Barcha harakatlarimiz – xalqimiz farovonligi va xavfsizligi uchun

12.05.2017, 18:44

Barcha harakatlarimiz – xalqimiz farovonligi va xavfsizligi uchun

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik muhitini yanada mustahkamlash, xavfsizlik, millatlararo  totuvlik  va  diniy  bag‘rikenglikni  ta’minlashga  xizmat  qiladi. Zero, unda aholining barcha qatlamlari manfaatlariga mos ko‘plab vazifalar va chora-tadbirlar belgilangan.

Shulardan biri – aholi daromadlarini oshirish, uyushmagan yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatiga kengroq jalb qilish, ularni shaxsiy tomorqadan daromad olishga, foydali mehnat bilan shug‘ullanishga o‘rgatish orqali bandligini ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquqiy ongini yuksaltirish, ularni turli yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilishdir.

Shundan kelib chiqqan holda, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Jizzax viloyat Kengashi tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy aholi va uyushmagan yoshlar ishtirokida “Yurt tinchligi, vatan taraqqiyoti, xalq farovonligi uchun har birimiz mas’ulmiz” shiori ostida “Barcha harakatlarimiz – xalqimiz farovonligi va xavfsizligi uchun” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda joriy yilning birinchi choragi davomida uyushmagan yoshlar bandligini ta’minlash hamda mahalla profilaktika inspektorlarining huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan  targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida tumandagi 6 ta mahalla va 3 ta qishloq fuqarolar yig‘ini hududida umuman jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlari sodir etilmagani alohida ta’kidlandi.   

–Haftaning har payshanba kuni “profilaktika kuni” etib belgilangani amalda o‘z samarasini bermoqda, – deydi Paxtakor tumani IIB katta inspektori Shavkat Tog‘ayev. – Jumladan, tumanda huquqbuzarliklarning oldini olish, favqulodda holatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida olib borilayotgan amaliy ishlar natijasida barcha jinoyatlar 32,4 foizga, talonchilik va og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlari 100 foizga, o‘zgalar mulkini o‘g‘irlash 16,6 foizga kamaydi. Bu esa  tumanda yoshlarni har tomonlama sog‘lom, mustaqil fikrli, keng dunyoqarash sohibi bo‘lib voyaga yetkazish yo‘lida olib borayotgan izchil sa’y-harakatlarimiz samarasidir.

 Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, joriy yilda tuman aholisi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta’minlash borasida tijorat banklari tomonidan 341 ta fuqaroga 34 ming 100 bosh parranda olish uchun 1 mlrd 147 mln. so‘m, issiqxonalar tashkil etishga 2 mlrd 180 mln. so‘m, ko‘chatlar uchun 300 mln. so‘m, jami 3 mlrd. 627 mln. so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratilgan.

–Joriy yilning birinchi choragi davomida tumanda 214 ta xonadonga 100 boshdan jami 21 ming 400 bosh parranda yetkazib berildi, – deydi Paxtakor tuman hokimi I.Qarshiboyev. – Shuningdek, “Sangzor parranda” MChJ tomonidan joriy yilning 15 mayiga qadar yana 44 ming bosh, iyul oyida 100 ming bosh, oktabr oyida 100 ming bosh jami 244 ming bosh parranda yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Faqat shugina emas. Bundan tashqari, tumanda 1077 ta xonadonga 10770 tub limon ko‘chatlari o‘tkazilib, buning natijasida 1 ming 169 ta ish o‘rni yaratildi. E’tiborlisi, ulardan 209 nafarini uyushmagan yoshlar tashkil etadi.  

– Davlatimiz rahbari farmoni bilan tasdiqlangan Harakatlar strategiyasida yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratilgan, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi Erkin Xolbo‘tayev. – Shulardan biri – yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi, eng avvalo, ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, mehnat bozori infratuzilmasini izchil rivojlantirish, kollej bitiruvchilarini o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashtirishdir. Demak, mazkur huquqiy hujjatda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashda har birimiz faol va tashabbuskor bo‘lishimiz zarur.

Tadbirda so‘z olganlar yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, aholini shaxsiy tomorqadan daromad olish va tadbirkorlik sohasiga keng jalb qilish va bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida yurgan yoshlarga bank xizmatlari, kredit turlari va ajratish tartibi, garov ta’minotlari haqida to‘xtalib o‘tdilar.

Tadbir yakunida ishtirokchilar Paxtakor tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, aholi xonadonidagi issiqxonalar bilan tanishdi.

O`zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2439
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+