O‘qish bilan birga uqish ham kerak

23.05.2019, 15:34

O‘qish bilan birga uqish ham kerak

Islohotlarning yangi bosqichida partiyamiz xalq orasiga yanada chuqurroq kirib boryapti, tom ma’noda odamlarga hamnafas, hamdard bo‘lishga intilyapti. Ana shu jarayonda partiya tashkilotlari xodimlariga, quyi bo‘g‘in yetakchilariga turli savolu masalalar yuzasidan murojaatlar ham ko‘p bo‘ladi, albatta. Binobarin, partiyamiz xodimlar, faollarning bilimi va saviyasini yanada oshirishga yo‘naltirilgan ishlarga alohida e’tibor qaratyapti.

Shu kunlarda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Siyosiy ta’lim markazi sa’y-harakatlari bilan poytaxtimizdagi partiya tuman bo‘limlari ijrochi kotiblari, boshlang‘ich tashkilotlar raislari hamda partiya hududiy kengashlari qoshida shakllantirilgan targ‘ibot guruhlari a’zolari uchun o‘quv-seminarlar o‘tkazilyapti.  O‘zLiDeP Yakkasaroy, Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Mirobod, Yashnobod tuman tashkilotlarida olib borilgan o‘quvlar nihoyasiga yetdi. E’tiborlisi, ilgari tashkil qilingan shunday mashg‘ulotlardan farqli ravishda mazkur kurslarda tinglovchilarning  amaliyotda asqotadigan bilimlarni egallashiga urg‘u berildi, o‘quv dasturi tayyorlanishida xodimlar faoliyatida kuzatilgan kamchiliklar, shuningdek, ularning xohish-istaklari  ham inobatga olindi.

O‘quv dasturlaridan talay dolzarb mavzular o‘rin olgani e’tiborga molik.  “Obod mahalla”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturlari va Prezidentimizning yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan 5 ta tashabbusini amaliyotga joriy etishda partiya faollari oldida turgan vazifalar, davlatimiz rahbarining 2018 yil 28 dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasida bayon etilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha partiya tomonidan bajariladigan kompleks chora-tadbirlar dasturining boshlang‘ich tashkilotlar tomonidan ijro etilishi, aholi orasida partiya g‘oyalarini targ‘ib qilishda BPTlarning o‘rni, hududiy partiya tashkilotlari bilan ishlash mexanizmlari, saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish jarayonida quyi tuzilmalarning hamda targ‘ibotchilar guruhining asosiy vazifalari kabi mavzular shular jumlasidandir.

 Tinglovchilar biz bilan suhbatda o‘quvlar har jihatdan ma’qul bo‘lganini, ma’ruzachilar tomonidan partiyaviy ishda qo‘l keladigan ko‘plab axborotlar berilganini bildirdilarki, bu darslardan ko‘zlangan maqsadga erishilganini anglatadi.    

— Partiya salohiyatimiz o‘sishi uchun  barcha imkoniyatlarni yaratib berayotgan, xususan, muntazam ravishda yuqori saviyadagi o‘quvlarni tashkillashtirayotgan ekan, bundan unumli foydalanishimiz kerak, — deydi Olmazor tumanidagi “Mashhura” xususiy o‘quv markazida faoliyat yuritayotgan BPT yetakchisi Anvar Yusupov. — Shu bois o‘quvlarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rib keldim. Jumladan, o‘zimni qiziqtirayotgan savollarni, faoliyatimda uchrayotgan qiyinchiliklar hamda partiyaviy ishni takomillashtirishga taalluqli taklif-mulohazalarimni tartibga keltirib, qog‘ozga tushirdim. Darslar chog‘ida ularni mutaxassislar e’tiboriga havola qildim. Ko‘pgina masalalar bo‘yicha mutaxassislardan ham, tinglovchilardan ham maslahatlar, yo‘l-yo‘riqlar oldim. Ta’kidlashni istardimki, shu yilning birinchi choragi mobaynida  tumanimizdagi partiya quyi tuzilmalari faollari “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan mahallalarda bo‘lib, aholi bilan bevosita muloqotga kirishdilar, muammolarni qayd etib, ularning yechimini topish bo‘yicha deputatlar bilan birgalikda ish olib bordilar. Maslakdoshlarimiz “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan “Yuqori Sebzor”, “G‘alaba”, “Tepaguzar”, “Qichqiriq” mahallalaridagi 254 ta xonadonga kirib bordilar. O‘rganishlar natijasida 225 ta turli muammo aniqlanib, 220 tasi hal etildi. Shu asnoda 39 nafar yosh ish bilan  ta’minlandi. Ayni paytda BPTlar tomonidan aholiga “Har bir oila — tadbirkor”  Davlat dasturining mazmun-mohiyati va uning ahamiyati yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Safdoshlarimiz tomonidan “Xususiy klinikalar to‘g‘risida”, “Yakka tadbirkorlik to‘g‘risida”gi va boshqa qonun loyihalariga 37 ta taklif berildi. Ana shu jarayonlarda ba’zi masalalarda bilimlarimiz yetarli emasligini his qildik. Binobarin, o‘tkazilayotgan o‘quv-seminarlar biz uchun ayni muddao bo‘ldi. Ko‘plab savollarimizga javob topdik. Bizga Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz a’zolari, Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudirlari saboq berishdi. Bu o‘quvlar nafaqat bilimlarimizni boyitdi, balki kelgusida o‘z ustimizda ishlash yo‘nalishlarini ham aniq-ravshan ko‘rsatib berdi.

Teglar
BPT
  • Ko'rildi
    848
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+