Kitob bebaho boylik – uni o‘qib o‘rganish oliy baxt

23.12.2016, 17:26

Kitob bebaho boylik – uni o‘qib o‘rganish oliy baxt

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Toshkent viloyat Kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasining mazmun-mohiyatini jamoatchilikka keng targ‘ib etish, shuningdek, aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarni kitobga bo‘lgan mehr-muhabbatini yanada kuchaytirish maqsadida “Kitob – ma’naviyat beshigi” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.  

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zLiDeP Siyosiy  Kengashi Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlar, viloyat Yozuvchilar uyushmasi, teatr va san’at vakillari, partiya faollari, xotin-qizlar, yoshlar, tadbirkor va fermerlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida yuksak ma’naviyatli, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga, o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lgan yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bosh ustuvor vazifa etib belgilangan.

Bu borada O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ham davlatimiz rahbarining mazkur belgilab bergan ustuvor vazifalarni sidqidildan amalga oshirish maqsadida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni kitobga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, barcha ta’lim muassasalarida kitobxonlik kechalari, turli seminar va tanlovlar tashkil etishni rejalashtirgan.

Barchamizga ma’lumki, xalqimizda “Ko‘p o‘qigan – ko‘p biladi” degan gap bor. Ayniqsa, bu bilim yoshlikda egallansa, toshga o‘yilgan naqsh kabi ongu qalbga muhrlanadi. Shu bois mustaqillik yillarida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov boshchiligida yoshlarga puxta bilim berish, ularning ma’naviyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida navqiron avlodning kitobga bo‘lgan mehrini, mutolaa madaniyatini oshirish borasida davlatimiz tomonidan izchil siyosat yuritildi.

Ma’naviyat maskanlari, axborot-resurs markazlari barpo etilayotgani, maktablar qoshidagi kutubxonalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, badiiy, ma’rifiy, ilmiy-ommabop adabiyotlar bilan boyitib borilayotgani soha ravnaqi yo‘lida ko‘rsatilayotgan ulkan e’tiborning yorqin ifodasidir.

– Navqiron avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda kitobning o‘rni beqiyos, – deydi partiya viloyat Kengashining xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muyassar Djamoldinova. – Shu bois yurtimizda chop etilayotgan turli nomdagi adabiyotlarni o‘quvchilar ommasiga yetkazishda kitob bayramlari muhim ahamiyat kasb etadi. Barcha ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan muloqotlarda badiiy adabiyot, kitobxonlik madaniyati asosiy mavzularga aylanmoqda.Bu jarayonda O‘zLiDeP tomonidan xalqimizning o‘ziga xos ezgu qadriyatlari va ma’naviy qiyofasini shakllanishiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan nodir adabiyotlarni mamlakatimiz xotin-qizlari, ayniqsa yosh yigit-qizlar orasida ushbu belgilab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan turli chora-tadbirlar diqqatga sazavor.

Tadbirda partiyaning Toshkent viloyati kengashi faollari “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingan 2017-yilda aholi bilan muloqot qilishning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish, xususan, tuman (shahar) Kengashlarining chekka hududlardagi xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning ehtiyojlarini o‘rgangan holda yangi loyihalar, ko‘rik-tanlovlarni hayotga tadbiq etish borasidagi qator takliflar o‘rtaga tashlanib, galdagi muhim vazifalar belgilab olindi.

Milliy adabiyotimizning rivoji, undagi yangi tendentsiyalar, kitobxonlik madaniyati va didi haqidagi bahs-munozaralarga boy bo‘lgan tadbir ishtirokchilariga katta taassurot qoldirdi.

O‘zLiDeP Toshkent viloyati Kengashi 

Matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!