O‘zLiDeP to‘raqo‘rg‘onlik tadbirkorga faoliyatini kengaytirish uchun 100 mln. so‘m kredit olib berishda ko‘maklashdi

21.05.2019, 11:50

O‘zLiDeP to‘raqo‘rg‘onlik tadbirkorga faoliyatini kengaytirish uchun 100 mln. so‘m kredit olib berishda ko‘maklashdi

O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashi To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Ibrat mahallasida deputatlar va mutasaddi tashkilotlar ishtirokida sayyor qabul o‘tkazdi.

 Sayyor qabulda aholi tomonidan ichki yo‘llarni shag‘allashtirish va infratuzilmasini yaxshilash, suyultirilgan gaz ballonlari bilan ta’minlash hamda kredit olishda ko‘maklashish borasida murojaatlar kelib tushdi.

Muloqot jarayonida ushbu hududda istiqomat qilayotgan tadbirkor Shaxnoza Kimyonazarova o‘z faoliyatini kengaytirish maqsadida bankdan kredit olishda qiyinchilikka duch kelayotganligi borasida murojaat qildi.

Tadbirkor “Shaxnoz savdo servis” korxonasini bir necha yillardan buyon boshqarib keladi. Korxona faoliyatini kengaytirish maqsadida Milliy bank tuman bo‘limidan 100 million so‘m kredit olish uchun bir necha bor murojaat qilgan. Ushbu bank vakillari turli muammolarni ro‘kach qilib kredit berishni paysalga solib kelgan. Tadbirkor ayni shu masalada partiya deputatlik guruhlariga muammosini hal qilib berish bo‘yicha murojaat qildi.

- Korxonamizda asosan non va non mahsulotlari ishlab chiqariladi, - deydi Sh.Kimyonazarova. - Ayni kunda 12 nafar ishchi-xodimlar mehnat qilib kelmoqda. Faoliyatimizni kengaytirish maqsadida yangi texnologiyalar olib kelish uchun bankdan kredit ololmay yurgandik. Mana murojaatimiz o‘z yechimini topdi. Partiya ko‘magida 100 mln. so‘m kredit oldik. Yangi texnologiyalar o‘rnatilgach yana 10 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratishni rejalashtiryapmiz.

Ushbu mahallada yashovchi Sodiqjon Bozorov esa o‘zi yashab turgan mahalla hududida joylashgan 60-umuta’lim maktabida sport zali yo‘qligi sababli yoshlar sport bilan shug‘ullanishga ancha qiynalayotgatligini  bildirdi.

Ibrat mahalasi raisi G‘aybulla Abdullayev esa mahalla hududiga elektr stolbalariga yoritish moslamalari o‘rnatilmaganligi, Paxtaobod ko‘chasida maktab, maktabgacha ta’lim muassasasi yo‘qligi va buning oqibatida farzandlari 3-4 km uzoqlikda joylashgan maktablarga qatnab qiynalayotganligidan shikoyat qildi.

Ushbu ko‘tarilgan muammo bo‘yicha tegishli tashkilot vakillari joriy yilgi dasturga kiritishni va’da qildi. 

Murojaatlarni o‘rganish bo‘yicha vaqt talab etadigan masalalar tuman hokimi va deputatlar tomonidan alohida nazoratga olinib, tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborildi.

Muzaffar To‘xtasinov,

 O‘zLiDeP Namangan

viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    924
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+