M.Qalandarova “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining Do‘stlik tuman bosqichi g‘olibi bo‘ldi

03.06.2019, 15:34

M.Qalandarova “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining Do‘stlik tuman bosqichi g‘olibi bo‘ldi

O‘zLiDeP Do‘stlik tuman Kengashi “Ayollar qanoti” tomonidan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi.

Mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, fermer va tadbirkor ayollar safini yanada kengaytirish, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan tanlovda eng faol ishbilarmon va tadbirkor xotin-qizlar ishtirok etdi.

Hakamlar hay’ati tanlov ishtirokchilarining innovatsion loyihalarni hayotga tatbiq etishdagi faolligi, zamonaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali yangi ish o‘rinlari yaratgani, eksportbop yoki import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarayotgani kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratdi.

Yakuniy xulosalarga ko‘ra, “Manas chevarlari” MChJ rahbari Matluba Qalandarovaning faoliyati e’tirof etilib, tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanma berildi.  M.Qalandarova mahalladagi 20 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlagan. Uning rahbarligida ishlab chiqarilayotgan 20 turdan ortiq  mahsulotlar ichki bozorda juda xaridorgir.

“Yurtimizda ishlayman, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanaman, degan kishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Albatta, tadbirkor bo‘lish oson emas. Har qadamda o‘qib-o‘rganishga, zamon bilan hamnafas bo‘lishga, o‘zing qo‘l urgan sohaning sir-asrorlarini o‘rganishingga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, tikuvchilik bilan shug‘ullanaman degan ayollar, sog‘lom raqobatga tayyor bo‘lishi, iste’molchilar talabini va ehtiyojlarini qunt bilan o‘rganishi kerak”, – deydi M.Qalandarova.

Ma’lumot uchun, tadbirkor 2018 yilda tikuvchilik sexini ochishdan avval, sohaga oid yangiliklar, qonun hujjatlari bilan tanishgan. Bozor talablarini o‘rganib chiqqan. “Obod qishloq” Davlat dasturi doirasidagi bunyodkorlik ishlari esa uning biznes-rejasini amalga oshirishda  qo‘l kelgan.

                                      Saida UMARALIYEVA,

O‘zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi 

matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    1232
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+