O‘zLiDeP sayyor qabuli: Volida Ismoilova uyining tomi shifer qilinadi

05.07.2018, 18:31

O‘zLiDeP sayyor qabuli: Volida Ismoilova uyining tomi shifer qilinadi

O‘zLiDeP Nurobod tuman Kengashi “Girdiqo‘rg‘on” va “Omandara”  mahalla fuqarolari uchun sayyor qabul o‘tkazdi. 

 Tadbirda tuman Adliya bo‘limi, Bandlikka ko‘maklashish markazi va “Nurobodtumangaz” filiali vakillari, Xalq deputatlari tuman Kengashidagi partiya  deputatlik guruhi a’zolari hamda partiya xodimlari ishtirok etdi.

Sayyor qabulda “Omandara” MFYda yashovchi Volida Ismoilova mutasaddilarga murojaat yo‘lladi. Aytishicha, uning oilasi mahallada kam ta’minlanganlar ro‘yxatida turadi. Turmush o‘rtog‘i nogironligi sabab ro‘zg‘orni ta’minlash bir o‘zining zimmasida. Yashayotgan uyining tomi shiferlanmaganligi uchun kuz, qish oylarida chakki o‘tadi. Tomni shifer qilishga ortiqcha mablag‘i yo‘q. Shu bois, u mutasaddilardan ko‘mak so‘radi.

Uning murojaati  Xalq deputatlari tuman Kengashiga O‘zLiDePdan saylangan deputat X.Doniyorov tomonidan nazoratga olinib, homiy tashkilotlar va mahalla fuqarolar yig‘ini bilan hamkorlikda shifer olib berilishi ma’lum qilindi.  

Girdiqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi Xurram Mahmudov va Samandar Haqberdiyevlarning yangi xonadonlarni elektr energiyasi tarmog‘iga ulashda amaliy yordam ko‘rsatishi yuzasidan qilgan murojaati ham shu yerning o‘zida hal etildi.

Sayyor qabul davomida toza ichimlik suvidan oqilona foydalanish, suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘ymaslik va bu borada nazorat o‘rnatish lozimligi bo‘yicha takliflar bildirildi.

Baxtigul QARShIYEVA,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat

Kengashi matbuot kotibi

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

Teglar
Sayyor qabul
  • Ko'rildi
    1099
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Навоий вилояти Ч.Раджабов 2018-07-06 14:59:43

Сайёр қабуллардан кўзланган мақсадларга эришилганидан халқнинг қувончи чексиз,


Fikringizni qoldiring

+