Tomorqa – daromad manbai

10.05.2019, 16:06

Tomorqa – daromad manbai

O‘zLiDeP Toyloq tuman Kengashi “Har bir oila – tadbirkor” dasturi  doirasida “Bunyodkor” mahallasida yashovchi Matluba Nizomova xonadonida “Tomorqa – daromad manbai” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazdi.

Partiya tuman Kengashi apparat rahbari A.Mirzayevning aytishicha, bugun mahallada tomorqadan samarali foydalanib, oilasi farovonligini ta’minlash bilan birga, el dasturxoni to‘kinligiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan omilkorlar ko‘p. Ular asosan issiqxona tashkil etib, pomidor, bodring va turli ko‘katlar yetishtiradi.

– Serhosil yerimiz, daromad olishga tomorqamiz bor ekan, doimo undan unumli foydalanish, xonadonlarimizni obod, yashash sharoitimizni namunali tarzga keltirish payida bo‘laylik, – deydi A.Mirzayev. – Bu kabi tartib-taomil asosida ulg‘aygan farzandlarimiz ham yaxshi yashashga intilib, o‘z kelajagi uchun astoydil harakat qiladi. Shu bois, aholi xonadonlariga tashrifimiz chog‘ida eng avvalo, fuqarolarni tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga jalb etishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.Targ‘ibot tadbirlarimiz natijasida tumanda ko‘plab oilalar o‘z biznesini boshlab, yaxshigina daromad olishga ham ulgurishdi. 

– O‘tgan yili partiya faollari xonadonimizga kelib, tomorqadan unumli foydalanish, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, issiqxona tashkil etish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar bergan edi, – deydi M.Nizomova. – Shu bois, partiya ko‘magida tijorat bankidan imtiyozli kredit olib, issiqxona barpo etdik. Hozir issiqxonamizda 60 tup mandarin, 15 tup apelsin, 320 tup limon ko‘chatlarini parvarishlayapmiz. Shu bilan birga, pomidor va bodring yetishtirib, yaxshi foyda  olyapmiz.

Darhaqiqat, tomorqa nafaqat qo‘shimcha daromad manbai, balki uning farzandlar tarbiyasidagi roli ham bebahodir. Chunki bolalar halol mehnat bilan yashashni o‘rganadi, ota-onaning qadriga yetadigan bo‘lib ulg‘ayadi.

 O‘zLiDeP Samarqand  viloyat

Kengashi matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1329
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+