Erishilgan kelishuvlar ishonchli hamjihatlikni kafolatlaydi

29.05.2024, 11:30

Erishilgan kelishuvlar ishonchli  hamjihatlikni kafolatlaydi

O‘zbekiston uchun Rossiya, xuddi Rossiya uchun O‘zbekiston singari tashqi iqtisodiy aloqalar tizimida ikki va ko‘p tomonlama munosabatlar bo‘yicha muhim o‘rin tutadi. Bir tomondan mamlakatlar bir-biri uchun muhim iqtisodiy sheriklar bo‘lsa, boshqa tomondan O‘zbekiston va Rossiyani ko‘plab  tarixiy, ijtimoiy, gumanitar, madaniy va boshqa aloqalar birlashtirib turadi.

Ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan iliq va do‘stona munosabatlar turli ko‘rinishdagi muntazam aloqalar va telefon so‘zlashuvlari bilan qo‘llab-quvvatlanib, siyosiy muloqotni faollashtirish va barcha sohada hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Keyingi yillarda ikki davlat Prezidentlarining siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlab amalga oshirayotgan oqilona siyosati natijasida ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch to‘g‘ri tashkil etilgani bois tizimli chora-tadbirlar samarasi bugun erishilayotgan yuksak natijalarda namoyon bo‘lmoqda.

Rasmiy Toshkent va Moskva o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekiston Rossiyaning MDH mamlakatlari bilan tovar aylanmasida ijobiy dinamika bilan taxminan to‘rtinchi o‘rinni egallaydi va Rossiya Federatsiyasi ham O‘zbekistonning yirik savdo hamkorlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Agar raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, birgina 2023 yilda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo aylanmasi 5,4 foizgacha oshib, qariyb 10 mlrd. dollarga yetdi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi 7 yilda 2,5 baravar oshgan bo‘lsa, yaqin istiqbolda savdo hajmini 30 mlrd. dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasiga eksport qiladigan asosiy tovarlariga to‘qimachilik buyumlari, paxta, oziq-ovqat mahsulotlari, kimyo sanoati mahsulotlari kiradi. Rossiya mamlakatimizga metall va ulardan tayyorlangan buyumlar, neft va neft mahsulotlari, tabiiy gaz, mashina va uskunalar, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi xomashyosi, yog‘och va syellyuloz-qog‘oz mahsulotlari, kimyo sanoati mahsulotlarini yetkazib beradi.

Neft-gaz sohasi — uglevodorodlarni qidirish, qazib olish, tashish va qayta ishlash ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari hisoblanadi. Masalan, 2017 yilda “Gazprom” va “O‘zbekneftgaz” kompaniyalari o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolangan. Ushbu hujjatda O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirishda tomonlarning o‘zaro hamkorlik qilishi ko‘zda tutilgan.

2023 yil oktyabr oyida esa O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya rahbarlari uchrashuvida mamlakatimizga kuniga 32 mln. kub metrgacha gaz yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan yilda “Kaztransoyl” kompaniyasi yurtimizga 154,3 ming tonna Rossiya neftini yetkazib berdi. Joriy yilda ushbu neftning tranzit hajmi oshishi kutilmoqda.

Aytish joizki, ikki mamlakat hududlari o‘rtasida 100 ga yaqin savdo-iqtisodiy shartnomalar amal qiladi. O‘zbekiston hududlari, asosan, Tatariston, Boshqirdiston, Moskva, Sankt-Peterburg, shuningdek, Ivanovo, Samara, Chelyabinsk va boshqa viloyatlar bilan faol iqtisodiy aloqalarni olib bormoqda. Bu boradagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida 2018 yildan buyon Hududlararo hamkorlik forumi o‘tkazib kelinadi.

Ikki xalqning tarixiy aloqalari va madaniy o‘zaro bog‘liqligi sayyohlik almashinuvining oshishida muhim ahamiyat kasb etyapti. Xususan, 2023 yilda O‘zbekistonga 750 mingdan ortiq rossiyalik sayyohlar tashrif buyurgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan to‘rt oyida bu ko‘rsatkich 130 mingdan oshdi.

Madaniyat va san’at namoyandalarining o‘zaro tashriflari ham faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. O‘zbekiston va Rossiya teatrlarining ijodiy safarlari, ikki mamlakatning madaniyat kunlari birgalikda tashkil etilmoqda.

Ikki mamlakat munosabatlari haqida gap ketganda, parlamentlararo aloqalar ham izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidlash joiz. Bu parlamentlar vakillarining tashriflari orqali mustahkamlanmoqda. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Federal Majlisning Davlat dumasi bilan hamkorlik bo‘yicha tuzilgan parlamentlararo guruh ikki mamlakatning strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilayotir.

O‘zbekiston va Rossiya BMT, MDH, ShHT va boshqa global hamda mintaqaviy tuzilmalar doiralarida yaqindan hamkorlik qiladi, bir-birining tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlaydi. BMT platformasida o‘zaro hamkorlik Bosh Assambleya kun tartibidagi asosiy masalalar va tomonlar ilgari surgan tashabbuslar bo‘yicha pozisiyalarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash orqali amalga oshiriladi.

Davlatlar o‘rtasidagi barqaror ikki tomonlama munosabatlarning asosi o‘zaro manfaatlar va ustuvorliklarning mos kelishidir. Bugungi kunda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida hal etib bo‘lmaydigan muammo yo‘q, mintaqaviy hamda xalqaro darajada ko‘p tomonlama hamkorlikning samarali mexanizmlari ishga solingan va ular hayotga izchil tatbiq etilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning 26-27 may kunlari mamlakatimizga amalga oshirgan davlat tashrifi o‘zaro hamkorlikning yuksak darajasini yana bir bor tasdiqlaydi. Chunki bu Rossiya rahbarining mamlakat Prezidenti etib qayta saylanganidan keyin amalga oshirayotgan xorijiy tashriflarining dastlabkilaridan biri sanaladi.

Ushbu tashrif keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan O‘zbekiston — Rossiya munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalarini ko‘rib chiqish imkonini berdi, desak, yanglishmaymiz. Sammit doirasida ikki tomonlama hujjatlar to‘plami qabul qilindi hamda O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari ikki davlat hududlari kengashining birinchi majlisida ishtirok etdi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning o‘sib borayotgan sur’ati mamnuniyat bilan qayd etildi. Yetakchi korxonalarning qo‘shma loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qo‘shma investisiya platformasini ishga tushirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shuningdek, yetakchilar energetika, jumladan, atom energetikasi, qishloq xo‘jaligi, innovatsiyalar, migratsiya, xavfsizlik va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.

Ta’lim va muhandis kadrlarni tayyorlash sohalaridagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonda Bauman nomidagi Moskva texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filiallarini ochish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Davlat rahbarlari tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.

Umuman olganda, yuksak darajadagi muzokaralar parlamentlar, hukumatlar, vazirlik va idoralar, hududlar, jamoatchilik, ekspert va ishbilarmon doiralar darajasida jadal aloqalarni davom ettirish yuzasidan kelishib olish imkonini berdi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatlar o‘rtasidagi sheriklik va do‘stlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga kuchli turtki berish bilan birga, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari.

  • Ko'rildi
    43
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+