O‘zLiDePning poytaxtimizni sotsial-gumanitar sohada va intellektual rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalari

13.12.2017, 12:09

O‘zLiDePning poytaxtimizni sotsial-gumanitar sohada va intellektual rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalari

JONAJON POYTAXTIMIZNI BIRGALIKDA ENG OBOD SHAHARGA AYLANTIRAMIZ

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Toshkent shahrida davlat hokimiyati vakillik organlariga 2017 yil bo‘lib o‘tadigan saylovlardagi ishtirokiga oid maqsad va vazifalari

(davomi)

 O‘zLiDePning poytaxtimizni sotsial-gumanitar sohada va intellektual rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalari

“Toshkent – intellektual shahar”

Biz jamiyatimiz intellektual salohiyatining izchil va barqaror o‘sishi, har bir fuqaroning o‘z imkoniyatlari va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yanada keng sharoit va imkoniyatlar yaratilishi tarafdorimiz.

Biz uchun ustuvor masala – yaqin istiqbolda Toshkentning jahondagi inson rivojlanishining (umr ko‘rish davomiyligi va turmush darajasi, savodxonlik, ta’lim va boshqalarning) eng yuqori indeksiga ega shaharlar safidan munosib o‘rin egallashini ta’minlash.

Biz  aholini oliy ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichini sezilarli darajada oshirish, xususiy sektor resurslarini shu maqsadlarga keng jalb etish va raqobat muhitini rag‘batlantirish, butun ta’lim sohasida davlat-xususiy sherikligi tamoyillarini qo‘llab-quvvatlash vazifasini qo‘yamiz. Ayni paytda ta’lim va ma’rifatni — erkinlik va o‘z fikriga ega bo‘lish yo‘li, jaholat va zo‘ravonlikka qarshi ishonchli qalqon, deb bilamiz. Ta’lim tinchlikni saqlash va mustahkamlashda liberal siyosatning eng muhim vositasi bo‘lib qolmoqda. Biz “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashaylik” tamoyilini hayotga tatbiq etish tarafdorimiz.

O‘zLiDeP xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari va o‘rta ta’lim maktablari tarmog‘ini rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Zero, bu yuksak ilmli va har tomonlama rivojlangan avlodni tarbiyalash, intellektual, estetik va jismoniy jihatdan barkamol farzandlarni voyaga yetkazish uchun sharoitni tubdan yaxshilashda muhim omil bo‘ladi. Biz xususiy sektorning umumiy o‘rta ta’lim sifatini tubdan yaxshilash, xorijiy tillarni, informatika, talab katta bo‘lgan boshqa fanlar, jumladan, matematika, fizika, kimyo, biologiyani chuqur o‘rgatish borasidagi imkoniyatlariga ishonamiz. Biz bolalarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga yalpi jalb qilish, musiqa va san’atga oshna etish maqsadida bolalar sporti, musiqa va san’at maktablarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish sohasida davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish tarafdorimiz.

Biz xususiy kasb-hunar ta’limini yanada rivojlantirish tarafdorimiz, bu mehnat resurslarining mobilligini oshirishga xizmat qiladi. Shu maqsadda xususiy sektor, nodavlat notijorat tashkilotlar va davlat o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish, qo‘shimcha kasb-hunar ta’limi, kadrlarni qayta tayyorlash va barcha yoshdagi odamlarning (“ta’lim kattalar uchun”) malakasini oshirish sohasida davlat-xususiy sherikligini qo‘llab-quvvatlash zarur.

Partiya iqtidorli talabalarni rag‘batlantirib borish, oliy ta’lim muassasalarining institutsional va moliyaviy mustaqilligini sezilarli darajada kengaytirish, ta’lim va fan hamkorligini yanada mustahkamlash orqali o‘qitish sifatini yaxshilash, xalqaro aloqalarni rivojlantirish, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, o‘qituvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, salohiyati va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratish barqaror rivojlanishning muhim omilidir deb hisoblaydi. Biz o‘qitishning xalqaro andozalari va dars o‘tishni baholash tizimini joriy etish, oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarini bosqichma-bosqich ko‘paytirib borish asosida oliy ta’lim muassasalari faoliyatining sifat va samaradorligini yuksaltirish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Biz davlat-xususiy sherikligi, mamlakatimizdagi biznes hamjamiyati va ilmiy tadqiqot, akademik markazlar va muassasalarning ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatini rag‘batlantirish, ilmiy va innovatsion yutuqlarni amaliyotga joriy etish, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari huzurida ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, yuqori texnologiyalar markazlari, texnoparklar tashkil etish borasida ulkan salohiyatga ega ekanini ko‘rib turibmiz.

Bu borada quyidagi masalalarga ustuvor ahamiyat beramiz:

ilmiy-tadqiqot muassasalarining faoliyatini takomillashtirish, akademik ilm va ta’lim jarayonining oliy o‘quv yurtlaridagi hamkorligini yanada chuqurlashtirish;

yosh olimlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb etish uchun keng sharoit yaratish;

fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash;

texnologiyalar transferi, tijoriylashtirish, marketing va boshqalar.

“Toshkent — salomatlik jamiyatning muhim boyligi va aholining turmush tarzi sifatida qadrlanadigan shahar”

Aholining, ayniqsa, yosh avlodning salomatligi bebaho boyligimiz ekaniga ishonamiz. Biz uchun ustuvor masala – sog‘liqni saqlash tizimini, eng avvalo, uning boshlang‘ich bo‘g‘ini, tez va shoshilinch tibbiy yordamni yanada rivojlantirish, zamonaviy tibbiyot yutuqlarini joriy etish, oilalar sog‘lig‘ini mustahkamlash. Biz onalar va bolalarning sifatli tibbiy xizmatlardan bahramand bo‘lishini yanada kengaytirish, go‘daklar va bolalar o‘limini kamaytirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yuqori texnologiyali va samarali, zamonaviy jihozlar va yuksak malakali kadrlar bilan ta’minlangan tibbiy yordamni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Biz arzon, sifatli va malakali tibbiy yordam sohasiga xususiy kapitalni jalb etish orqali sog‘lom raqobat muhitini yaratish, davlat-xususiy sherikligi tamoyillari asosida tibbiyot sifatini tubdan yaxshilash tarafdorimiz. Partiya xususiy tibbiyotni aholining sifatli tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash garovi, sog‘liqni saqlash sohasiga yanada samarali, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni joriy etishning muhim sharti deb hisoblaydi. Biz sog‘liqni saqlashning xususiy sektorini barqaror rivojlantirish, xorijiy investitsiyalar va yuksak malakali chet ellik mutaxassislarni jalb etish, xususiy tibbiyot sohasidagi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni kengaytirish, tibbiy turizmni va tibbiy xizmatlar eksportini rivojlantirishga doir chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz,

Biz tibbiy profilaktikani, ayniqsa, poliklinkalar darajasidagi profilaktikani rivojlantirish tarafdorimiz. Xastalikning oldini olish uni davolashdan ko‘ra osonroq, kasallik qancha erta aniqlansa, uni davolash yoki gazak olishini to‘xtatish imkoniyatlari shunchalik katta bo‘ladi, deb ishonamiz. Biz “ogohlantirish, tushuntirish va oldini olish” modelini amalga oshirish tarafdorimiz.

Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, oilalarda sog‘lom muhitni mustahkamlash, bolalarda, ayniqsa, qizlarda jismoniy tarbiya va sportga mehr uyg‘otish partiyaning ustuvor vazifalari bo‘lib qolaveradi. Biz oilalarning, eng avvalo, qizlarning tibbiy madaniyatini oshirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini va sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilish, sohada ijtimoiy reklamalar ulushini ko‘paytirish, aholi barcha qatlamlarining sog‘lomlashtirish, davolash va reabilitatsiya tibbiyotidan bahramand bo‘lishini yanada kengaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar qabul qilinishi tarafdorimiz. Yuqumsiz kasalliklar profilaktikasi va nazorati, aholida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, xavfli xatti-harakat va zararli odatlar modelidan voz kechishning uzoq muddatga mo‘ljallangan dasturini ishlab chiqish va amalga oshirishni taklif qilamiz.

Biz uchun ustuvor vazifa – aholini sifatli va arzon dori-darmonlar bilan ta’minlash. Hayot uchun o‘ta zarur va ahamiyatli dori-darmonlar, sotsial ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot amaliyotida nisbatan keng qo‘llaniladigan tibbiyotga oid mahsulotlar sohaning yetuk mutaxassislari ishtirokida ochiqchasiga shakllantirilmog‘i, yangilanmog‘i va kengaytirilmog‘i lozim deb hisoblaymiz. Sotsial dorixonalar tarmog‘ini rivojlantirish, jumladan, davlat-xususiy sherikligi asosida rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

“Toshkent – bandlik to‘la ta’minlanadigan va barcha o‘ziga munosib ish topadigan shahar”

Biz fuqarolarni teng mehnat va teng ish haqi evaziga munosib ish, to‘la va unumdor, maqbul bandlik bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, mehnat bozorining mutanosibligini kafolatlash va infratuzilmasini rivojlantirish, ishsizlik darajasini kamaytirishni shahrimizni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishdagi ustuvor vazifalardan deb hisoblaymiz. Ishsizlik, ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan muammolardandir. Biz ayni paytda ishga joylashish borasida keng imkoniyatlar yaratish, bu masalada davlat organlari bilan bir qatorda fuqarolarning ham mas’uliyatini oshirish, o‘z holicha o‘ziga yordam bera olmaydigan har bir odamning shaxsiy sharoitini hisobga olish, mazkur maqsadlarga jamiyat va xususiy sektorning resurslarini ham jalb etishga yo‘naltirilgan siyosat tarafdorimiz.

O‘zLiDeP aholini ish bilan ta’minlash va yangi ish o‘rinlari ochishning yillik dasturlarini amalga oshirish tajribasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ishonamizki, tadbirkorlik – aholini ish bilan ta’minlash kafolatidir. Biz mazkur masalalarning yechimi ish o‘rinlari ochishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ishtirokini yanada kengaytirish, oilaviy biznesni rivojlantirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, kollej bitiruvchilarini ish bilan ta’minlagan kichik korxonalarga keng imtiyozlar berishda deb bilamiz.

“Toshkent – yoshlar shahri”

Ishonamizki, har tomonlama rivojlangan, sog‘lom, erkin va o‘ziga ishongan yoshlar – kelajak bunyodkorlaridir. Partiya “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va, albatta, baxtli bo‘lishlari shart!” degan oqilona tamoyilga sodiq qoladi. Yoshlarimiz yuksak intellektual va ma’naviy salohiyatga ega bo‘lishi, hech bir sohada hech kimdan kam bo‘lmasligi, baxtli va kelajakka katta ishonch bilan yashashini ta’minlash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solamiz.

Hayotda ko‘tarinki muhit yaratish, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy istiqboli, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash uchun izchillik bilan harakat qilaveramiz. Biz yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishini qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish borasidagi tizimli ishlar davom ettirilishi tarafdorimiz. Shuningdek, yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, yosh oilalar uchun munosib uy-joy va sotsial-maishiy sharoit yaratish, yoshlar uylarini barpo etish borasidagi chora-tadbirlarning yanada samarali va o‘z vaqtida bajarilishi tarafdorimiz.

Yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, “Bir bolaga yetti mahalla – ota-ona” tamoyilini hayotga tatbiq etish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solamiz. Ushbu vazifalarning ijrosini ta’minlashda, avvalo, mahallalar faollari, boy hayotiy tajriba, bilim va ma’naviy salohiyatga ega nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ko‘magiga tayanamiz.

Partiya yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, yosh avlodning zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, har bir tumanning o‘ziga xos imkoniyatlaridan kelib chiqib, kasbga yo‘naltirish borasidagi masalalarni samarali hal qilish tarafdori. Biz yoshlar o‘z biznesini tashkil qilishi uchun yanada qulayroq sharoit va yoshlar tadbirkorligi klasterini yaratishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Biz quyidagi masalalarga ustuvor ahamiyat beramiz:

yosh olimlar va talabalarning zamonaviy, ilg‘or uslublar va texnologiyalarni egallashi;

yoshlarning innovatsion faoliyatini rivojlantirish, ilmiy va texnik g‘oyalarining sanoat nusxalarini ro‘yobga chiqarish;

yoshlarni yuqori texnologiyali zamonaviy ishlab chiqarishlarga jalb qilish.

Shu maqsadda mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari huzurida yoshlar innovatsiya markazlarini tashkil etishga doir chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Biz yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, iqtidori va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ular orasida haqiqiy liderlarni kashf etish va tarbiyalash, kitob o‘qish madaniyatini oshirish, Vatanga muhabbat, el-yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish tarafdorimiz.

Yoshlarning siyosiy, huquqiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish, faol fuqarolik pozitsiyasiini shakllantirish, yuz berayotgan siyosiy jarayonlarga ongli munosabatda bo‘lish, ma’naviy-axloqiy sohada turli tashqi va ichki tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, bolalarning axborot xavfsizligini ta’minlash partiyaning eng muhim vazifalari bo‘lib qolaveradi. Biz yoshlar shaharchasi, yoshlar hukumati va yoshlar parlamentini rivojlantirish tarafdorimiz.

Biz yoshlar ongiga liberal-demokratiyaga oid qadriyatlarni singdiradigan insoniy tarbiya tizimini yaratish tarafdorimiz. Ishonamizki, kelajak aynan ana shunday yoshlar qo‘lida bo‘ladi. Biz yoshlarga va poytaxtimizning porloq isiqboliga, davlatimizning buyuk kelajagiga ishonamiz.

Toshkent – «xavfsiz shahar»

Partiya jamiyatda tinchlik va osoyishtalik, barqarorlik, diniy bag‘rikenglik, millatlar va fuqarolararo totuvlik hukm surishi, xavfsizlikka qarshi barcha tahdid va xatarlarning oldini olishni poytaxtimiz va mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jihatdan barqaror rivojlanishining eng muhim omillari deb biladi.

Biz uchun ustuvor masala – erkin jamiyatda yashovchi erkin fuqaroning ma’naviy jihatdan muttasil yuksalishi, o‘z haq-huquqlarini tanigan, boqimandalikning har qanday ko‘rinishidan yiroq, o‘z kuchi va salohiyatiga ishonadigan, ayni paytda jamoa bilan til topisha oladigan, yuz berayotgan voqea-hodisalarga nisbatan o‘z fikri va nuqtai nazariga ega har tomonlama rivojlangan shaxsni shakllantirish.

 Biz jamiyatda huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish, jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar faoliyati bo‘yicha jamoatchilik nazorati mexanizmlarini mustahkamlashni jamiyatda qonunchilikni mustahkamlashning eng muhim shartlaridan deb hisoblaymiz.

Partiya ichki ishlar organlari tizimidagi tub islohotlarni, faoliyati, eng avvalo, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish, huquq-tartibot va jamoat xavfsizligini ta’minlashga yo‘naltirilgan mazkur organni malakali xizmatga aylantirish borasidagi tizimli chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Biz uchun ustuvor vazifa – mazkur tizimning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, aholi bilan tizimli va manzilli muloqotni yo‘lga qo‘yish.

Biz Toshkentni “xavfsiz shahar” sifatida rivojlantirish konsepsiyasini qo‘llab-quvvatlaymiz va bu borada uzoq muddatli dasturni ishlab chiqish va amalga oshirish tashabbusi bilan chiqamiz.

***

Partiya bayon etilgan Dasturni ilgari surar ekan, mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi barcha sohalarni erkinlashtirishda o‘zining keng miqyosli siyosiy va fuqarolik harakati sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashni istaydi.

O‘zLiDeP – islohotlarning taqdiri, Harakatlar strategiyasi qoidalarining hayotga tatbiq etilishi va elektoratining manfaatlarini samarali himoya qilish uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan siyosiy kuchdir.

Partiya jamoatchilik diqqat markazida turgan muammolarning hal etilishi yo‘lidagi yechimlarni topishga faol harakat qilar ekan, bunda aholining keng qatlamlari, avvalo, tadbirkorlar va ishbilarmonlar manfaatlaridan, poytaxtimizda istiqomat qiluvchi har bir inson farovonligini muttasil oshib borish maqsadlaridan kelib chiqadi. O‘z maqsadlarimizga erishishning eng samarali yo‘llarini topish va amalga oshirishda biz g‘oya va dasturlarning konstruktiv, raqobatli kurashiga tayyormiz.

Ayni paytda mulkdorlarning o‘rta sinfi, O‘zLiDeP a’zolari va tarafdorlarining kuchi va bilimi, iroda va tajribasi, intilishi va salohiyatini ushbu ezgu maqsadlarga erishishimizning asosiy kafolati deb bilamiz, eng muhimi – shahrimiz aholisining mardligi va g‘ayrati, bukilmas irodasi va dadilligiga tayanamiz.

O‘zLiDeP o‘z kuchiga ishonadi va u bunyodkorlar partiyasi ekanini amaliy ishlari bilan isbotlashga qodir!

Biz islohotlar yo‘lidagi barcha to‘siqlarni og‘ishmasdan bartaraf etib, bugungi davr oldimizga qo‘yayotgan vazifalarni vijdonan va mas’uliyat bilan hal qilib boraveramiz.

Ko‘pmillatli mehnatkash xalqimiz bilan birga qayd etilgan vazifalarni albatta amalga oshiramiz va o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak maqsadlarga erishamiz.

Xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish – muqaddas burchimiz!

 Fuqarolarimiz manfaatlari yo‘lida harakat qilish – vazifamiz!

Toshkentning dunyodagi eng jadal rivojlanayotgan megapolislar safidan munosib o‘rin egallashini ta’minlash – maqsadimiz!

Hurmatli saylovchilar – aziz hamshaharlar!

Saylovda ana shunday aniq vazifalarni oldiga qo‘yib, Toshkent shahrini go‘zal va betakror markazga aylantirishni maqsad qilgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi nomzodlariga ovoz bering!

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

Teglar
Saylov 2017
  • Ko'rildi
    1864
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+