Ayol ishbilarmon bo‘lsa....
03.05.2019, 15:22
O‘zLiDeP “Ayollar qanoti” tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining Boyovut tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan 20 nafardan ziyod xotin-qizlar o‘zlarining tashabbuskor, tadbirkor, ishbilarmonliklarini namoyish etishdi.
Tumanning “Beruniy” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan Lobar Karimova oddiy baklajkalardan yasagan qo‘g‘irchoqlar ko‘rgazmasi tanlov ishtirokchilarining qiziqishlariga sabab bo‘ldi. Matolarning qiyqimlaridan tikilgan, to‘qilgan liboslar kiydirilgan ot ustidagi chavandoz, ayiqcha, kuchukcha, turli xil uy va yovvoyi hayvonlar, qo‘g‘irchoqlarni ko‘rganlar yosh qizning san’atiga tan berishdi.
- O‘n yildan buyon xalq hunarmandchiligi bilan shug‘ullanaman, - deydi Lobar Karimova. - Bu mahsulotlarni asosan bolalar bog‘chalarining buyurtmalari asosida tayyorlayman. Oilamiz a’zolariga qishloq aholisidan tushgan kelin seplari – ko‘rpa to‘shaklari, liboslarini tikib berishda ko‘maklashaman. Tikuvchilikni onamdan o‘rgandim. Bugungi kunda o‘rgangan hunarimni takomillashtirib, zamonaviylashtirib borayapman.
Nigora Oqjigitova Boyovut kasb-hunar kollejida o‘quvchilarga mehnat ta’limi bo‘yicha saboq beradi. U bo‘sh vaqtlarida zamonaviy elita pardalari, o‘quvchilar formasi va paltolar tikadi. Munchoqlardan foydlanib tikkan xalq hunarmandchiligi ishlari ham tahsinga loyiq. Ayni damda u kollejda o‘qiydigan 30 nafar qizlarga tikuvchilik sir-asrorlarini o‘rgatayapti. Uyida 3 ta tikuv mashinasi bor. 18 yoshidan buyon tikuvchilik kasbini e’zozlab kelayotgan Nigoraning shogirdlari o‘z ta’biri bilan aytganda son-sanoqsiz.
Gulchehra Qarshiboyeva “Bolg‘ali qilich” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligining raisi. 2006 yilda ishni paxta va g‘alla yetishtirishdan boshlagan fermer ayol xo‘jalikni ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga aylantirdi. Chorvachilik, bog‘dorchilik, paxtachilik, soyachilik bilan shug‘ullanayotgan fermer yaqinda “Agrobank” tuman filialidan 80 million so‘m miqdorida kredit olib, tuyaqush boqishni yo‘lga qo‘ydi.
“Laylakko‘l” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi yakka tadbirkor tikkan qishki ayollar, erkaklar va bolalar kurtkalari, maktab formalari, zamonaviy liboslarni chet elda tikilayotgan kiyim-boshlardan ajratish qiyin. Mahorat bilan tikilgan bu liboslarga shu yerning o‘zidayoq xaridorlar topila qoldi.
Hay’at a’zolari tuman tadbirkorlarining tashkil qilgan ko‘rgazmalarini ko‘zdan kechirib, ularni xolisona baholab chiqishga harakat qilishdi. Yakuniy bahoga ko‘ra “Bolg‘ali qilich” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi raisi Gulchehra Qarshiboyeva ko‘rik-tanlov g‘olibi deb topildi. Yakka tadbirkor Go‘zal Boyzoqova ikkinchi o‘ringa, hunarmand qiz Lobar Karimova uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi. O‘n nafarga yaqin tadbirkor ayollar tadbir tashkilotchilarining turli nominatsiyalarga sazovor bo‘lishdi.
Sabohat BABAYEVA,
O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat
Kengashi bo‘lim mudiri
O'xshash yangiliklar
-
Poytaxtlik ishbilarmon xotin-qizlar mahallalar kesimida saralanyapti
25.04.2024, 12:01
-
Ishbilarmon ayollar saralanmoqda
21.04.2024, 13:39
-
O‘zLiDeP “Ayollar qanoti” loyihalari orqali ishsiz xotin-qizlar tadbirkor bo‘lyapti
09.04.2024, 19:52
-
Qoratepalik Matluba opa tomorqasidan har yili 30 million so‘m daromad qilmoqda
09.04.2024, 19:49
-
Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirishga eʼtibor yana-da kuchaygan
31.03.2024, 10:51
Fikringizni qoldiring