“Do‘stlik” va “Ali” ovullaridagi toza ichimlik suvi muammosi deputat aralashgach hal bo‘ldi

11.06.2019, 16:44

 “Do‘stlik” va “Ali” ovullaridagi toza ichimlik suvi muammosi deputat aralashgach hal bo‘ldi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Z.Xaniyazov xalq bilan muloqot qilish, ularni o‘ylantirayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida hududlarda bo‘lib, saylovchilar bilan uchrashmoqda. Xalq vakilining dastlabki manzili Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qonliko‘l tumani bo‘ldi. 

Deputat tumandagi bir qator ijtimoiy ob’ektlarda olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi, tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tez yordam bo‘limlarining faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda davolanayogan bemorlarning holidan xabar olib, ular bilan dildan suhbat qurdi.       

Shu kuni xalq noibi malakali shifokorlar bilan birgalikda  “Madaniyat” MFYda yashovchi A.Utemuratova hamda “Qosjap” ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi S.Ismoilovalarning xonadonida bo‘lib, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi va nogironlik aravachalari sovg‘a qildi.

Deputatning “Arzimbet” ovul fuqarolar yig‘ini ahli bilan uchrashuvi ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Uchrashuv davomida qator muammolar joyida hal etilib, murojaatchilarning talabi qondirildi. Ma’lum muddat o‘rganish taqozo etiladigan murojaatlar bo‘yicha tegishli mutasaddilarga so‘rov chiqariladigan bo‘ldi.

Masalan, “Do‘stlik” MFYda yashovchi N.Babajanova va R.Jiyenbayevlar ish masalasida murojaat qilgan bo‘lsa, “Arzimbetqum” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi G.Allambergenova tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi ekanligini aytib, imtiyozli kredit olishda ko‘mak so‘radi.

Bandlik masalasida murojaat qilgan fuqarolar shu kunning o‘zida tuman bandlikka ko‘maklashish markazi ko‘magida ishga joylashtirildi. Endi N.Babajanova tuman Obodonlashtirish boshqarmasiga ishchi, R.Jiyenbayev esa “Invest” MChJda mexanik bo‘lib ish boshlaydi. 

Uchrashuvlar davomida “Madaniyat” MFYda yashovchi D.Karimbekov va 2-guruh nogironi Sh.Qazaqbayev o‘z salomatligi bilan bog‘liq dori vositalarini olishda amaliy yordam so‘rashdi. Deputat tashabbusi bilan fuqarolarning har biriga 50250 so‘mlik dori vositalari bepul tarqatildi.

Xalq vakili Z.Xaniyazovning keyingi manzili Mo‘ynoq tumani bo‘ldi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati hududdagi ahvol bilan tanishib, “Bozatao‘” va “Tik o‘zak” ovul fuqarolar yig‘ini aholisi bilan uchrashdi.

Muloqotlar chog‘ida “Bozatao‘” OFYda yashovchi A.Qurbaniyazov suyultirilgan gaz balloni yo‘qligidan, “Tik o‘zak” OFY yashovchi K.Temirbekov esa gaz bosimining past ekanligidan shikoyat qildi.  “Do‘stlik” MFYda istiqomat qiluvchi M.Turdimuratova kredit olishda ko‘mak so‘ragan bo‘lsa, “Hokim-ota” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi M.Qonisbayev toza ichimlik suvi bilan ta’minlashda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.

Shu kuni fuqarolar tomonidan kelib tushgan ko‘plab murojaatlarning aksariyati joyida hal bo‘ldi. Jumladan, fuqaro A.Qurbaniyazov tuman gaz ta’minoti tomonidan suyultirilgan gaz balloni bilan ta’minlandi, M.Turdimuratovaga esa “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida kredit ajratiladigan bo‘ldi.

 “Hokim - ota” OFYdagi “Do‘stlik” va “Ali” ovullari aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi hal etildi.   

Ta’kidlash kerak, xalq vakili bugun yuzma-yuz muloqotlarda aniqlangan muammolarni mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish choralarini ko‘rmoqda.

 O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Kengashi matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1337
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Рахманова Гульнара КР Тахтакупир туман Кенгаши ижрочи котиб 2019-06-12 09:08:32

Олий Мажлис Қонунчилик палатаси депутати З.Ханиязов халқ билан мулоқот қилиши хам халкимизнинг бир катор муоммаларининг шу жойнинг узида хал килинишига амалий ердами халкнинг ишончига эришади ва албатта халк рози булади. Бу эса хар бир депутатнинг иш самародорлигини янада оширади.


Fikringizni qoldiring

+