Tibbiyotda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash haqidagi taklifim saylovchilarning e’tiborini qozondi

12.12.2017, 16:58

Tibbiyotda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash haqidagi taklifim saylovchilarning e’tiborini qozondi

– Tani og‘rimagan odamning o‘zi yo‘q bu dunyoda. Issiq jonning isitmasi bo‘lganidek, ba’zan o‘zimiz, ba’zan farzandlarimiz og‘rib qolsa, darrov oilaviy poliklinikaga murojaat etamiz. Tun allamahal bo‘lsa, tez yordamga qo‘ng‘iroq qilamiz. Bunday pallada bir daqiqa ham bir yildek o‘tadi go‘yo, boz ustiga, tez yordam kelishi hayallasa. O‘z-o‘zidan xayolimizdan shunday o‘ylar kechadi: qaniydi, tez yordam zumda yetib kelsa, shifokor o‘zi bilan birga zarur dori-darmonlarniyam olib kelsa... Xullas, boshing urilgan devorning yumshoq bo‘lishini istayverasan.

Bu har birimizning ko‘nglimizdagi gaplar. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashi deputatligiga nomzod sifatida aholi bilan muloqotda bir-birimizni tushunishimiz, ularga dastur va maqsadlarimni yetkazishim qiyin kechmadi. Tumandagi 1-oilaviy poliklinikada bo‘lib o‘tgan uchrashuvdagi savollar, takliflar, hatto fidoyi tibbiyot xodimlariga bildirilgan tashakkurlar ham mening qaydlarimdan o‘rin oldi.

Saylovoldi dasturimda quyidagilarni taklif etdim: sog‘liqni saqlash tizimini, eng avvalo, uning boshlang‘ich bo‘g‘ini, tez va shoshilinch tibbiy yordamni yanada rivojlantirish, zamonaviy tibbiyot yutuqlarini joriy etish, oilaning sog‘ligini mustahkamlash. Men onalar va bolalarning sifatli tibbiy xizmatlardan bahramand bo‘lishini yanada kengaytirish, go‘daklar va bolalar o‘limini kamaytirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yuqori texnologiyali, zamonaviy jihozlar va yuksak malakali kadrlar bilan ta’minlangan tibbiy yordamni rivojlantirish, shuningdek, arzon, sifatli va malakali tibbiy yordam sohasiga xususiy kapitalni jalb etish orqali sog‘lom raqobat muhitini yaratish tarafdoriman. Bunda davlat-xususiy sheriklik tamoyillariga amal qilish, zamonaviy texnologiya va innovatsiya­larni joriy etish, xorijiy investitsiyalar va tajribali chet ellik mutaxassislarni jalb qilish, tibbiy turizm va xizmatlar eksportini rivojlantirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishga e’tibor qarataman. Shuningdek, aholini sifatli va arzon dori-darmonlar bilan ta’minlash, sotsial dorixonalar tarmog‘ini yanada takomillashtirish asosiy maqsadlarimdan biridir.

Malika Saidxodjayeva,

2-Afrosiyob saylov okrugidan Toshkent shahar xalq deputatlari

Mirobod tuman Kengashi deputatligiga nomzod

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

Teglar
Saylov 2017
  • Ko'rildi
    1900
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+