutzorlarni barpo qilish, ipak qurtini parvarishlash, pilla xom ashyosini tayyorlash bilan shug‘ullanadigan pillachilik va tutchilik yo‘nalishidagi yangi fermer xo‘jaliklari tashkil etishga alohida e’tibor qaratilayotir. Pillachilik uy xo‘jaliklariga biriktirilgan yer maydonining tut qatorlari orasiga pillakorlar sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul, ko‘katlar va dorivor o‘simliklar, makkajo‘xori doni, dukkakli va moyli ekinlarni ekishib, ro‘zg‘orlariga baraka kiritishayapti.

Muxtasar qilib aytganda, mazkur Farmonga ko‘ra ipakchilik sohasida bozor mexanizmlari joriy etilishi pillachilik istiqboli, xotin-qizlarnig bandligi va farovonligini oshirishga xizmat qiladi.  

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    49
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+