O‘zLiDeP deputatlari Buxoroda ko‘plab ichki yo‘llar ta’mirtalab holatdaligi uchun sessiyada muhokama qilish taklifini bildirdi

26.04.2019, 16:22

O‘zLiDeP  deputatlari Buxoroda ko‘plab ichki yo‘llar ta’mirtalab holatdaligi uchun sessiyada muhokama qilish taklifini bildirdi

Xalq deputatlari  Buxoro tuman  Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining  navbatdagi  yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Deputatlar dastlab, hududda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, ayniqsa ayollarning  ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi o‘rni va nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tuman hokimining o‘rinbosari – xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilfuza Mustafoyevaning hisobotini tingladilar.

Hisobotda ta’kidlanishicha, o‘tgan yil davomida aniqlangan 523  nafar ishsiz  ayolning 427 tasi turli korxona, tashkilot va muassasalarda o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, 1412 nafar xotin-qizlarga mehnat daftarchalari ochildi, bir qator ehtiyojmand ayollarning uylarini ta’mirlashga ko‘maklashildi.

Tuman xotin-qizlari o‘rtasida jinoyatchilik hollarining kelib chiqmasligi uchun joylarda olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot va tushuntirish ishlari o‘z amaliy natijasini beryapti. Agar o‘tgan 2018 yilda o‘z joniga qasd qilish bo‘yicha 24 ta holat kelib chiqqan bo‘lsa, ularning 12 tasi ayollar tomonidan sodir etilgan, joriy yilning birinchi choragida hudud bo‘yicha huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlari umuman sodir etilmadi.

Xotin-qizlarning tadbirkorlik sohasiga jalb qilish va imtiyozli kreditlar ajratilishi borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilib, 75 nafar ayolga tikuv mashinalari olib berilgan bo‘lsa, o‘tgan yilning o‘zida  ushbu sohani taraqqiy ettirishga 600 mln. so‘m kredit ajratildi. Joriy yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra bu ko‘rsatkich 690 mln. so‘mni tashkil etdi. Bundan tashqari tumanda davlat xususiy sherikchiligi asosidagi maktabgacha ta’lim muassasalari “Shexoncha”, “Shergiron”, “Rabotak” va “Istiqbol” MFY larda faoliyati yo‘lga qo‘yildi.  

Tuman xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinib, deputatlar tomonidan qator taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.

Deputatlik guruhi yig‘ilishida avtomobil yo‘llari qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, hududlar infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan 2019 yilgi vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama markazida bo‘ldi. Tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi rahbari Uchqun Raxmatovning ushbu masala bo‘yicha axboroti tinglandi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, tumandagi umumfoydalanuvchi  avtomobil yo‘llari va ichki xo‘jalik yo‘llarining umumiy uzunligi 950 kilometr bo‘lib, 2019 yilda ularni joriy ta’mirlash, talab darajasida saqlash va boshqa muhim ishlar uchun 2174,1 mln. so‘m sarflash rejalashtirilgan.

Tumanda joriy yilda avtomobil yo‘llarini qurish, qayta qurish va ta’mirlash ishlarini 2019-2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha  manzilli  dastur tuzilgan bo‘lib, jami 132 kilometrdan iborat masofada 207.000 mln. so‘mlik ish bajarish ko‘zda tutilgan.  Navbatdagi manzilli ro‘yxat esa ichki xo‘jalik yo‘llarini ta’mirlashga oid bo‘lib, 2020-2022 yillar davomida jami 392,7 kilometrdan iborat yo‘llar talab darajasiga keltiriladi. Bu muhim ishlar  uchun jami 59800 mln. so‘m sarflash rejalashtirilgan.

Deputatlik guruhi a’zolari aholi e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgan ayrim ta’mirtalab yo‘llar bo‘yicha ham tanqidiy fikrlarini bildirib o‘tishdi. Ushbu ko‘tarilgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi  muhokamasiga kiritish taklifi bildirildi.

Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha partiya deputatlik guruhining tegishli qarori qabul qilindi.

O‘zLiDeP  Buxoro viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1120
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Маъмур2019-05-09 09:11:17

Юрунболо мфе да йуллар ачинарли холда


Fikringizni qoldiring

+