O‘zLiDeP: ishni yangicha yo‘lga qo‘yish kerak

16.12.2017, 14:47

O‘zLiDeP: ishni yangicha yo‘lga qo‘yish kerak

Poytaxtimizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashabbusi bilan partiyaning hududiy kengashlari apparat rahbarlari va kadrlar bo‘yicha inspektorlar malakasini oshirish maqsadida o‘quv-seminar o‘tkazildi. 

Seminarda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 12 iyuldagi parlamentimiz palatalari, siyosiy partiyalar, O‘zbekiston Ekologik harakati, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari faoliyatining tahlili hamda istiqboldagi vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar hamda Bosh qomusimiz qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi mazmun-mohiyati keng muhokama qilindi. 

Mazkur vazifalar siyosiy partiyalardan ishni yangicha yo‘lga qo‘yishni taqozo etayotgani, ular xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlab, malakasini doimiy ravishda oshirib borishi lozimligi ta’kidlandi. 

Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining tadbirkorlikni rivojlantirishdagi ahamiyati, Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha O‘zLiDeP hududiy tashkilotlari tomonidan qilinayotgan ishlar xususida ma’lumotlar berildi. 

Seminarda O‘zLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Soliq va Bojxona qo‘mitalari mas’ullari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Bank-moliya akademiyasi professor-o‘qituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

Teglar
STM
  • Ko'rildi
    1271
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+