Keng qamrovli hamkorlik darajasiga erishish yo‘lida

20.05.2024, 11:52

Keng qamrovli hamkorlik darajasiga erishish yo‘lida

Malayziya Malay yarim orolida (Hind-xitoy  yarim orolining janubiy qismi) hamda Malay arxipelagining unga tutash orollarida, Tinch va Hind okeanlari kesishgan joyda joylashgan. Bu hudud “Malay olami”ning bir qismi hisoblanadi. Ushbu mamlakat qadimdan ishbilarmonlik almashinuvi va diniy aloqalar markazi bo‘lib kelgan. Mamlakat «Malayziya Madani» konsepsiyasi asosida rivojlanishda davom etmoqda. Anvar Ibrohim Bosh vazir etib tayinlangandan so‘ng, 2023 yil yanvar oyida Putrajaya shahrida «Malayziya Madani» konsepsiyasi milliy siyosat sifatida joriy qilingan.

Malayziya – nafaqat Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasida, balki jahon miqyosida katta salohiyatga ega bo‘lgan, jadal o‘sib borayotgan davlatdir. Bugungi kunda Malayziya Sharqqa nazar siyosati doirasida horijiy mamlakatlar bilan munosabatlarini ko‘proq iqtisodiy diplomatiya tamoyillari asosida rivojlantirmoqda. Malayziya islom davlati sifatida, tashkil topganidan buyon mintaqada tinchlik jarayonini ilgari surgan holda, islom olami bilan munosabatlarini mustahkamlashga intilmoqda. Shuningdek, Malayziya muayyan islom mamlakatlari bilan iqtisodiy hamkorlikni ham faol rivojlantirmoqda. Bundan tashqari, Malayziya islom moliya tizimini rivojlantirish va takomillashtirish, islom mamlakatlari bilan hamkorlikni kuchaytirishni davom ettirmoqda hamda dunyo islom moliya markazlaridan biri bo‘lishga intilmoqda.

Malayziya tashqi siyosiy strategiyasida Markaziy Osiyo, xususan O’zbekiston alohida o‘rin egallaydi. Ta’kidlash joizki, ezgu niyat va hamkorlikka bo‘lgan kuchli istak, umumiy  intilish va yirik loyihalarga ega mamlakatlarni besh ming kilometrdan ortiq masofa ajrata olmaydi. Shunday qilib, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim 17 may kuni rasmiy tashrif bilan yurtimizga keldi. Uchrashuv avvalida Malayziya Hukumati rahbari Prezidentimizga Malayziya Podshohi Sulton Ibrohimning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazib, delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan iliq va samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik bildirdi. Muzokaralarda O’zbekiston bilan Malayziya o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O’zbekiston Prezidenti so‘nggi 16 yilda ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi davr ochayotganini ta’kidladi.

“Mamlakatingiz bilan aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish asosiy maqsadimiz hisoblanadi”, - deb ta’kidladi O’zbekiston Prezidenti.

Muzokaralarda siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, gumanitar va ta’lim dasturlarini amalga oshirish, turizm va madaniy almashinuvni faollashtirish masalalari muhimligi qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida amaliy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xususan, o‘tgan yil yakuni bo‘yicha tovar ayirboshlash hajmi ikki baravardan ziyodga o‘sdi, qo‘shma korxonalar soni ortib bormoqda, Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasidagi aviareyslar ko‘paymoqda.

O’zaro savdo hajmining kelgusida ham o‘sishini ta’minlash va ko‘rsatkichlarini muvozanatlashtirish, yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Qishloq xo‘jaligida, jumladan, suvni tejash texnologiyalarini joriy etish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, "Halol" standartlari bo‘yicha sertifikatlashtirish masalalari bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Axborot texnologiyalari, kambag‘allikni qisqartirish va transport bog‘liqligini kengaytirish sohasidagi sheriklik masalalari muhokama qilindi.

Kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, energetika, islom moliyasi, ekologiya, sun’iy intellekt, turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish, sog‘liqni saqlash sohasida ilmiy-amaliy aloqalarni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.

Malayziyalik sayyohlarning O’zbekistonga oqimi tez sur’atlarda o‘sib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Ziyorat turizmi bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, shu jumladan “Umra plyus” loyihasini ilgari surish hamda yoshlarimiz o‘rtasida muloqotni mustahkamlash choralari muhokama qilindi.

Yetakchilar Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari hamda Afg‘oniston masalasi yuzasidan ham fikr almashdilar. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Qo‘shilmaslik harakati doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Ishonchli, ochiq va do‘stona muhitda o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va Malayziya Bosh vaziri Ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Umuman olganda, O’zbekiston va  Malayziya muzokaralari natijalari investitsiyaviy sheriklikni kengaytirishga, innovatsiyalar, sanoat, “yashil” energetika, neft-kimyo, elektr texnikasi va elektronika, farmatsevtika va boshqa sohalarda yetakchi kompaniyalar kooperatsiyasi yo‘nalishlarida ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi, deb hisoblaymiz. Malayziya Bosh vazirining mazkur tarixiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochishi va ularning rivojlanishiga kuchli sur’at bag‘ishlaydi.

Aktam XAITOV,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    57
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+