“G‘urumsaroy” va “Kenagas” obod maskanga aylanmoqda

04.06.2019, 11:16

“G‘urumsaroy” va “Kenagas” obod maskanga aylanmoqda

O‘zLiDeP Namangan viloyat Kengashi vakillari va mahalliy kengash deputatlaridan iborat ishchi guruh joylarga tushib, aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilmoqda, mavjud muammolarni o‘rganib hal etish choralarini ko‘rmoqda.

“Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan ezgu g‘oyani hayotga tatbiq etish maqsadida joylarda o‘tkazilayotgan uchrashuv va ochiq muloqotlarda aholi turmush farovonligini oshirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotir.

Ishchi guruh a’zolari bu galgi tashrifini Pop tumanida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” Davlat dasturiga kiritilgan  “G‘urumsaroy” va “Kenagas” MFYda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishishdan boshladi. Shuningdek, mazkur dasturlar doirasida hayotga tatbiq etilgan loyihalar bilan tanishish barobarida xonadonma-xonadon yurib, odamlar bilan muloqot qildi, muammolarini o‘rgandi.

Uchrashuvlar davomida partiya vakillari har bir murojaatchining arzi-holini diqqat bilan tinglab, ularda norozilik kayfiyatini keltirib chiqargan holatlarni tegishli tashkilot va korxonalar rahbarlari ishtirokida chuqur tahlil qilgan holda bartaraf etish choralarini ko‘rdi. 

 “O‘rganishlar davomida 79 ta xonadonda bo‘lib, 100 dan ortiq muammolarni aniqladik, – deydi xalq vakili Z.Arslonov. – Aksariyat muammolar joyida hal etilib, murojaatchilarning talabi qondirildi. Ma’lum muddat, ya’ni atroflicha o‘rganish taqozo etiladigan murojaatlar bo‘yicha tegishli mutasaddilarga deputatlik so‘rovi chiqarildi. So‘rovlar bo‘yicha mansabdorlarning asoslantiruvchi javoblari olinib, bevosita mazkur tashkilotlar hamkorligida masalalar ijobiy hal etilib kelinmoqda”.

Z.Arslonovning qo‘shimcha qilishicha, olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida “G‘urumsaroy” MFYdagi 4 kilometr ichki yo‘llarga qum-shag‘al yotqizilib, 2 km yo‘l asfalt qilingan. “Kenagas” MFYda ham 2 kilometr ichki yo‘llarga  shag‘al yotqizilib, 1 km yo‘l asfalt qilingan. Ayni paytda hududda ichimlik suv uzatish tarmog‘i tortilib, yangi zamonaviy maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etilmoqda.

Muxtasar aytganda, Pop tumanida “Obod qishloq” dasturi asosida olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlaridan tobora chiroy ochayotgan hudud qiyofasi odamlar turmushida aks etmoqda.

 Yulduz YULDASHEVA,

O‘zLiDeP Namangan viloyat

Kengashi matbuot kotibi

  • Ko'rildi
    2073
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+