JONAJON POYTAXTIMIZNI BIRGALIKDA ENG OBOD SHAHARGA AYLANTIRAMIZ

29.11.2017, 13:48

JONAJON POYTAXTIMIZNI BIRGALIKDA ENG OBOD SHAHARGA AYLANTIRAMIZ

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Toshkent shahrida davlat hokimiyati vakillik organlariga 2017 yil 24 dekabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlardagi ishtirokiga oid maqsad va vazifalari

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi — yangilanishning amaliy harakatlar dasturlari ustuvor yo‘nalishlarining faol amalga oshirilayotgani O‘zbekistonning har tomonlama puxta o‘ylangan va ishlab chiqilgan qat’iy liberal islohotlar yo‘lini tutgani, mamlakatimizning yangi qiyofasini shakllantirishga kirishganidan dalolat ekanini alohida ta’kidlaydi.

Biz davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari Harakatlar strategiyasini samarali amalga oshirish, davlat va jamiyatning barcha sohalarini rivojlantirish borasida amalda bir yoqadan bosh chiqarib, faol ish olib borayotganini qayd etamiz. Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, chuqur ma’muriy islohotlarni amalga oshirish, sud-huquq tizimini tubdan ko‘rib chiqish, sudlarning chinakam mustaqilligini va erkinligini ta’minlash, iqtisodiyotni liberallashtirish, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini shakllantirish, millatlararo totuvlikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish borasida tizimli, o‘zaro muvofiqlashtirilgan va mutanosib tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zLiDeP Harakatlar strategiyasi doirasida ilgari surilgan vazifalarning to‘laqonli ijrosini ta’minlashda o‘zining siyosiy mas’ulligini to‘la his qilgan holda, ana shu maqsadlar yo‘lida vakillik va ijro organlaridagi o‘zining barcha imkoniyatlarini ishga solishini alohida ta’kidlaydi.

Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylovlar — davlat hokimiya­tining demokratik asoslarini liberallashtirish va mustahkamlash bilan bog‘liq chinakam tarixiy voqeadir. Biz buni poytaxtimiz hokimiyat vakillik organlari va jamoatchiligining Toshkentdagi sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni ro‘yobga chiqarish, tuman Kengashlari tomonidan mahalliy budjetni shakllantirish va ijrosini ta’minlash, tumanlarni rivoj­lantirish istiqbolli dasturlarini amalga oshirish, mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni belgilash ustidan nazorat o‘rnatish borasidagi rolining kuchayishi uchun ulkan imkoniyat deb bilamiz. Saylovlarda saylovchilar erkin ovoz berish yo‘li bilan o‘zlarining ertangi kunini va poytaxtimizni istiqbolda rivojlantirish yo‘lini belgilaydilar.

Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faol ishtirokidan, barcha sohalarda erishilgan va erishilayotgan marralar va Harakatlar strategiyasida begilangan maqsad va vazifalar hamda Toshkentni rivojlantirish istiqbollaridan kelib chiqib, O‘zLiDeP Toshkentning jahondagi rivojlangan megapolislar safidan munosib o‘rin egallashini ta’minlashnio‘z oldiga bosh maqsad, vazifa sifatida qo‘yadi.

Shu maqsadda Toshkent shahrini rivoj­lantirishning uzoq muddatli dasturini ishlab chiqishni va amalga oshirishni taklif qilamiz.

Dastur shaharni sotsial-iqtisodiy barqaror rivojlantirishni ta’minlash, uni tadbirkorlik, moliya va biznes bo‘yicha yetakchi xalqaro markazlardan, jahonda tan olingan yirik fan va madaniyat, maorif va ma’naviyat markazlaridan biriga aylantirish, shuning­dek, aholisi hayotining yuksak sifatini ta’minlashga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak deb hisoblaymiz.

Biz ushbu dasturda tayanadigan asosiy tamoyillar:

poytaxtimizda istiqomat qiluvchi har bir odamga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish;

barcha masalalarni ilg‘or tajribaga asoslangan holda samarali va tejamkorlik bilan hal qilish;

iqtisodiyotning muhim manbai sifatida xususiy tashabbuslarni, biznesni rag‘batlantirish;

qarorlar qabul qilinishi va shaharni bosh­qarish jarayonlariga fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolarning o‘zlarini imkon qadar kengroq jalb etish;

hokimiyat organlarining hisobdorligini va ochiqligini ta’minlash.

 PARTIYaNING BOZOR ISLOHOTLARINI ChUQURLAShTIRISh, IQTISODIYoTNI LIBYeRALLAShTIRISh VA TOShKYeNTNING RAQOBATBARDOShLIGINI OShIRISh BORASIDAGI USTUVOR VAZIFALARI

Bu yo‘nalishda O‘zLiDeP quyidagi g‘oyalarni ilgari suradi:

“Yaqin istiqboldagi Toshkent – investitsiyalarni jalb etish hamda biznesni rivojlantirish uchun eng jozibador shaharga aylanadi”

Bizning maqsadimiz — Toshkentni iqtisodiyoti samarali, jadal va barqaror rivojlanayotgan, iqtisodiyoti yangicha shakl — “ilmga asoslangan iqtisodiyot”, “innovatsiyaga asos­langan iqtisodiyot”ga va qudratli “axborot hamjamiyati”ga tayanuvchi shaharga aylantirish.

Biz ushbu maqsadlarga erishish uchun quyidagi eng muhim vazifalarni amalga oshirish lozim deb hisoblaymiz:

tadbirkorlik faoliyatiga monelik qilayotgan barcha to‘siqlarni bartaraf etish hamda tadbirkorlik rivoji uchun qulay sharoit yaratish;

iqtisodiyotning yuksak texnologiyalar va innovatsiyaga asoslangan sektorlarida biznesni qo‘llab-quvvatlash, sanoat ishlab chiqarishini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish hududlaridagi sanoat zonalarini rivojlantirish va qayta tashkil etish;

investitsiyalarni jalb etish.

Biz qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhiti – shahrimizni va uning iqtisodiyotini jadal va barqaror rivojlantirishning muhim garovi ekaniga qat’iy ishonamiz. Xususiy mulk huquqlarining ishonchli himoyasini va kafolatlarini ta’minlash, barcha to‘siqlar va cheklovlarga barham berish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida to‘la erkinlik berish, “Xalq boy bo‘lsa – davlat ham boy bo‘ladi” tamoyilining ijrosini amalda ta’minlash – iqtisodiy va sotsial siyosatning eng muhim yo‘nalishlariga aylanmog‘i darkor.

Biz, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan belgilab berilgan quyidagi tamoyilga tayanamiztadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilish – bu davlat siyosatiga to‘sqinlik qilishdir. Partiya mamlakatimizda xususiy mulk daxlsizligi, uning himoyasi kafolatlanishiga oid konstitutsiyaviy tamoyilning hayotga tatbiq etilishini qo‘llab-quvvatlaydi va himoya qiladi.

Biz Toshkentning jahon tan olgan ishbilarmonlik, moliya va biznes markazlari safidan munosib o‘rin egallashini ta’minlashga qaratilgan hamda yetakchi va nufuzli xalqaro moliya institutlari uslublari (reyting indikatorlari) hisobga olingan holda ishlab chiqiladigan ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yanada yaxshilashga doir kompleks dastur ishlab chiqish va uni amalga oshirish tarafdorimiz. Partiya davlat, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlik tuzilmalari faoliyatiga noqonuniy aralashuvining qat’iy oldini olishga qaratilgan tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Bizning maqsadimiz – tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan soliq va moliya-bank siyosatini yanada takomillashtirish.

Bizning ustuvor vazifamiz – iqtisodiyot va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar zimmasidagi soliq yuklamalarini pasaytirishga oid kursni davom ettirish, soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq ma’muriyatchiligi va nazoratining zamonaviy uslublarini joriy etish, samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish, vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan insofli soliq to‘lovchilar – xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga “soliq ta’tili” taqdim etilishiga ko‘maklashish.

Biz uchun ustuvor masala – aholi turmush darajasining yuksalishi va yaxshilanishiga, hududlarni jadal va kompleks rivojlantirishga xizmat qiladigan iqtisodiyot tarmoqlarini, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni barqaror rivojlantirish orqali shahar va tuman budjetlarining daromad qismini kengaytirish.

Ishonamizki, banklar korxonalar va tadbirkorlarning rivojlanishidan manfaatdor chin hamkorlariga aylanishi darkor. Biz uchun muhim ustuvor vazifa – aholining banklarga ishonchini oshirish, omonatlarni va omonatlarning investitsiyaga aylanishini rag‘batlantirish, tijorat banklarining investitsiyaviy imkoniyatlarini mustahkamlash, istiqbolli investitsiya loyihalarini, shuning­dek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini kreditlashni kengaytirish. Biz poytaxtimizda tadbirkorlik sub’ektlari va aholi keng qatlamlariga mo‘ljallangan imtiyozli kreditlardan keng foydalanishni ta’minlashga doir tadbirlarni qat’iy deputatlik nazoratiga olamiz.

O‘zLiDeP banklar bilan bir qatorda bozor infratuzilmalarining boshqa institutlari ham tezkor rivojlanmog‘i darkor deb hisoblaydi. Bular – xizmat ko‘rsatishning yangi turlarini joriy etish va sifatini oshirish orqali konsalting, marketing, injiniring, lizing, sug‘urta singari moliya xizmatlari, shuningdek, kapitalni va korxonalar, moliya institutlari hamda aholining bo‘sh turgan resurslarini jalb etishning muqobil manbasi sifatida fond bozorlaridir.

Partiyamiz yuqori texnologiyalarga asos­langan, eksportga yo‘naltirilgan yangi ishlab chiqarishlarni barpo etish va ishga tushirishni nazarda tutuvchi loyihalarga investitsiyalar, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorij investitsiyalarini barqaror jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratishni ta’minlashga qaratilgan faol investitsiya siyosati yuritish tarafdori. Biz kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining eksport salohiyatini oshirish, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning tashqi bozorda sotilishini ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratamiz. O‘zLiDeP yetakchi xalqaro va xorijiy moliya ins­titutlari bilan aloqalarni yanada kengaytirish, jalb etilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlardan samarali foydalanish tarafdori.

Biz yangilanayotgan Toshkentning zamonaviy markaziga aylanib, zamonaviy biznes, moliya va sayyohlik infratuzilmasining jadal rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladigan “Tashkent city” xalqaro biznes markazini barpo etish borasidagi vazifalarni amalga oshirishda faol ishtirok etamiz.

Biz davlat hokimiyati va boshqaruvi, xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat kompaniyalari va korxonalari rahbarlari amaliy faoliyatini quyidagi muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholaymiz:

budjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish;

biznesni qo‘llab-quvvatlash, qulay investitsiya va biznes muhitini shakl­lantirish;

xususiylashtirishning shaffofligini va davlat mulkidan, xususiylashtirilgan ob’ektlardan foydalanishning samarador­ligini ta’minlash.

 “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik – poytaxtning kuchli va yangi iqtisodiyoti asosi”

Biz uchun ustuvor masala — kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning shahar hududiy yalpi mahsulotidagi ulushini izchillik bilan oshirib borish, tadbirkorlik sub’ektlarini, ayniqsa, ular o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yayotgan davrda qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini yaratish, tarmoq yo‘nalishlarini ishlab chiqarish va innovatsiya kompaniyalari tomonga ko‘paytirish, aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish. Partiya uchun ustuvor vazifa — iqtisodiyotning eng muhim tuzilma shakllantiruvchi sektori, yangi va munosib haq to‘lanadigan ish o‘rinlari yaratish manbai, bozorni zarur mahsulotlar va xizmatlar bilan to‘ldiruvchi hisoblangan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga imtiyoz va preferensiyalarni taqdim etishga oid siyosatni davom ettirish.

Biz kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy, axborot, maslahat, huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, soha xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirishni nazarda tutuvchi kompleks dastur ishlab chiqish va amalga oshirishni taklif qilamiz. Biz davlat va biznes hamjamiyati o‘rtasidagi samarali muloqot, davlat tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlarning yuqori sifatini ta’minlash tarafdorimiz. Biz har bir tumanda davlat-xususiy sheriklik asosida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ustuvor yo‘nalishlarda biznesni rivojlantirishi uchun ularga subsidiyalar ajratish, shahar iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha moliyaviy tuzilma (fondlar) tashkil etishni taklif qilamiz.

Bizning maqsad va vazifamiz – kichik biznesning sanoat ishlab chiqarishidagi ulushini ko‘paytirish, yirik sanoat korxonalari va kichik biznes o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish. Biz yirik ishlab chiqarish korxonalari atrofida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining sanoat korxonalarini faol jalb etgan holda yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar tizimini yaratish tarafdorimiz. O‘zLiDeP sanoat guruhlarini yaratishni rag‘batlantirishni taklif qiladi, toki istiqbolda bunday guruhlar yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar eksporti hajmini jadal oshirish orqali jahon bozorida munosib o‘rin egallash uchun barcha zarur resurslarni ishga sola olsin.

“Toshkent — innovatsion iqtisodiyot taraqqiy etgan shahar”

Biz uchun ustuvor masala  poytaxtimiz iqtisodiyotida sanoatning, yuqori texnologiyalarga asoslangan ilmtalab ishlab chiqarishning ulushini sezilarli darajada ko‘paytirish. Biz shahar iqtisodiyo­tida eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi, tugal texnologik jarayonga ega ishlab chiqarish korxonalari yetakchi o‘rin tutishi zarur deb hisoblaymiz. Bunda asosiy e’tibor asosan mamlakatimizning tabiiy va xomashyo salohiyatiga tayanadigan, ilg‘or zamonaviy texnologiyalarni qo‘llovchi ishlab chiqarish korxonalarini rivojlantirishga qaratilmog‘i zarur. Partiya ushbu masalalarning yechimi, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarida samarali raqobat muhitini yaratish, tovarlar va xizmatlar bozorlarida monopoliyani bosqichma-bosqich pasaytirish, xususiy inves­torlarni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyotning real sektorlarida, sanoatda xususiy mulkning yetakchi mavqega ega bo‘lishi bilan bog‘liq deb hisoblaydi.

Biz yangi raqobatbardosh ishlab chiqarish­lar va kichik korxonalarni rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiyalari va zarur infratuzilmalar o‘tkazish yo‘li bilan ularning muayyan hududda jamlanishini ta’minlash, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, ilmiy-texnologik va innovatsion salohiyatni mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Ayni maqsadlarda faoliyat ko‘rsatayotgan erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar va kichik sanoat zonalari samaradorligini oshirish, yangilarini barpo etishni biz yuqori texnologiyali yangi ishlab chiqarish­larni o‘zlashtirish, ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport, sotsial infratuzilmalarini va logistika xizmatlarini jadal rivojlantirishni ta’minlashning muhim omili deb bilamiz.

Biz bugungi kunda yaratilayotgan innovatsion texnoparklar tajribasini keng yoyishni va eng muhim investitsiya loyihalarini poytaxtimizdagi barcha tumanlarda amalga oshirishni taklif qilamiz. Biz shahardagi har bir tumanda innovatsion texnoparklar, yuqori texnologiyalarni o‘zlashtiruvchi zonalar, texnopolislarning rivojlangan tarmog‘i bo‘lishi zarur deb hisoblaymiz, toki ular yangi ishlab chiqarish madaniyatini yuksaltirish, mintaqa va jahon bozorlaridagi mahsulotlarimizning, ayniqsa, ilmtalab tovarlarimizning raqobatbardoshligini, mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilsin. Biz innovatsion kompaniyalar uchun imtiyozli soliq stavkalarini taqdim etish, poytaxtimizdagi oliy ta’lim muassasalari huzurida yoshlar innovatsiya ijodiy markazlarini tashkil qilish, innovatsion mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarni kengaytirishni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Partiya ayni paytda ushbu masalalarni innovatsiyaga asoslangan iqtisodiyotga o‘tish, ilmiy-texnologik va innovatsion tadbirkorlikni barqaror rivojlantirishni ta’minlashning muhim yo‘li deb biladi. Biz innovatsiyani modernizatsiyaning eng muhim omili va XXI asrda iqtisodiy taraqqiyot aynan innovatsiyalar negizida ta’minlanadi deb ishonamiz.

Biz nomoddiy aktivlarni kapitalizatsiya qilish, yaratilgan texnologiyalardan tijorat yo‘lida foydalanish, yangi texnologiyalar, nau-xaularning importi va transferi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning sifat va samaradorligini yanada yuksaltirish, korxonalarda innovatsiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.

O‘zLiDeP mazkur masalalarning hal etilishi innovatsion loyihalarga mablag‘lar jalb qilish bilan shug‘ullanadigan venchur korxonalar faoliyati uchun sharoit yaratish imkonini beradi deb ishonadi. Venchur biznesi asosan ilmtalab ishlab chiqarish va yangi texnologiyalar ishlanmalari sohalarida barpo etilgan kichik korxonalarga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Biz, shuningdek, korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobidan o‘tkaziladigan ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlarni soliq yo‘li bilan rag‘batlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirishni taklif qilamiz.

Biz texnologiyalar yo‘nalishida keskin chora-tadbirlar amalga oshirilishi muhimligini e’tirof etamiz. Biz iqtisodiyotning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga asoslangan tarmoqlarini shakllantirish va jadal rivojlantirish borasida qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Bizning ustuvor vazifamiz – poytaxtimiz hududiy ichki mahsulotida AKT sektori ulushining jadal o‘sishiga erishish. Biz ayni paytda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi innovatsiya markazi faoliyatini samarali tashkil etish va dasturiy mahsulotlar eksporti hajmlarini jadal oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.

Biz axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiquvchilar va ularga buyurtma beruvchilarga imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etish, mamlakatimiz va xorij investitsiyasini jalb qilishni rag‘batlantirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va ularning imkoniyatlaridan yanada samaraliroq foydalanish tarafdorimiz. Axborot texnologiyalari bo‘yicha muxtaxassislikka ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirishga, jumladan, iqtidorli yoshlarni “start-ap” loyihalarini ro‘yobga chiqarishda qo‘llab-quvvatlash yo‘li bilan alohida e’tibor qaratamiz.

O‘zLiDeP qayd etadiki, endilikda internet shahar ahli hayotida muhim o‘rin tutadi. Partiyaning vazifasi – yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va dasturiy ta’minot sohasini rivojlantirish, “elektron hukumat”ni rivoj­lantirish, davlat organlarining aholi va biznes ahli bilan hamjihatligini, internet orqali kommunal to‘lovlar uchun hisob-kitob qilish, tovarlarni sotish va xizmatlar ko‘rsatishni yaxshilashdan iborat.

“Toshkent — energiya  samaradorligiga asoslangan iqtisodiyotga ega shahar”

Poytaxtimiz sanoati, iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirishdagi eng muhim vazifa – energiya va resurslar sarfini kamaytirish, ishlab chiqarishga energiya tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarida mehnat unumdorligini oshirish. Biz bu sohada noyob, tiklanmaydigan resurslarga tejamkorlik bilan yondashishni ta’minlashga, muqobil energiya resurslarini izlab topish va joriy etishga yo‘naltirilgan uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Biz quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratamiz:

muqobil energiya manbalaridan foydalanayotgan jismoniy va yuridik shaxslarni moddiy rag‘batlantirish;

aholi o‘rtasida energiya resurslariga tejamkor munosabatni, energiya tejaydigan texnologiyalar va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni targ‘ib qilish;

energiya tejaydigan mahsulotlar, jihozlar va tizimlar ishlab chiqariladigan loyihalarni amalga oshirish.

 O‘zLiDePNING TOShKYeNT ShAHRI INFRATUZILMASINI RIVOJLANTIRISh YO‘NALIShIDAGI USTUVORLIKLARI

 “Toshkent — yashash va ishlash uchun qulay shahar”

Bizning maqsad va vazifamiz — Toshkentni dunyodagi yashash uchun eng qulay shaharga aylantirish!

Biz poytaxtimizda yashovchi barcha aholi uchun teng imkoniyatlar, yuksak sifatli hayot va farovonlikni ta’minlash, shahar infratuzilmasini barqaror va jadal rivojlantirish tarafdorimiz. Biz bu vazifalarning ijrosi, aholini, eng avvalo, yosh oilalarni, eskirgan uylarda yashab kelayotganlar va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boshqa fuqarolarni, arzon, zamonaviy va qulay turarjoy bilan ta’minlash, imtiyozli shartlarda ipoteka kreditlari ajratish nazarda tutilgan Harakatlar strategiyasi qoidalarining o‘z vaqtida va so‘zsiz bajarilishi bilan chambarchas bog‘liq deb bilamiz.

Biz uchun ustuvor masala – ko‘pxonadonli turarjoy fondining texnik holatini va undan foydalanishni tubdan yaxshilash, ta’mirlash va tiklash ishlarini o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish, bolalar va sport maydonchalari barpo etish, ko‘pxonadonli uylar atrofidagi hududlarni obodonlashtirishni yaxshilash. Bizning, shuningdek, turarjoylar qurilishida raqobat muhitini ta’minlash, qurilish ishlari olib boriladigan hududlarda davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni rag‘batlantirish, turarjoylar barpo etishning namunaviy qurilish loyihalari ma’lumotlar bazasini yaratish ham doimiy e’tiborimizda bo‘ladi.

Biz ko‘pqavatli arzon uylar, keng va ravon yo‘llar, madaniyat va boshqa ijtimoiy infratuzilmalar, savdo va dam olish markazlari, sport majmualariga ega, ayni paytda Toshkentning tarixiy merosi va tashqi qiyofasini saqlab holda barpo etilayotgan zamonaviy turarjoy mavzelarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz uchun ustuvor masala – shaharliklar va poytaxtimiz mehmonlari hordiq chiqaradigan joylar tizimini yanada rivojlantirish, jahondagi eng yetuk dam olish maskanlaridan qolishmaydigan yangi istirohat zonalari, attraksionli bog‘lar barpo etish.

O‘zLiDeP “ekologik” va “aqlli” uylarning zamonaviy texnologiyalarini va qurilishini rivojlantirish tarafdori. Biz uy-joy qurilishida va loyihalarini ishlab chiqishda aholining turarjoyga bo‘lgan turli xil talablaridan kelib chiqqan, jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda ta’minlash imkonini beradigan yangicha va zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni rag‘batlantirish, xavfsiz, rang-barang va estetik jihatdan jozibador muhit yaratish tashabbusini ilgari suramiz

Biz poytaxt aholisi va mehmonlari uchun qulay yashash sharoiti yaratishga — aholining kommunal-maishiy xizmatlar, toza ichimlik suvi va elektr energiyasi bilan ta’minlanish darajasini tubdan oshirish, tejamkor va energiya tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni izchillik bilan joriy etish, odamlarning zamonaviy sharoitlarda yashashi uchun ekologik xavfsiz va qulay muhitni shakllantirishga eng muhim vazifalarimizdan biri deb qaraymiz.

Biz xususiy uy-joy egalari shirkatlari ishining sifatini yaxshilash;

suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlari ob’ektlaridan, ichimlik suvi resurslaridan samarali foydalanish;

elektr quvvatlari ishlab chiqaruvchi yangi korxonalar barpo etish va mavjudlarini modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Biz uchun ustuvor masalalardan yana biri – iste’molchilarga issiqlik energiyasini uzluksiz yetkazib berishni ta’minlash va sifatini oshirish, issiqlik yetkazib berish tizimi asosiy fondlarini yangilash va modernizatsiya qilish, tejamkor va energiya tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, energiya tejaydigan lokal issiqxonalar qurish, shuningdek, xonadonlarga yakka tartibda issiqlik yetkazib beruvchi tizimlarni o‘rnatish yo‘li bilan issiqlik yetkazib berishning nomarkazlashgan tizimini rivojlantirish.

Biz uchun ustuvor masala — ekologik vaziyatni yaxshilash, chiqindilarning fuqarolar sog‘lig‘iga zararli ta’sirining oldini olish, aholining hayot sifati darajasini oshirish uchun qulay sharoit yaratish, chiqindilarni yig‘ish, saqlash, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, ko‘mish va sotish tizimining moddiy-texnik bazasini yanada takomillashtirish va mustahkamlash. “Toza hudud” davlat unitar korxonasi faoliyatini samarali tashkil etish, chiqindilar bilan muomala tizimini to‘la qamrab olish uchun tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratamiz.

Partiya mazkur masalalarni kommunal va ishlab chiqarish infratuzilmalarini yanada rivojlantirish, ularning arzonligi va ishonchliligini ta’minlash, aholining ijtimoiy-maishiy yashash sharoitlarini yaxshilash orqali hal qilish mumkin deb hisob­laydi. Biz narxlarni tartibga solish emas, balki bozordagi teng raqobat — tovarlar va xizmatlarning sifati va maqbul narxlarini ta’minlashning eng muhim sharti deb bilamiz. Biz uy-joy kommunal xo‘jaligi va infratuzilma sohasini xususiy kapital uchun jozibador raqobat bozoriga aylantirish, tabiiy, suv-­energetika resurslaridan samarali foydalanishni rag‘batlantirishni iqtisodiy o‘sish sur’atlarini jadallashtirishning va shahar iqtisodiyoti raqobatbardoshligini yuksaltirishning muhim sharti deb hisoblaymiz.

Ishonamizki, shaharda zamonaviy turarjoy mavzelarining barpo etilishi iqtisodiyotning qurilish bilan bog‘liq tarmoqlarini mutanosib va barqaror rivojlantirishning lokomotiviga  ayla­nib, kommunal va sotsial sohalar, infratuzilmalar, transport va kommunikatsiya tarmoqlari, zamonaviy qurilish materiallari va kons­truksiyalar ishlab chiqarishni yanada rivoj­lantirishga xizmat qiladi. Eng asosiysi – bu aholining bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlari ochishning g‘oyat muhim omillaridan biridir. Biz ilg‘or qurilish texnologiyalari va energiya tejaydigan xalqaro andozalar talablariga mos raqobatbardosh mahsulotlar, qurilish va pardozlash materiallarining yangi turlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasidagi chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

“Toshkent — yo‘l-transport infratuzilmasi rivojlangan shahar”

Partiya qayd etadiki, Toshkent — mamlakatimizning bosh transport uzeli va mintaqamizdagi eng yirik tranzit markazlaridan biridir. Mamlakatimizda transport ifratuzilmasini har tomonlama rivojlantirish  borasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar samarasida poytaxtimiz bugun janubiy, g‘arbiy va sharqiy transmilliy transport yo‘laklarini birlashtirgan xalqaro avtomobil, temir yo‘l va havo yo‘llari qatnovini ta’minlovchi eng muhim transport uzeliga aylandi. Bu Toshkentni mamlakatimizning va jahonning turli hududlari bilan bog‘lovchi transport aloqasining jadal rivojlanishi, poytaxtimizning yurtimiz barcha hududlari bilan transport aloqasini amalga oshirishdagi rolining kuchayishi, shahar ichida transport vositalarining ko‘payishi va transport harakatining tezlashishi, Toshkent transport uzelida yo‘lovchi tashish hajmining sezilarli darajada oshishiga olib keldi.

Biz Toshkent metropolitenini yanada rivojlantirish, metroning yangi yo‘nalishlari va yangi bekatlarini ochish, infratuzilmasini modernizatsiya qilish borasidagi ishlarni qo‘llab-quvvatlaymiz va unga o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shamiz.

Biz uchun ustuvor masalalar sirasidan eng ilg‘or xalqaro andozalarni va fuqarolarning eng yuksak talablarini hisobga olgan holda shahar yerusti yo‘lovchi transportini, jamoat transportining boshqa turlari, jumladan, metro bekatidan temir yo‘l platformasi, elektr poyezdi, yerusti transporti va boshqalarga o‘tish uzellarini rivojlantirish ham joy olgan.

Biz yo‘l tarmoqlari, estakadali va ko‘pqavatli yo‘llar, to‘xtash joylarini yanada rivojlantirish, transportni boshqarish va yo‘l harakatini tashkil qilishning yagona intellektual tizimi, transport navigatsiyasi tizimini barpo etish tarafdorimiz. Partiya integratsiyalashgan yagona tarmoqni markazlashgan usulda boshqarish, jamoat transportining barcha turlarini yangicha uslubda boshqarish va muvofiqlashtirishga o‘tish ko‘cha-yo‘l tarmog‘ining transportni o‘tkazish imkoniyatlarining yanada oshishi, avtohalokat va o‘lim holatlarining kamayishiga xizmat qiladi deb hisoblaydi.

Biz aholiga transport xizmati ko‘rsatishni tubdan yaxshilash, yo‘lovchi tashishdagi xavfsizlik va qulayliklarni oshirish, jamoat transporti tarmog‘ini rivojlantirish, yo‘lovchilar tirband bo‘ladigan joylarda avtobuslarning yangi yo‘nalishlarini ochish, shahar avtomobil parkini modernizatsiya qilish va yangilash borasidagi chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Atmosferani zararli gazlar bilan bulg‘amaslik, avtovokzallar va avtostansiyalar qurish va rekonstruksiya qilish, yo‘l infratuzilmalarini qurish va rekonstruksiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratamiz.

Biz uchun ustuvor masalalar sirasidan velosiped yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirish, velosipedlar yo‘laklari, tumanlararo mahalliy ichki yo‘llar, rekreatsion hududlarni obodonlashtirish ishlari ham joy olgan. Bunday yo‘nalishlar tarhini ishlab chiqishda transportdan foydalanishning qulayligi, velosipedda harakatlanish xavfsizligi, jumladan, velosipedchilar bilan piyodalar oqimlarini ajratish muhim o‘rin tutadi.

Partiya yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish borasida — transport kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirishning chuqur o‘ylangan strategiyasi, chorrahalarni takomillashtirish, avtomobil yo‘llari va sun’iy inshootlarni loyihalashtirish, qurish va ulardan foydalanishga kompleks yondashuv asosida yo‘llarni qurish va rekonstruksiya qilish, loyi­ha va yo‘l qurilish ishlarining sifatini oshirish bo‘yicha uzoq muddatli dasturlar va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish tashabbusi bilan chiqmoqda.

O‘zLiDePNING POYTAXTIMIZNI SOSIAL-GUMANITAR SOHADA RIVOJLANTIRISh BORASIDAGI USTUVOR VAZIFALARI

 “Toshkent –intellektual shahar”

Biz jamiyatimiz intellektual salohiyatining izchil va barqaror o‘sishi, har bir fuqaroning o‘z imkoniyatlari va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yanada keng sharoit va imkoniyatlar yaratilishi tarafdorimiz.

Biz uchun ustuvor masala – yaqin istiqbolda Toshkentning jahondagi inson rivojlanishining (umr ko‘rish davomiyligi va turmush darajasi, savodxonlik, ta’lim va boshqalarning) eng yuqori indeksiga ega shaharlar safidan munosib o‘rin egallashini ta’minlash.

Biz  aholini oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichini sezilarli darajada oshirish, xususiy sektor resurslarini shu maqsadlarga keng jalb etish va raqobat muhitini rag‘batlantirish, butun ta’lim sohasida davlat-xususiy sherikligi tamoyillarini qo‘llab-quvvatlash vazifasini qo‘yamiz. Ayni paytda ta’lim va ma’rifatni — erkinlik va o‘z fikriga ega bo‘lish yo‘li, jaholat va zo‘ravonlikka qarshi ishonchli qalqon, deb bilamiz. Ta’lim tinchlikni saqlash va mustahkamlashda liberal siyosatning eng muhim vositasi bo‘lib qolmoqda. Biz “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashaylik” tamoyilini hayotga tatbiq etish tarafdorimiz.

O‘zLiDeP xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari va o‘rta ta’lim maktablari tarmog‘ini rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Zero, bu yuksak ilmli va har tomonlama rivojlangan avlodni tarbiyalash, intellektual, estetik va jismoniy jihatdan barkamol farzandlarni voyaga yetkazish uchun sharoitni tubdan yaxshilashda muhim omil bo‘ladi. Biz xususiy sektorning umumiy o‘rta ta’lim sifatini tubdan yaxshilash, xorijiy tillarni, informatika, talab katta bo‘lgan boshqa fanlar, jumladan, matematika, fizika, kimyo, biologiyani chuqur o‘rgatish borasidagi imkoniyatlariga ishonamiz. Biz bolalarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga yalpi jalb qilish, musiqa va san’atga oshno etish maqsadida bolalar sporti, musiqa va san’at maktablarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish sohasida davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish tarafdorimiz.

Biz xususiy kasb-hunar ta’limini yanada rivojlantirish tarafdorimiz, bu mehnat resurslarining mobilligini oshirishga xizmat qiladi. Shu maqsadda xususiy sektor, nodavlat notijorat tashkilotlar va davlat o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish, qo‘shimcha kasb-hunar ta’limi, kadrlarni qayta tayyorlash va barcha yoshdagi odamlarning (“ta’lim kattalar uchun”) malakasini oshirish sohasida davlat-xususiy sherikligini qo‘llab-quvvatlash zarur.

Partiya iqtidorli talabalarni rag‘batlantirib borish, oliy ta’lim muassasalarining institutsional va moliyaviy mustaqilligini sezilarli darajada kengaytirish, ta’lim va fan hamkorligini yanada mustahkamlash orqali o‘qitish sifatini yaxshilash, xalqaro aloqalarni rivojlantirish, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, o‘qituvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, salohiyati va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratish barqaror rivojlanishning muhim omilidir deb hisoblaydi. Biz o‘qitishning xalqaro andozalari va dars o‘tishni baholash tizimini joriy etish, oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarini bosqichma-bosqich ko‘paytirib borish asosida oliy ta’lim muassasalari faoliyatining sifat va samaradorligini yuksaltirish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Biz davlat-xususiy sherikligi, mamlakatimizdagi biznes hamjamiyati va ilmiy tadqiqot, akademik markazlar va muassasalarning ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatini rag‘batlantirish, ilmiy va innovatsion yutuqlarni amaliyotga joriy etish, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari huzurida ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, yuqori texnologiyalar markazlari, texnoparklar tashkil etish borasida ulkan salohiyatga ega ekanini ko‘rib turibmiz.

Bu borada quyidagi masalalarga ustuvor ahamiyat beramiz:

ilmiy-tadqiqot muassasalarining faoliyatini takomillashtirish, akademik ilm va ta’lim jarayonining oliy o‘quv yurtlaridagi hamkorligini yanada chuqurlashtirish;

yosh olimlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb etish uchun keng sharoit yaratish;

fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash;

texnologiyalar transferi, tijoriylashtirish, marketing va boshqalar.

“Toshkent — salomatlik jamiyatning muhim boyligi va aholining turmush tarzi sifatida qadrlanadigan shahar”

Aholining, ayniqsa, yosh avlodning salomatligi bebaho boyligimiz ekaniga ishonamiz. Biz uchun ustuvor masala – sog‘liqni saqlash tizimini, eng avvalo, uning boshlang‘ich bo‘g‘ini, tez va shoshilinch tibbiy yordamni yanada rivojlantirish, zamonaviy tibbiyot yutuqlarini joriy etish, oilalar sog‘lig‘ini mustahkamlash. Biz onalar va bolalarning sifatli tibbiy xizmatlardan bahramand bo‘lishini yanada kengaytirish, go‘daklar va bolalar o‘limini kamaytirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mus­tahkamlash, yuqori texnologiyali va samarali, zamonaviy jihozlar va yuksak malakali kadrlar bilan ta’minlangan tibbiy yordamni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Biz arzon, sifatli va malakali tibbiy yordam sohasiga xususiy kapitalni jalb etish orqali sog‘lom raqobat muhitini yaratish, davlat-xususiy sherikligi tamoyillari asosida tibbiyot sifatini tubdan yaxshilash tarafdorimiz. Partiya xususiy tibbiyotni aholining sifatli tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash garovi, sog‘liqni saqlash sohasiga yanada samarali, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni joriy etishning muhim sharti deb hisoblaydi. Biz sog‘liqni saqlashning xususiy sektorini barqaror rivojlantirish, xorijiy investitsiyalar va yuksak malakali chet ellik mutaxassislarni jalb etish, xususiy tibbiyot sohasidagi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni kengaytirish, tibbiy turizmni va tibbiy xizmatlar eksportini rivojlantirishga doir chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz,

Biz tibbiy profilaktikani, ayniqsa, poliklinikalar darajasidagi profilaktikani rivojlantirish tarafdorimiz. Xastalikning oldini olish uni davolashdan ko‘ra osonroq, kasallik qancha erta aniqlansa, uni davolash yoki gazak olishini to‘xtatish imkoniyatlari shunchalik katta bo‘ladi, deb ishonamiz. Biz “ogohlantirish, tushuntirish va oldini olish” modelini amalga oshirish tarafdorimiz.

Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, oilalarda sog‘lom muhitni mustahkamlash, bolalarda, ayniqsa, qizlarda jismoniy tarbiya va sportga mehr uyg‘otish partiyaning ustuvor vazifalari bo‘lib qolaveradi. Biz oilalarning, eng avvalo, qizlarning tibbiy madaniyatini oshirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini va sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilish, sohada ijtimoiy reklamalar ulushini ko‘paytirish, aholi barcha qatlamlarining sog‘lomlashtirish, davolash va reabilitatsiya tibbiyotidan bahramand bo‘lishini yanada kengaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar qabul qilinishi tarafdorimiz. Yuqumsiz kasalliklar profilaktikasi va nazorati, aholida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, xavfli xatti-harakat va zararli odatlar modelidan voz kechishning uzoq muddatga mo‘ljallangan dasturini ishlab chiqish va amalga oshirishni taklif qilamiz.

Biz uchun ustuvor vazifa – aholini sifatli va arzon dori-darmonlar bilan ta’minlash. Hayot uchun o‘ta zarur va ahamiyatli dori-darmonlar, sotsial ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot amaliyotida nisbatan keng qo‘llaniladigan tibbiyotga oid mahsulotlar sohaning yetuk mutaxassislari ishtirokida ochiqchasiga shakllantirilmog‘i, yangilanmog‘i va kengaytirilmog‘i lozim deb hisoblaymiz. Sotsial dorixonalar tarmog‘ini rivojlantirish, jumladan, davlat-xususiy sherikligi asosida rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

“Toshkent – bandlik to‘la ta’minlanadigan va barcha o‘ziga munosib ish topadigan shahar”

Biz fuqarolarni teng mehnat va teng ish haqi evaziga munosib ish, to‘la va unumdor, maqbul bandlik bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, mehnat bozorining mutanosibligini kafolatlash va infratuzilmasini rivojlantirish, ishsizlik darajasini kamaytirishni shahrimizni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishdagi ustuvor vazifalardan deb hisoblaymiz. Ishsizlik, ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan muammolardandir. Biz ayni paytda ishga joylashish borasida keng imkoniyatlar yaratish, bu masalada davlat organlari bilan bir qatorda fuqarolarning ham mas’uliyatini oshirish, o‘z holicha o‘ziga yordam bera olmaydigan har bir odamning shaxsiy sharoitini hisobga olish, mazkur maqsadlarga jamiyat va xususiy sektorning resurslarini ham jalb etishga yo‘naltirilgan siyosat tarafdorimiz.

O‘zLiDeP aholini ish bilan ta’minlash va yangi ish o‘rinlari ochishning yillik dasturlarini amalga oshirish tajribasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ishonamizki, tadbirkorlik – aholini ish bilan ta’minlash kafolatidir. Biz mazkur masalalarning yechimi ish o‘rinlari ochishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ishtirokini yanada kengaytirish, oilaviy biznesni rivojlantirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, kollej bitiruvchilarini ish bilan ta’minlagan kichik korxonalarga keng imtiyozlar berishda deb bilamiz.

“Toshkent – yoshlar shahri”

Ishonamizki, har tomonlama rivojlangan, sog‘lom, erkin va o‘ziga ishongan yoshlar – kelajak bunyodkorlaridir. Partiya “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va, albatta, baxtli bo‘lishlari shart!” degan oqilona tamoyilga sodiq qoladi. Yoshlarimiz yuksak intellektual va ma’naviy salohiyatga ega bo‘lishi, hech bir sohada hech kimdan kam bo‘lmasligi, baxtli va kelajakka katta ishonch bilan yashashini ta’minlash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solamiz.

Hayotda ko‘tarinki muhit yaratish, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy istiqboli, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash uchun izchillik bilan harakat qilaveramiz. Biz yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishini qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish borasidagi tizimli ishlar davom ettirilishi tarafdorimiz. Shuningdek, yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, yosh oilalar uchun munosib uy-joy va sotsial-maishiy sharoit yaratish, yoshlar uylarini barpo etish borasidagi chora-tadbirlarning yanada samarali va o‘z vaqtida bajarilishi tarafdorimiz.

Yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, “Bir bolaga yetti mahalla – ota-ona” tamoyilini hayotga tatbiq etish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Ushbu vazifalarning ijrosini ta’minlashda, avvalo, mahallalar faollari, boy hayotiy tajriba, bilim va ma’naviy salohiyatga ega nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ko‘magiga tayanamiz.

Partiya yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, yosh avlodning zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, har bir tumanning o‘ziga xos imkoniyatlaridan kelib chiqib, kasbga yo‘naltirish borasidagi masalalarni samarali hal qilish tarafdori. Biz yoshlar o‘z biznesini tashkil qilishi uchun yanada qulayroq sharoit va yoshlar tadbirkorligi klasterini yaratishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Biz quyidagi masalalarga ustuvor ahamiyat beramiz:

yosh olimlar va talabalarning zamonaviy, ilg‘or uslublar va texnologiyalarni egallashi;

yoshlarning innovatsion faoliyatini rivojlantirish, ilmiy va texnik g‘oyalarning sanoat nusxalarini ro‘yobga chiqarish;

yoshlarni yuqori texnologiyali zamonaviy ishlab chiqarishlarga jalb qilish.

Shu maqsadda mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari huzurida yoshlar innovatsiya markazlarini tashkil etishga doir chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Biz yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, iqtidori va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ular orasida haqiqiy liderlarni kashf etish va tarbiyalash, kitob o‘qish madaniyatini oshirish, Vatanga muhabbat, el-yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish tarafdorimiz.

Yoshlarning siyosiy, huquqiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish, faol fuqarolik pozitsiyasiini shakllantirish, yuz berayotgan siyosiy jarayonlarga ongli munosabatda bo‘lish, ma’naviy-axloqiy sohada turli tashqi va ichki tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, bolalarning axborot xavfsizligini ta’minlash partiyaning eng muhim vazifalari bo‘lib qolaveradi. Biz yoshlar shaharchasi, yoshlar hukumati va yoshlar parlamentini rivojlantirish tarafdorimiz.

Biz yoshlar ongiga liberal-demokratiyaga oid qadriyatlarni singdiradigan insoniy tarbiya tizimini yaratish tarafdorimiz. Ishonamizki, kelajak aynan ana shunday yoshlar qo‘lida bo‘ladi. Biz yoshlarga va poytaxtimizning porloq istiqboliga, davlatimizning buyuk kelajagiga ishonamiz.

 Toshkent –xavfsiz shahar

Partiya jamiyatda tinchlik va osoyishtalik, barqarorlik, diniy bag‘rikenglik, millatlar va fuqarolararo totuvlik hukm surishi, xavfsizlikka qarshi barcha tahdid va xatarlarning oldini olishni poytaxtimiz va mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jihatdan barqaror rivojlanishining eng muhim omillari deb biladi.

Biz uchun ustuvor masala – erkin jamiyatda yashovchi erkin fuqaroning ma’naviy jihatdan muttasil yuksalishi, o‘z haq-huquqlarini tanigan, boqimandalikning har qanday ko‘rinishidan yiroq, o‘z kuchi va salohiyatiga ishonadigan, ayni paytda jamoa bilan til topisha oladigan, yuz berayotgan voqea-hodisalarga nisbatan o‘z fikri va nuqtai nazariga ega har tomonlama rivojlangan shaxsni shakllantirish.

Biz jamiyatda huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish, jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar faoliyati bo‘yicha jamoatchilik nazorati mexanizmlarini mustahkamlashni jamiyatda qonunchilikni mustahkamlashning eng muhim shartlaridan deb hisoblaymiz.

Partiya ichki ishlar organlari tizimidagi tub islohotlarni, faoliyati, eng avvalo, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish, huquq-tartibot va jamoat xavfsizligini ta’minlashga yo‘naltirilgan mazkur organni malakali xizmatga aylantirish borasidagi tizimli chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Biz uchun ustuvor vazifa – mazkur tizimning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, aholi bilan tizimli va manzilli muloqotni yo‘lga qo‘yish.

Biz Toshkentni “xavfsiz shahar” sifatida rivojlantirish konsepsiyasini qo‘llab-quvvatlaymiz va bu borada uzoq muddatli dasturni ishlab chiqish va amalga oshirish tashabbusi bilan chiqamiz.

 * * *

Partiya bayon etilgan Dasturni ilgari surar ekan, mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi barcha sohalarni erkinlashtirishda o‘zining keng miqyosli siyosiy va fuqarolik harakati sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashni istaydi.

O‘zLiDeP – islohotlarning taqdiri, Harakatlar strategiyasi qoidalarining hayotga tatbiq etilishi va elektoratining manfaatlarini samarali himoya qilish uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan siyosiy kuchdir.

Partiya jamoatchilik diqqat markazida turgan muammolarning hal etilishi yo‘lidagi yechimlarni topishga faol harakat qilar ekan, bunda aholining keng qatlamlari, avvalo, tadbirkorlar va ishbilarmonlar manfaatlaridan, poytaxtimizda istiqomat qiluvchi har bir inson farovonligini muttasil oshib borish maqsadlaridan kelib chiqadi. O‘z maqsadlarimizga erishishning eng samarali yo‘llarini topish va amalga oshirishda biz g‘oya va dasturlarning konstruktiv, raqobatli kurashiga tayyormiz.

Ayni paytda mulkdorlarning o‘rta sinfi, O‘zLiDeP a’zolari va tarafdorlarining kuchi va bilimi, iroda va tajribasi, intilishi va salohiyatini ushbu ezgu maqsadlarga erishishimizning asosiy kafolati deb bilamiz, eng muhimi – shahrimiz aholisining mardligi va g‘ayrati, bukilmas irodasi va dadilligiga tayanamiz.

O‘zLiDeP o‘z kuchiga ishonadi va u bunyodkorlar partiyasi ekanini amaliy ishlari bilan isbotlashga qodir!

Biz islohotlar yo‘lidagi barcha to‘siqlarni og‘ishmasdan bartaraf etib, bugungi davr oldimizga qo‘yayotgan vazifalarni vijdonan va mas’uliyat bilan hal qilib boraveramiz.

Ko‘pmillatli mehnatkash xalqimiz bilan birga qayd etilgan vazifalarni albatta amalga oshiramiz va o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak maqsadlarga erishamiz.

Xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish – muqaddas burchimiz!

 Fuqarolarimiz manfaatlari yo‘lida harakat qilish – vazifamiz!

Toshkentning dunyodagi eng jadal rivojlanayotgan megapolislar safidan munosib o‘rin egallashini ta’minlash – maqsadimiz!

 Hurmatli saylovchilar – aziz hamshaharlar!

 Biz partiyamizning Toshkent shahrida davlat hokimiyati vakillik organlariga shu yil 24 dekabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlardagi ishtirokiga oid maqsad va vazifalari bilan sizni qisqa tarzda tanishtirishga harakat qildik.

Ushbu muhim va ustuvor vazifalarimizni kelajakda amalga oshirish maqsadida saylovlarda eng munosib nomzodlarni ilgari surdik.

Biz sizlar bilan birgalikda jonajon shahrimizning mutlaqo yangi qiyofasini yaratamiz deb ishonamiz!

Tadbirkorlikni rivojlantirish jamiyatimiz taraqqiyoti va farovon hayotimizning eng muhim kafolatidir!

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi nomzodlariga ovoz bering!

Teglar
Saylov 2017
  • Ko'rildi
    2003
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+