Yangi qabulxona tadbirkorlarning ishonchli maskaniga aylanadi

22.05.2019, 17:17

Yangi qabulxona tadbirkorlarning ishonchli maskaniga aylanadi

Keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va biznesni yuritish uchun qulay muhit yaratish, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga yurtimizda xususiy mulkning o‘rni va rolini tubdan oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi barcha to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining shu yil 14 maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bu boradagi ishlarni yanada tezlashtirdi. Chunki hozirga qadar tadbirkorlar mavjud muammolarini hal qilishda mahalliy hokimliklar, Savdo-sanoat palatasi, tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlariga suyanar edi. Mazkur tashkilotlarda ayrim muammolar hal qilingan bo‘lsa-da, qolgan aksariyat muammolarga yechim topish uzoq vaqt talab etardi.

Endilikda Farmonga muvofiq,  tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan har bir muammo bilan Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari shug‘ullanadi. Mazkur qabulxonada tadbirkorlar murojaati, taklifi va e’tirozi mutaxassislar tomonidan o‘z vaqtida ko‘rib chiqiladi va hal etiladi.

Ahamiyatli jihati shundaki, mazkur qabulxonaga tadbirkorlar nafaqat mavjud muammolarini hal qilishda, balki tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan ayrim omillarning, xavf-xatarlarning oldini olishga, o‘zlari uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha sharoit va imkoniyatlarga ega bo‘lish maqsadida ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar berish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Ochig‘i, partiyamizning asosiy elektorati bo‘lgan tadbirkor va ishbilarmonlar uchun yaratilgan bunday imkoniyatdan behad xursand bo‘ldik. Endi biz deputatlar ham mazkur Farmon ijrosini ta’minlash uchun  Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari bilan hamkorlik qilib, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga amaliy ko‘mak beramiz, yosh tadbirkorlar faoliyatida uchrayotgan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashamiz. 

Ta’kidlash kerakki, mazkur Farmon yaqin kunlarda tadbirkorlikni yanada rivojlanishiga, investitsiya hajmi oshishiga va ishlab chiqarishning ko‘payishiga zamin yaratadi.    

 Shavkat SAFARBAYEV,

O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi raisi,

partiya deputatlik guruhi a’zosi

  • Ko'rildi
    969
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+