Mutasaddilar Prezident qarorining ijrosi bo‘yicha hisobot berdi

31.05.2019, 16:03

Mutasaddilar Prezident qarorining ijrosi bo‘yicha hisobot berdi

2017 yilning 29 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, tegishli vazirlik va idoralar oldiga aniq vazifalar qo‘yilgan edi. Xo‘sh, o‘tgan davrda qaror ijrosini ta’minlash borasida joylarda qanday ishlar amalga oshirildi? Tadbirkorlar uchun, xalq uchun qanday qulayliklar yaratildi?

Xalq deputatlari Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘on tuman Kengashlaridagi  O'zLiDeP deputatlik guruhlarining qo‘shma yig‘ilishida shu kabi savollarga javob olindi.

Yig‘ilishda dastlab Qumqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari U.Musayevning hisoboti tinglandi. 

U.Musayevning aytishicha, mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida tumanda 10 ta xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etilgan. Shundan 2 tasi statsionar, 8 tasi ambulator yo‘nalishda faoliyat olib bormoqda.

“Mazkur tibbiyot muassasalaridan “Ibn Sino” va “Shohrux Xo‘shboqov” xususiy klinikalari joriy yilda ishga tushirildi. “Salohiddin shifo” xususiy klinikasi esa tez orada faoliyatini boshlaydi. Ayni chog‘da mazkur tibbiyot muassasalari aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatib kelyapti. E’tiborli jihati, ushbu muassasalarda O'zLiDeP tashabbusi bilan onalar va bolalar uchun tibbiy ko‘riklar ham tashkil etilmoqda”, – deydi U.Musayev.

Yig‘ilishda shuningdek, Sho‘rchi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i B.Shukurovning axboroti ham eshitildi.  

B.Shukurovning ma’lum qilishicha, o‘tgan davr davomida qaror doirasida tumanda 17 ta xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etilgan. Shundan 2 tasi statsionar, 12 tasi ambulator yo‘nalishda faoliyat yuritmoqda.

“Shu bilan birga joriy yilning o‘zida yana 3 ta xususiy tibbiyot muassasasi faoliyat boshlaydi. Har bir ambulator sharoitda faoliyat olib borayotgan xususiy tibbiyot muassasasida 4 nafardan, statsionar sharoitdagi muassasalarda 30 nafardan tibbiyot xodimlari faoliyat olib bormoqda”, – deya qo‘shimcha qildi u.

Yig‘ilishda so‘z olgan O'zLiDeP Sho‘rchi tuman Kengashi apparat rahbari O‘ktambek Qoraboyev kun tartibidagi masalalar xususida to‘xtalar ekan,  xususiy klinika ochish istagida yurgan tadbirkorlarga tumanda barcha imkoniyatlar yaratilganini aytib, partiya faollari va deputatlar ularga amaliy ko‘mak berishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi.

 Uning qo‘shimcha qilishicha, O'zLiDeP bu yo‘nalishda kredit ajratadigan tijorat banklari bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Buning uchun tadbirkorlar tomonidan zarur hujjatlar taqdim qilinsa bo‘ldi.  

O'zLiDeP Surxondaryo viloyat

Kengashi matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1116
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Qurbonali2019-06-18 18:40:37

Shaxsiy klinika ochishishim uchun g‘oyam bor va orzuyim bo‘lib kelgan. Shahar sentr joydan joy topishga qiynalayapman. Tadbirkorman joy uchun kimdan yordam so‘rashni bilmay turibman.


Нодир2019-06-13 12:50:50

Хусусий тиббий марказ


Fikringizni qoldiring

+