O‘zLiDeP “Mirzaobod universal trade cluster” MChJda mahorat darsi tashkil etdi

13.05.2019, 17:00

O‘zLiDeP “Mirzaobod universal trade cluster” MChJda mahorat darsi tashkil etdi

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” tashabbusi bilan “Mirzaobod universal trade cluster” MChJda mahorat darsi tashkil etildi.

Tomorqa - daromad manbai” mavzusida o‘tkazilgan mahorat darsida Mirzaobod  tumanidagi bir guruh  fermer hamda faol ayollar, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan xotin-qizlar ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari Janubiy Koreya texnologiyasi asosida qurilgan 50 gektarlik zamonaviy issiqxonada bo‘lishdi. Mazkur issiqxona muhandisi Usmon Kurtasmanov ishtirokchilarni issiqxona faoliyati va yetishtirilayotgan mahsulotlar bilan tanishtirdi.

- Mazkur issiqxonalarimizda Gollandiyadan keltirilgan serhosil pomidor va bodring navlari  parvarish qilinmoqda, - deydi Usmon Kurtasmanov. - Butun jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan. Koreya Respublikasidan olib kelingan zamonaviy jihozlar haroratni, o‘simlikning suv va ozuqaga bo‘lgan talabini chuqur tahlil qilish orqali aniqlaydi va minerallar bilan boyitilgan suv tomchilatish usulida o‘simlik ildiziga yetkazib beriladi.

Gidroponika bu - tuproqsiz, faqat oziq moddalar bilan to‘yintirilgan suv yordamida dehqonchilik qilishni anglatadi. Bu usul asosan, Yevropa mamlakatlarida juda ommalashgan. Kunchiqar yurtda deyarli barcha poliz va sabzavot ekinlari to‘yintirilgan suv yordamida yetishtiriladi.

Korxonadagi  asosiy ishlar 2018 yilning sentabr oyidan bosh­langandi. Janubiy Koreyaning “Doori injinering” kompaniyasi bilan hamkorlikda gidroponika-substrakt usulida gektariga 22 ming dona pomidor ko‘chati innovatsion texnologiya asosida parvarishlana boshlandi. Issiqxonada pomidor urug‘i kokosning qurigan poyasiga joylashtirilgan holda subs­trakt holatda ekilib, o‘simlikning unib-o‘sishi uchun lozim bo‘lgan barcha zarur o‘g‘itlar shprits yordamida berib boriladi. Issiqxonada namlantiruvchi iqlim texnologiyasi ham joriy etilgan. Issiqxonada yiliga 2 marotaba hosil yetishtiriladi. Hozirda
31 gektar yerda bodring, pomidor, bulg‘or qalampiri, baqlajon yetishtirilmoqda. Issiqxonada hozirgi kunda 400 nafarga yaqin xotin-qizlar mehnat qilishyapti. Yetishtirilgan hosil respublikmizning barcha hududlariga yetkazib berilyapti.

  Bu yerda yetishtirilayotgan mahsulotlar saraligi bilan xaqiqatdan ham ko‘zni quvontiradi. Tadbir ishtirokchilari aholi dasturxoniga yilning 4 faslida ham sarxil mahsulotlarni yetkazib berayotgan korxona ishchi-xizmatchilarining mehnati tahsinga sazovor ekanligini ta’kidlashdi.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldilar.

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1041
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+