“Paxtaliqko‘l” kichik sanoat zonasida 15 ga yaqin tadbirkorlik sub’ekti qurilish ishlarini olib bormoqda

18.07.2018, 17:38

“Paxtaliqko‘l” kichik sanoat zonasida 15 ga yaqin tadbirkorlik sub’ekti qurilish ishlarini olib bormoqda

O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashi “Paxtaliqko‘l” sanoat zonasida Prezidentimizning joriy yil 2 iyuldagi “Namangan viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etdi.  

Qayd etilganidek, mazkur qarorga ko‘ra, Namangan shahri, Namangan, Norin, Pop, To‘raqo‘rg‘on, Pop va Chust tumanlarida 149,3 ga maydonda 6 ta, birgina Namangan shahar kichik sanoat zonasi tarkibida esa “Orzu”, “Paxtaliqko‘l”, “Xonobod” va “Yuksalish” kichik sanoat zonalari tashkil etiladi.

– Mazkur kichik sanoat zonalari joylardagi bo‘sh turgan yoki foydalanilmayotgan bino-inshootlar negizida davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi sheriklik asosida barpo etiladi, – deydi O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashi bo‘lim mudiri Ibrohim Sattarov. – Bu esa tadbirkorlarga yangi bino qurmasdan o‘z faoliyatini qisqa muddat ichida boshlash yoki kengaytirish, o‘z mablag‘i va davlat budjeti mablag‘larini tejash imkonini beradi.

Aytish joiz, “Paxtaliqko‘l” sanoat zonasida qariyb 2.8 gektarga yaqin maydonda 15 ga yaqin tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qurilish ishlari olib borilmoqda. Yaqin kunlarda ishlab chiqarish binolarini to‘liq qurib bitkazib, ishga tushirish rejalashtirilgan. Sanoat zonasidagi loyihalarni to‘liq ishga tushirilishi hisobiga erkaklar, ayollar va bolalar poyabzallari, tikuvchilik mahsulotlari hamda boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 800 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi.

Ta’kidlash kerak, Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari tomonidan sanoat zonalaridagi loyihalarni o‘z muddatida ishga tushirishilishi nazoratga olingan bo‘lib, loyiha tashabbuskorlariga amaliy yordam berish borasida ham zaruriy chora-tadbirlar belgilab olingan.

Yulduz YuLDAShEVA,

O‘zLiDeP Namangan viloyat

Kengashi matbuot kotibi

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1344
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+