Joriy yilda Samarqandda oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun 300 mlrd so‘m kredit mablag‘lari ajratiladi

08.04.2019, 18:40

Joriy yilda Samarqandda oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun 300 mlrd so‘m kredit mablag‘lari ajratiladi

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi tashabbusi bilan Prezidentimizning  “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori mazmun-mohiyati va unda belgilab berilgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Bir qator mas’ul tashkilotlar rahbarlari, partiya faollari, tadbirkorlar hamda o‘z biznesini boshlash istagida bo‘lgan yoshlar ishtirok etgan tadbirda viloyatda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning biznes g‘oyalarini amalga oshirishga ko‘maklashish borasida bajarilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.

- Birgina Samarqand viloyatida o‘tgan 2018 yil davomida “Har bir oila tadbirkor” Davlat dasturi doirasida 4 mingga yaqin fuqorolarga 119 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi, - deydi Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi yurist masahatchisi Tal’at Qodirov. - Joriy yilda mazkur dastur doirasida hududlarda oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida 300 milliard so‘m miqdorida kreditlar ajratilishi ko‘zda tutilmoqda. Ushbu mablag‘lar hududlarda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqarolarga yoki yangi innovatsion loyihalarni hayotga tatbiq etishni maqsad qilgan xotin-qizlar va yoshlarga ajratilishi ko‘zda tutilgan. Davlatimiz rahbarining mazkur qarori asosida hududlarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha sektorlar tashkil qilinib, mablag‘larning har birini yo‘naltirish borasida tizimli ravishda monitoring olib boriladi.

Davra suhbatida O‘zLiDeP tashabbusi bilan hududlarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar va yosh tadbirkorlarning istiqbolli loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, shu bilan birga, aholi tomorqalaridan  samarali foydalanish borasida qator targ‘ibot ishlari olib borilganligi ta’kidlab o‘tildi.

- Ushbu Qaror ijrosi doirasida 10 kun davomida partiya faollaridan iborat ishchi guruh vakillari 5 ming nafarga yaqin aholi xonadonlariga tashrif buyurib, aholini oilaviy tadbirkorlikka jalb qilish, o‘z tomorqalaridan samarali foydalanish ahvoli o‘rganildi, - deydi O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi bo‘lim mudiri Qodir Shoyimov. – Ayniqsa, tadbirkorlikka qiziqishi bor bo‘lgan yoshlarga, xotin-qizlarga tajribali tadbirkorlar ishtirokida master-klasslar tashkil qilinyapti. Bundan tashqari ushbu o‘rganishlar jarayonida kredit olish masalasida 33 ta, sug‘orish ishlarida 81 ta, yerga ishlov berish masalasida 555 ta muammolar ham aniqlanib partiya vositalari orqali ijobiy hal etildi.

Davra suhbatida Prezidentimizning “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori asosida mazkur yo‘nalishdagi ishlarni hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tizimli tashkil etish, oilaviy tadbirkorlik rivojlanishiga har tomonlama ko‘makchi bo‘la olishligi borasida aniq vazifalar belgilab olindi.

Baxtigul Qarshiyeva

O‘zLiDeP Samarqand

viloyat kengashi

matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    939
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+