Kitobda ishbilarmon ayollar ko‘paymoqda

29.05.2024, 12:17

Kitobda ishbilarmon ayollar ko‘paymoqda

“Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining Kitob tuman mahallalar bosqichida o‘ndan ortiq mahalladagi tadbirkor va hunarmand ayollar faoliyati o‘rganilib, ular tayyorlayotgan mahsulotlar ko‘zdan kechirildi. Tupchoq mahallasida azaldan hunarmandchilik rivojlangan bo‘lib, quroqchilik, tikuvchilik, kashtachilik mahalla ayollari uchun momomeros kasb hisoblanadi. Qishloq ayollari qo‘l mehnati asosida bolalar o‘yinchoqlari, gullar, qadimiy taqinchoqlarni tayyorlab, buyurtmachilarga yetkazib berishadi. Shahnoza Bozorova ona-momolardan meros qadimiy kiyimlarni izlab topib, tikishni odat qilgan. Uning sexida 17 nafar mehnat qiladi. 21 nafar ayollar mavsumiy ish bilan ta’minlangan.  O’ttizga yaqin turda milliy liboslar, gullar va xipchindan gul tuvaklar tayyorlanadi. Barno To‘raqulova ko‘p yillardan buyon uzumchilik bilan shug‘ullanadi. 1 gektar tokzor tashkil etgan.  Uzumning toyifi navidan ekib, har yili 50 million so‘m foyda oladi. Bu yerda 30 nafar opa-singillar  mehnat qilishadi. Ularning 5 nafari “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Tadbirkor ayol qalamdan tok ko‘chatlari yetishtirib, yaxshigina daromad topmoqda.

Mohichehra Bobomurodova 6 yildan buyon tikuvchilik bilan shug‘ullanadi. Milliy kiyim-kechaklar tikishda mahallada uning oldiga tushadigani yo‘q. Mo‘‘jazgina sexida 10 nafar hamqishlog‘ini bandligini ta’minlagan. Ishlovchilarning qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Buyurtmalar pishiq-puxta bajarilayotganligi bois mijozlar soni kun sayin ortib borayotir.

Surum maxallasida yashovchi tadbirkor ayollar Farida Ne’matova va Sojida Qurbonovalar issiqxona xo‘jaligini tashkil etishgan. Farida pomidor, bodring, Sojida esa sitrus mevalar yetishtirishni hadisini olishgan. O’ttizdan ortiq xotin-qizlarni bandligini ta’minlagan bu tadbirkor ayollar tomorqa xo‘jaligidan ham samarali foydalanib, yiliga ikki marotaba hosil yetishtirib, tuman bozorlariga chiqarishadi.  

Sevaz mahallasida faoliyat olib borayotgan tadbirkor Kamola Diyorova bolalar va xotin-qizlar kiyimlari tikib, savdo do‘konida xaridorlarga sotmoqda. Buyurtmalarga asosan adras va atlasdan kelinlik kuylaklari ham tayyorlashayapti. Sariosiyo mahallasida faoliyat olib borayotgan Durdona Yorova milliy kashtachilikni rivojlantirib kelmoqda. U rahbarlik qilayotgan 11 nafarlik jamoa tayyorlayotgan, milliy naqshlar jilolangan sumkacha, etik, do‘ppi va boshqa suvener mahsulotlarini xorijlik sayyohlar sevib xarid qilishayapti.

Tuman kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, apparat rahbari Gullola Kenjayeva boshchiligidagi hakamlar hay’ati tanlov ishtirokchilariga xotin-qizlar bandligini ta’minlashda “Ayollar qanoti” tomonidan o‘tkazilayotgan loyihalar haqida batafsil ma’lumot berib, faoliyatni kengaytirish, banklardan kredit olish tartiblari, zamonaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasida amaliy tavsiyalar berdi. Ishtirokchilar orasidan  tuman iqtisodini yuksaltirish, xotin-qizlar bandligi va farovonligini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan tashabbuskor va tashkilotchi ishbilarmon ayollar saralab olindi.  

  • Ko'rildi
    34
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+