Qashqadaryoda “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining tuman, shahar bosqichlari bo‘lib o‘tdi

10.05.2019, 16:13

Qashqadaryoda “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining tuman, shahar bosqichlari bo‘lib o‘tdi

O`zLiDeP ayollar bilan ishlash bo‘limi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi mamlakat iqtisodini yuksaltirish, mahalliy ishlab chiqarishni zamonaviylashtirishga munosib hissa ko‘shib kelayotgan xotin-qizlarni kashf etmoqda. O‘tgan yillarda tanlovda ishtirok etib, tadbirkorlik ko‘nikmasini oshirgan yuzlab qashqadaryolik xotin-qizlar taniqli tadbirkor va fermerlar safidan o‘rin olib ulgurishdi.

Ko‘rik-tanlovning Yakkabog‘ tuman bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Shoira Haydarova tadbirkorlikni tikuvchilikdan boshlagan. Ikki shogirdi bilan mahalladoshlariga kiyim-kechak tikib berar edi. Keyinchalik kredit evaziga tikuv mashinalari sotib olib, sex tashkil qildi, go‘zallik salonini ishga tushirdi. Novvoyxona va to‘yxona ochdi. Savdo-sotiqni ham rivojlantirib, olgan daromadini kattaroq loyihaga sarflash maqsadida tinimsiz izlandi. Bankdan moliyaviy ko‘mak olgach, viloyat markazida kardiologiya markazi va mahallasida maktabgacha ta’lim muassasasi qurdi.

Ayni paytda uning “Shoira Shukurovna” xususiy korxonasida 45 nafar yosh ish bilan ta’minlangan. Tanlovda yakkabog‘lik ishbilarmon ayollardan “Turdiyev Doston G‘ayratovich” fermer xo‘jaligi rahbari Gulshan Berdiyeva, tadbirkor qiz Mohichehra Baxtiyorovaning faoliyati ham alohida e’tirof etildi.

Bellashuv jarayonlarida tuman va shaharlarda milliy hunarmandchilik, fermerlik va mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda jonbozlik ko‘rsatgan, aholini ish bilan ta’minlashda barchaga ibrat bo‘layotgan ilg‘or va tashabbuskor xotin-qizlar saralab olinayotir.

“Rivoj tekstil” oilaviy korxonasi rahbari Lobar Qurbonovaga tanlovning Koson tuman bosqichida teng keladigan raqib topilmadi. Uning oilaviy korxonasi 2009 yilda tashkil etilgan bo‘lib, buyurtma asosida ishlar edi. Keyinchalik tadbirkor tikuv mashinalari xarid qilib, hunar o‘rgatish markazi ochdi. O‘tgan yil oxirida “Yoshlar - kelajagimiz” Davlat dasturi asosida bankdan 150 million so‘m kredit oldi. Xitoydan 37 ta eng so‘nggi rusumdagi tikuv mashinasi keltirib, 60 ga yaqin milliy zamonaviy liboslar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Hozir 70 dan ortiq turdagi mahsulotlarini Qozog‘iston, Tojikiston va Rossiya davlatlariga eksport qilish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.

Kosonda “Hurniso chevar”ga buyurtma bermagan xotin-qizni topish qiyin. Hurniso Ochilova tumanda birinchilardan bo‘lib tikuv sexi tashkil etgan. O‘quv markazida hunar o‘rgangan yuzlab xotin-qizlar hozirda mustaqil faoliyat olib bormoqda. Ayni paytda bu yerda 35 nafar ayol ish bilan band.

Qamashilik Dilorom Salayeva yerga mehr qo‘ygan, tinib-tinchimas ayollardan. “Dilorom Eshqobilovna” fermer xo‘jaligi tasarrufida 119 gektar yer bo‘lib, 14 gektar bog‘dagi mevali daraxtlar hosilga kirgan. “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi 1-o‘rin sohibining orzulari bisyor. 1,5 milliard so‘m sarmoya olib, mahallada mini-futbol maydonchasi, xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi, avtoservis va to‘yxona qurmoqchi. Loyihalari hayotga tatbiq etilgach, ishchilari soni 30dan oshadi.

–Korxonamiz 2016 yilda tashkil etilgan, – deydi Qamashi tumanidagi “Tursunov Muhammadali To‘lqinovich” MChJ raisi Sojida Umarova. – Dastlab 6 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlagan edik. So‘ng 94 mln. so‘m kredit olib, Xitoyda ishlab chiqarilgan 12 dona tikuv mashinasini keltirib o‘rnatdik. Ayni chog‘da korxonamizda 30 dan ortiq xotin-qiz mehnat qilyapti.

Tanlovda shuningdek, “Yilning muruvvatli ishbilarmon ayoli”, “Qishloqni ijtimoiy rivojlantirishda faollik ko‘rsatgan fermer ayol”, “Eng yosh, faol tadbirkor ayol” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar taqdirlandi.

 Sayfulla IKROMOV

  • Ko'rildi
    1274
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+