Onalik va bolalikni muhofaza qilish O‘zLiDeP e’tiborida

02.05.2019, 16:18

Onalik va bolalikni muhofaza qilish O‘zLiDeP e’tiborida

Xalqimiz qadimdan oilaga muqaddas qo‘rg‘on sifatida qaragan. Zero, oila hayotning abadiyligini, avlodlar davomiyligini ta’minlaydigan maskan, sog‘lom va mustahkam oila esa sog‘lom kelajak poydevoridir. Shu bois ham mamlakatimizda onalik va bolalikni qo‘llab-quvvatlash, bolalarning ma’naviy va jismoniy rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning barkamol avlod bo‘lib yetishishini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham bolalarning huquqlarini amalda kafolatlash, ularning jismoniy, intellektual, ruhiy va ma’naviy yetuk avlod bo‘lib yetishishini ta’minlash borasidagi muhim qadam bo‘ldi.

O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashida mazkur qaror targ‘iboti yuzasidan “Onalik va bolalikni muhofaza qilish: amaliyot va istiqboldagi rejalar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Unda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining ayollar masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari Mavluda Xodjayeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati  Nargiz Halilova hamda Namangan viloyat kengashining  ayollar masalalari bo‘yicha viloyat, shahar va tuman kengashi rais o‘rinbosarlari, ayollar qanoti faollari, deputatlar va tadbirkor ayollar  ishtirok etdi.

Ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda onalar va bolalar sog‘lig‘ini saqlash yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida so‘nggi 5 yilda onalar va chaqaloqlar o‘limi, rivojlanishida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bolalar soni keskin kamaydi.

Tadbirda davomida mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida olib borilayotgan ishlar va bu borada O‘zLiDeP oldida turgan muhim vazifalar haqida so‘z yuritildi.

- O‘zLiDeP aholini barcha qatlamlarini tadbirkorlikka yo‘naltirish bilan bir qatorda hech qachon ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlaridan chetlab o‘tolmagan. Xususan,  onalik va bolilikni muhofaza qilish borasida ham o‘z tashabbuskorligini ko‘rsatib kelmoqda,  - deydi O‘zLiDeP Uychi tuman Kengashi ayollar masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari Ra’no Hamdamova. - Bolalar konvensiyasiga kiritilgan o‘zgartishlar anchadan beri o‘zini yechimini kutayotgan muammolarga javob bo‘ldi. Ayniqsa, chin yetim, nogironligi bor bolalarni mehribonlik uyiga joylash va ota-onalari tomonidan tashlab ketilgan farzandlarni ham otadan ham onadan aliment undirish masalalariga oydinlik kiritilgani bizni juda quvontirdi.

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar o‘zlarini fikr-mulohazalari va takliflarini bildirishdi.

Tadbir so‘ngida Sirdaryo viloyatidan tashrif buyurgan tadbirkor Dilfuza Mansurova tomonidan Namangan shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli 1-shahar tug‘ruqxonasidagi kam ta’minlangan onalarga hayriya sovg‘alari topshirildi.

Yulduz YuLDASHEVA,

O‘zLiDeP Namangan viloyat

Kengashi matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    1007
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+