Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqishning yagona tizimi joriy etiladi

17.05.2019, 15:58

Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqishning yagona tizimi joriy etiladi

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tashabbusi bilan Prezidentimizning “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatini tadbirkor va ishbilarmon doira vakillariga yetkazishga qaratilgan davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda qatnashgan O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari, qator vazirlik va tashkilotlar, tadbirkorlar davlatimiz rahbarining mazkur farmoni soha rivoji uchun yana bir muhim hujjat ekanligini, uning ijrosini ta’minlash esa iqtisodiyotda kichik biznesning ulushini yanada oshirishga xizmat qilishini e’tirof etishdi. Asosiysi mazkur farmonda soha rivojiga hali-xanuz to‘siq bo‘lib kelayotgan qator muammolarni tizimli bartaraf etish borasida zarur chora-tadbirlar belgilangan.

Haqiqatan ham, shuncha farmon va qarorlar qabul qilingan bo‘lsada, tadbirkorlarni qabul qilish va murojaatlarini ko‘rib chiqishning yagona tizimi mavjud emas. Muammolarni tahlil qilish bo‘yicha ishlar samarali amalga oshirilmayapti. Dolzarb muammolarni aniqlash va hal etish bo‘yicha vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishning ta’sirchan mexanizmi yo‘lga qo‘yilmagan. Bu borada eng og‘riqli masala hanuzgacha, aksariyat davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari tomonidan tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilishga, ularning qonuniy talablarini aniqlash va tezkorlik bilan hal qilishga hamda muammolarni bartaraf etishga  yetarlicha e’tibor berilmayapti. Afsuski, tadbirkorlarning murojaatlari bilan ishlashda, ayniqsa, joylarda byurokratik to‘siqlar va g‘ovlar saqlanib qolmoqda. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi va tadbirkorlarning kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga yo‘naltirilgan tashabbuslarini o‘z vaqtida amalga oshirish ishlari ham talab darajasida emas.

Farmonda bu kabi muammolarni tizimli ravishda hal qilish borasida aniq mexanizm asosida ishlovchi chora-tadbirlar belgilandi. Unga ko‘ra, Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tashkil qilinadi. Bu mexanizmning afzalligi shundaki, endilikda Bosh vazir tadbirkorlik sub’ektlarini hamda chet ellik investorlarni qabul qilish, videokonferensaloqa vositasida va sayyor qabullarni o‘tkazish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishini ta’minlash, tadbirkorlar oldidagi mavjud muammoli va byurokratik, shu jumladan, yer uchastkalari va binolar, kreditlar ajratish, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish masalalaridagi to‘siqlarni bartaraf etishni shaxsan nazoratga oladi va ularning ijrosini kuzatib boradi.

Farmonning yana bir muhim jihati shundaki, tadbirkorlikni rivojlantirishga va chet el investitsiyalarini jalb etishga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni monitoring qilish, umumlashtirish va tahlil qilish, bu borada “business.gov.uz” yagona interaktiv portali faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash ham belgilab berildi.

Endilikda tadbirkorlarni, shu jumladan, chet ellik investorlarni qabul qilish hokimliklar, Savdo-sanoat palatasining tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlari, investitsiyalar va savdo, adliya, soliq inspeksiyasi, qurilish, davlat kadastri organlari, bank va boshqa tashkilotlarning hududiy organlari vakillari ishtirokida tasdiqlangan jadval bo‘yicha har kuni amalga oshirilishi qat’iy tartibda belgilab qo‘yilishi ham xususiy sektor manfaatlariga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda partiya faollari masalaning shu va boshqa jihatlariga e’tibor qaratib, mazkur farmon partiya saylovoldi dasturida qayd etilgan biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, shaxsiy tashabbuslarni amalga oshirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish kabi ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirishda dasturilamal bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlab o‘tishdi. Shunday ekan partiya o‘zining mahalliy Kengash va parlamentdagi deputatlik korpusi imkoniyatlaridan unumli foydalanib, farmonda qayd etilgan hayotiy vazifalar ijrosi ustidan qat’iy deputatlik nazoratini olib boradi.

Davra suhbatida partiya faollari, deputatlar va tadbirkorlar bu borada fikr-mulohaza va takliflarini bayon etishdi.

Tadbir yakunida Farmonning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tadbirkorlik sub’ektlari hamda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan keng aholi qatlamiga yetkazish borasida aniq chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

  • Ko'rildi
    1098
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+