Xalq tanlovi – haq tanlov

16.12.2017, 16:04

Xalq tanlovi – haq tanlov

Xalq bahosi, o‘zaro kengashib berilgan baho doimo o‘zini oqlab kelgan. Unga munosib bo‘lish, nomzodlar orasida yutib chiqish ana shu baxt – xalq tanlovidan muvaffaqiyatli o‘tishga muyassar bo‘lish bilan barobar.  24 dekabr – Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov kunida eng ko‘p ovoz olish, ya’ni g‘alaba qozonish uchun ham elning ko‘ngliga yo‘l topish lozim.

Sir emas, hozir odamlarning dunyoqarashi o‘zgargan, siyosiy jarayonlar, iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar shiddatida ancha toblangan. Qolaversa, poytaxtimizda kamolga yetguncha ne-ne chig‘iriqlardan o‘tmaydi inson. Demak, bugungi odamlarni shunchaki quruq va’dalar bilan aldab bo‘lmaydi. Har birining savoli bir xil: “Meni, oilamni, mahallamni qanday himoya qilasiz? Mahallamizga, tumanimizga, shahrimizga qanday nafingiz tegadi?” degan savollarga javob bermoq uchun, avvalo, nomzodi ko‘rsatilgan hududning past-balandidan xabardor bo‘lmoqlik juda muhim.

– Darhaqiqat shunday, – deydi 17-Navro‘z saylov okrugidan Toshkent shahar xalq deputatlari Mirzo Ulug‘bek tuman Kengashi deputatligiga nomzod Muhiddin Kalonov. – O‘tgan kuni saylovchilar bilan uchrashuv chog‘i bunga yana bir karra ishonch hosil qildim. Saylovoldi dasturimni o‘qib eshittirishim bilan meni bir dunyo savollarga ko‘mib tashlashdiki, deputatlik haqiqatan ham shunchaki martaba emas, balki yuksak mas’uliyat ekanligini chin dildan his qildim. Murojaatlar poytaxtimiz taraqqiyotiga tushov bo‘lib turgan, bizni orqaga tortayotgan ma’naviy, ijtimoiy muammolarga yechim topish bilan bog‘liq edi-da.

Saylovchilarga siyosiy kuch sifatida birlashgan holda tadbirkor va ishbilarmonlarning yanada kengroq faoliyat yuritishlari uchun yangi imkoniyatlar ochish, ularning istiqbolini ham nazariy, ham amaliy jihatdan asoslab berish, jamiyatning ushbu ijtimoiy qatlami manfaatlarini himoyalash barobarida uning ertangi kunini ta’minlashni taklif etdim. Shuningdek, mamlakatning milliy manfaatlari va taraqqiyotining strategik istiqbollariga javob beradigan bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik, huquqiy davlat qurish ham saylovoldi dasturimning asosini tashkil etadi.

– Shu kungacha saylovoldi tashviqoti doirasida ikki marta saylovchilar bilan uchrashdim, – deydi 23-Po‘latobod saylov okrugidan Toshkent shahar xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashi deputatligiga nomzod Durdona Kudaybergenova. – Ayniqsa, Mirobod tumanidagi 214-umumta’lim maktabidagi muloqot bir umr yodimdan chiqmasa kerak. Guvohi bo‘ldimki, odamlarimiz o‘tkazilayotgan saylovga befarq emas, aksincha, bu jarayonlarda faol ishtirok etishga intilishmoqda. Yig‘ilganlar tomonidan tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir dolzarb masalalarning ko‘tarilayotganligi xalqimizning siyosiy-huquqiy madaniyati oshib borayotganini ko‘rsatadi.

Shunisi muhimki, joylarda aholi bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlar xalq bilan yaqindan muloqot qilish, hududlardagi muammolarni aniqlash va ularni hal qilish bo‘yicha o‘zaro fikr almashish imkoniyatini bermoqda. Men deputatlikka nomzod sifatida 23-Po‘latobod saylov okrugi hududida istiqomat qilayotgan fuqarolar bilan deyarli har kuni uchrashyapman. O‘ylaymanki, an’anaviy tadbirlardan ko‘ra, fuqarolarning xonadoniga kirib, mahalla hududini kezib, odamlar bilan dildan muloqot qilish nomzodlarni xalqqa yaqinlashtiradi.

O‘zim uchun okrug hududidagi qator muammolarni belgilab oldim. Masalan, mahallada maktabgacha ta’lim muassasasi yo‘q ekan. Fuqarolar o‘z farzandlarini boshqa mahallalarda va shahar markazida joylashgan MTMlarga olib borishar ekan. Bu qator noqulayliklarni keltirib chiqarishi turgan gap.

Davlatimiz rahbari kuni kecha Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, bog‘cha tarbiyasini ko‘rgan bolaning ongi, dunyoqarashi qanday yuqori bo‘lishini isbotlashning hojati yo‘q.

Partiyamizning saylovoldi dasturida maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish, xususiy bolalar bog‘chalari tarmog‘ini kengaytirish vazifasi ham belgilangan. Saylovchilar bilan uchrashuvlardagi chiqishlarimda bu masalaga alohida e’tibor qaratyapman.

O‘zim yosh bo‘lganim bois tengdoshlarimni ish bilan ta’minlash, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashni yanada takomillashtirish asosiy maqsadlarimdan biriga aylangan. Aholi tomonidan ko‘tarilayotgan masalalarning aksariyati mahalliy budjetlar bilan uzviy bog‘liq, shu ma’noda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish mahalliy budjetga tushumlarning ko‘paytirish manbai, iqtisodiyot tayanchi ekanligini bot-bot ta’kidlayapman. So‘ngra budjet mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalarini barpo etish, bu sohalarda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish mumkin bo‘ladi.

Saylovoldi uchrashuvlarimiz O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi g‘oyalarining qanchalik hayotiy ekanligini, fuqarolar orzu-intilishlariga shunchalik mosligini o‘rganishga ham xizmat qilmoqda. Hamshaharlarimiz mening takliflarimni faol qo‘llab-quvvatlashayotganidan baxtiyorman.

– Moliya-bank tizimini yanada liberallashtirish ustuvor maqsadlarimdan biri, – deydi 11-Noruda saylov okrugidan Toshkent shahar xalq deputatlari Bektemir tuman Kengashi deputatligiga nomzod Bahodir Hakimov. – 6-7 dekabr kunlari saylovchilar bilan bo‘lgan uchrashuvlarda ham bu haqda yana bir bor ta’kidladim. Faqat shugina emas, davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish ham saylovoldi dasturimdan o‘rin olgan.

Aholining bank tizimiga ishonchi oshsagina, tadbirkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha daromad topish uchun hech ikkilanmay qadam tashlashni boshlaydi. Vaqt bu – pul, deganlaridek, xususiy biznesda ishning bir kun tugul, bir soat ortga surilishi ham bir oylik daromaddan mahrum etishi hech gap emas. Bu borada banklar qatorida boshqa moliya institutlari – lizing, konsalting, marketing, sug‘urta tuzilmalarini rivojlantirish nur ustiga nur bo‘lardi.

Saylovchilarga O‘zLiDeP siyosiy kuch sifatida keng ko‘lamli islohotlar taqdiri uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga, elektorati manfaatlarini samarali himoya qilishga amaliy jihatdan tayyorligi, bu yo‘ldagi g‘ov va to‘siqlarni qat’iyat bilan yengib o‘tishga ishonishini ta’kidladim. 

– Yakuniga yetib borayotgan Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili mening taqdirimda tuman Kengashi deputatligiga nomzod sifatida xalq bilan muloqot qilishga undadi, – deydi 4-Lutfiy saylov okrugidan Toshkent shahar xalq deputatlari Chilonzor tuman Kengashi deputatligiga nomzod Liliya Muzaffarova. – Olimpiya zaxiralari kollejida fuqarolarni o‘z saylovoldi dasturim bilan tanishtirdim.

Ayni paytda aholidan bo‘ladigan shikoyatlarning ko‘pchiligi sog‘liqni saqlash tizimi va undagi muammolar bilan bog‘liq. Shuning uchun asosiy maqsadim Toshkent shahrida sog‘liqni saqlash tizimini, ayniqsa, tez va shoshilinch tibbiy yordamni yanada rivojlantirish, zamonaviy tibbiyot yutuqlarini hayotga joriy etishdan iborat. Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlansa, sohaga xususiy kapital jalb etilsa, sog‘lom raqobat muhiti yaratiladi.

Partiyamizning g‘oya va maqsadlaridan kelib chiqqan holda ta’kidlashni istardimki, aholini sifatli va arzon dori-darmonlar bilan ta’minlash borasida sotsial dorixonalar tarmog‘i, kichik biznesning sanoat ishlab chiqarishidagi ulushini ko‘paytirish lozim. Ana shundagina biz o‘ylagan niyatlarimizga erishamiz, xalqimiz bizdan rozi bo‘ladi.

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

Teglar
Saylov 2017
  • Ko'rildi
    1721
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+