“Xalqaro investitsion forum faoliyatimizni yanada kengaytirishga imkon yaratadi”, deyishmoqda jizzaxlik tadbirkorlar

08.09.2018, 14:48

“Xalqaro investitsion forum faoliyatimizni yanada kengaytirishga imkon yaratadi”, deyishmoqda jizzaxlik tadbirkorlar

Avval xabar qilganimizdek, joriy yilning 29-30 avgust kunlari hududda xorijiy va mahalliy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, mavjud qulayliklar, viloyatimizning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish darajasi bilan yaqindan tanishtirish, tadbirkorlik sub’ektlari va investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Jizzaxda Xalqaro Investitsion forum va mazkur furum doirasida tovar ishlab chiqaruvchilar milliy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tgan edi.

Shu munosabat bilan, O‘zLiDeP Jizzax viloyati Kengashi tomonidan “Jizzaxplastmassa” aksiyadorlik jamiyatida “Istiqbolli investitsiya loyihalari yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash va iqtisodiy rivojlanishga xizmat qiladi” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi. Tadbirda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi vakillari, tadbirkorlar, deputatlar, partiya faollari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Ochiq muloqotda Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tgan Xalqaro investitsion forum yakuniga ko‘ra, umumiy qiymati 800 milllion dollarga teng 28 ta shartnoma va 3 ta memorandum imzolangani, xorijiy hamkorlar bilan erishilgan kelishuvlar viloyatning qurilish materiallar ishlab chiqarish, farmatsevtika, tayyor teri mahsulotlarini qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va tayyorlash, transport va mehmonxona, turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgani alohida e’tirof etildi. Shuningdek, dunyoning 175 ta xorijiy kompaniya vakillari ishtirok etgan forumda 2018-2019 yillarda 25 ta mintaqaviy va 14 ta sohaga oid biznes loyihalarni amalga oshirish belgilangani, bularning barchasi Jizzax viloyatining yanada rivojlanishiga, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash, xalqimizning farovon turmush kechirishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Mazkur investitsion forumda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi faollari bo‘lgan tadbirkorlar, ishbilarmonlar va deputatlar ham faol ishtirok etishdi. Ushbu forum doirasida Do‘stlik tumanidagi “Sangzor vodiysi” MChJ rahbari, O`zLiDeP faoli Ismoil Ishimov Janubiy Koreyaning Myung Sung Placon Ltd bilan 865 ming AQSh dollari miqdoridagi loyihani amalga oshirish yuzasidan shartnoma imzoladi. Loyiha doirasida zamonaviy texnologiyalarga asoslangan issiqxona qurilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, loyiha amalga oshgach, 25 nafar kishini doimiy ish o‘rni bilan ta’minlash imkoniyati yuzaga keladi. Shuningdek, “Jizzax Plastmassa” AJ rahbari, O`zLiDeP faoli Elyor To‘raqulov Janubiy Koreyaning LG kompaniyasi bilan 40 million AQSh dollari miqdoridagi qo‘shma loyihani amalga oshirish bo‘yicha hamda “Roison White Goods” maishiy jihozlar ishlab chiqarish  korxonasi rahbari Abdulaziz Yunusov kabi ko‘plab tadbirkorlarimiz xorijlik hamkorlar bilan yana bir necha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan ham kelushuvlarga erishishdi.

– Forum doirasida Belorus Respublikasining “Belalek grupp” kompaniyasi bilan “Zomin farm” erkin iqtisodiy zonasi hududida  “Virusga qarshi zamonaviy dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish” bo‘yicha  2,5 million AQSh dollarlik loyihani amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolashga erishdik, - deydi “Zomin Pharm” MChJ bosh direktori J.Meliboyev. – Loyiha qiymati jami 5 million AQSh dollari bo‘lib, “Zomin Pharm” korxonasi kiritadigan mablag‘ 2,5 million AQSh dollari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya 2,5 million AQSh dollarini tashkil etadi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga Xalqaro Investitsion forum doirasida erishilgan natijalar, kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar, mazkur loyihalarni amalga oshirishda partiya va deputatlarimiz yanada faol bo‘lib fidoiylik bilan mehnat qilishlari kerakligi haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, tadbirkorlar, deputatlar, partiya faollari, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Jizzax viloyat boshqarmasi vakillari bilan ochiq muloqot va bahs-munozara uyushtirildi, tadbir ishtirokchilari o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi mamlakatimizga chet el investitsiyalarini, sanoatning yuqori texnologiyalariga asoslangan va qayta ishlaydigan tarmoqlariga jalb etishni rag‘batlantirish, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi kompaniyalarning ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.

Tadbir yakunida “Jizzaxplastmassa” aksiyadorlik jamiyatida ishlayotgan 5 nafar yoshlarga partiya a’zolik guvohnomalari topshirildi.

O‘zLiDeP Jizzax viloyati

Kengashi matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

Teglar
Ishchi guruh
  • Ko'rildi
    1048
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Холмат Тўраев Жиззах вилояти2018-09-12 09:26:36

Ҳудудларда шу каби нуфузли форумларнинг ташкил этилиши, биринчи навбатда аҳоли бандлиги ва турмуш даражасининг ўсишига хизмат қилади.


Fikringizni qoldiring

+