To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

14.12.2017, 23:06

To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni


Respublikada keng turdagi sifatli to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari (keyingi o‘rinlarda to‘qimachilik mahsuloti deb yuritiladi) ishlab chiqarilishini tashkil etish, uning ishlab chiqarilishini mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

O‘tgan davr mobaynida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini (keyingi o‘rinlarda to‘qimachilik sanoati deb yuritiladi) rivojlantirish uchun zarur huquqiy baza va qulay sharoitlar shakllantirildi. 

Shu bilan birga, o‘tkazilgan o‘rganishlarda mamlakat to‘qimachilik sanoatining izchil rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan qator tizimli muammolar aniqlandi, xususan: 

birinchidan, tarmoqning yetarli salohiyatiga qaramasdan, yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotni ishlab chiqarishda uyg‘unlashgan texnologik zanjirning mavjud emasligi sababli 2017-yilning birinchi yarim yilligida ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik mahsulotlarining respublika yalpi ichki mahsulotidagi ulushi atigi 4,6 foizni tashkil etdi; 

ikkinchidan, to‘qimachilik sanoatining boshqaruv tizimi tarmoqning zamonaviy rivojlanish tendensiyalariga javob bermaydi, bu esa hal etilmagan muammolarning to‘planib qolishiga olib kelmoqda hamda uning jadal modernizatsiya qilinishiga to‘sqinlik qilmoqda; 

uchinchidan, milliy standartlar va to‘qimachilik mahsulotlarining sinovlari bo‘yicha laboratoriyalarning xalqaro standartlar va talablar bilan uyg‘unlashtirish ishlarining qoniqarsizligi, shuningdek, sifat menejmenti zamonaviy tizimlarini joriy etishning past darajada ekanligi mahalliy mahsulotlarni yirik xorijiy savdo bozorlariga chiqarishga, eksport salohiyatini yuksaltirishga hamda mahsulotlar sifati va xavfsizligiga bo‘lgan ishonchni oshirishga to‘siq bo‘lmoqda; 

to‘rtinchidan, tarmoqqa zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish darajasi mavjud muammolarni tizimli tahlil qilish va to‘qimachilik sanoati rivojlanishining istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash uchun shart-sharoit yaratmayapti; 

beshinchidan, xom ashyo va ishlab chiqarish resurslarining nooqilona taqsimlanishi, logistika va muhandislik infratuzilmasini tashkil etishdagi kamchiliklar ishlab chiqarish quvvatlari ancha qismining to‘xtab qolishiga, iqtisodiy yo‘qotishlarga va oqibatda mahsulotlar tannarxining oshishiga, shuningdek, ishlab chiqarish rentabelligining pasayishiga olib kelmoqda; 

oltinchidan, to‘qimachilik yarim tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilishning barqaror ustunlik qilishi, yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va jahon bozorlarida munosib raqobatlashishga qodir bo‘lgan milliy brendlarni shakllantirishning yetarli darajada emasligi to‘qimachilik sanoati korxonalari daromadlarini oshirish imkonini bermayapti; 

yettinchidan, kadrlar tayyorlash tizimi to‘qimachilik sanoatining real ehtiyojlariga javob bermaydi, tarmoqni rivojlantirishning dolzarb masalalari bo‘yicha o‘qitishning innovatsion yo‘nalishlarini joriy etish va ilmiy tadqiqotlarni chuqurlashtirish yuzasidan xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan. 

Respublika to‘qimachilik sanoatining jadal rivojlanishini ta’minlash, yuqori sifatli va raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, uni yirik xorijiy bozorlarga yanada ilgari surish, shuningdek, 2017 – 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida: 

1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi to‘qimachilik sanoatini yanada isloh qilishning muhim yo‘nalishlari etib belgilansin: 

birinchidan, to‘qimachilik sanoatining iqtisodiyotdagi ulushini oshirish, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik mahsulotlarining, eng avvalo, yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh to‘qimachilik mahsulotlarini yuqori texnologik ishlab chiqarishga qayta yo‘naltirish orqali hajmi va sifatini oshirish; 

ikkinchidan, to‘qimachilik sanoatining boshqaruv tizimini ilg‘or menejment texnologiyalari, tarmoq korxonalariga har tomonlama ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlashning, shu jumladan ularning rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi muammolarni hal etishda samarali shakllarini joriy etgan holda tubdan qayta ko‘rib chiqish; 

uchinchidan, to‘qimachilik sanoati sohasidagi standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimini xalqaro talab va standartlarga uyg‘unlashtirish, shuningdek, mahsulotlar sinov laboratoriyalarini modernizatsiya qilish va akkreditatsiyadan o‘tkazish orqali yanada takomillashtirish; 

to‘rtinchidan, tarmoqqa to‘qimachilik mahsulotlari mahalliy va xorijiy bozorlarining holati hamda rivojlanish tendensiyalari haqidagi ishonchli va o‘z vaqtida axborotlar olishni ta’minlash imkonini beruvchi ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, tarmoq rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash maqsadida uni tizimli va kompleks tahlil qilish; 

beshinchidan, paxta xom ashyosini yetishtirishdan boshlab, unga dastlabki ishlov berish, mahsulotni paxta tozalash korxonalarida keyingi qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor to‘qimachilik mahsuloti chiqarish bosqichigacha bo‘lgan ishlab chiqarishni integratsiya qilishni nazarda tutuvchi rivojlanishning klaster modelini amalga oshirish; 

oltinchidan, xom ashyo resurslari taqsimotining mutanosibligi va tashkil etilayotgan tarmoq korxonalarining logistika va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish bilan o‘zaro uzviy bog‘liqlikda, shu jumladan ko‘p funksiyali transport-logistika xablarini qurish, yuklarni yetkazishning optimal yo‘nalishlari hamda yo‘laklarini tanlash, shuningdek, transportda yuk tashish tariflarini optimallashtirish orqali joylashuvini ta’minlash; 

yettinchidan, yuqori sifatli tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksportini kengaytirish, milliy brendlarni jahon bozorlariga ilgari surish maqsadida ishlab chiqarish jarayoniga ilg‘or innovatsion texnologiyalar, nou-xau, dizaynerlik ishlanmalarini keng joriy etish, furnitura va aksessuarlarning zamonaviy namunalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish; 

sakkizinchidan, talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha yo‘nalishlarni kengaytirgan holda to‘qimachilik sanoati uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish, ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlarini tarmoqning zamonaviy rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini, shuningdek, ushbu sohada xalqaro hamkorlikni faollashtirish. 

2. O‘zbekiston Respublikasida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda “Yo‘l xaritasi” deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

Belgilansinki, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishiga shaxsan javobgardir. 

3. 2018-yil paxta hosilidan boshlab, eksperiment tartibida mahalliy to‘qimachilik sanoati korxonalari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilaridan (keyingi o‘rinlarda fermer xo‘jaliklari deb yuritiladi) paxta xom ashyosini yetishtirishga buyurtma qilish va avans berish, shu jumladan quyidagi shartlarni nazarda tutuvchi tizim joriy etilsin: 

xarid qilinadigan paxta navi va hajmi, uni yetkazib berish muddatlari hamda tartibi fermer xo‘jaligi va to‘qimachilik sanoati korxonasi o‘rtasida tuziladigan shartnomada belgilanadi; 

paxta xom ashyosini dastlabki qayta ishlash paxta tozalash korxonasi tomonidan qayta ishlash asosida yoxud to‘qimachilik korxonasi tomonidan xususiy yoki ijaraga olingan paxta tozalash korxonasida amalga oshiriladi; 

to‘qimachilik sanoati korxonalari fermer xo‘jaliklarining xarajatlarini (chigit, mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallari, o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari, ish haqini to‘lash va ko‘rsatilgan xizmatlarga haq to‘lash xarajatlari, boshqa sarf-xarajatlar) tuzilgan shartnoma qiymatining kamida 60 foizini avans berish yo‘li bilan moliyalashtirishni amalga oshiradi; 

to‘qimachilik sanoati korxonalari tomonidan xarid qilinadigan paxta xom ashyosi narxi fermer xo‘jaliklarining haqiqiy xarajatlarini 
va rentabelligini tahlil qilishdan kelib chiqib, shartnoma asosida belgilanadi va davlat ehtiyojlari uchun o‘rnatilgan narxlardan past bo‘lmasligi lozim; 

to‘qimachilik sanoati korxonalari olingan chigitni shartnoma asosida yog‘-moy korxonalariga, qo‘shimcha mahsulotlarni (lint, o‘lik paxta) boshqa iste’molchilarga realizatsiya qiladi; 

to‘qimachilik sanoati korxonalari tomonidan xarid qilingan paxta xom ashyosidan faqatgina uni keyinchalik chuqur qayta ishlash uchun foydalaniladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi: 

2018-yil 10-yanvarga qadar muddatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qimachilik sanoati korxonalari, shuningdek, paxta-to‘qimachilik klasterlari ishtirokchilari bilan paxta xom ashyosini yetishtirishga buyurtma qilish va avans berish tizimiga kiritilayotgan eksperimentni hisobga olgan holda, paxta xom ashyosini yetishtirish va yetkazib berishga kontraktatsiya shartnomalarining fermer xo‘jaliklari bilan o‘rnatilgan tartibda qayta tuzilishini; 

2018-yil 15-yanvarga qadar muddatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qimachilik sanoati korxonalari bilan paxta xom ashyosini yetishtirishga buyurtma qilish va avans berishning kiritilayotgan tizimini hisobga olgan holda, paxta xom ashyosini yetishtirish va yetkazib berishga kontraktatsiya shartnomalari fermer xo‘jaliklari bilan qayta tuzilishidan kelib chiqib, eksperiment o‘tkazish uchun hududlar va yer uchastkalari maydonlarining belgilanishini; 

to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qimachilik sanoati korxonalari bilan paxta xom ashyosini yetishtirishga shartnoma tuzgan fermer xo‘jaliklarini aniqlashni hisobga olgan holda, 2018-yil 1-fevralga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining davlat xaridi va qishloq xo‘jaligini texnika bilan jihozlashni maqsadli moliyalashtirish jamg‘armasining daromadlari va xarajatlari balansi shakllantirilishini; 

2018-yil 15-yanvarga qadar muddatda 2018-yil hosilining paxta xom ashyosi uchun davlat xaridi narxi belgilanishini; 

qayta tuzilgan shartnomalarni hisobga olgan holda, 2018-yil 20-yanvarga qadar muddatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qimachilik sanoati korxonalari, shuningdek, paxta-to‘qimachilik klasterlari ishtirokchilari bilan paxta xom ashyosini yetishtirish va yetkazib berishga kontraktatsiya shartnomalari bilan qamrab olinmagan fermer xo‘jaliklari kesimida 2018-yil hosilining paxta xom ashyosi ekilishi uchun “O‘zpaxtasanoat” AJ buyurtmasining hajmi aniqlanishini ta’minlasin. 

4. To‘qimachilik sanoati korxonalari, “O‘zbekengilsanoat” AJ aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining: 

O‘zbekiston to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari uyushmasini (keyingi o‘rinlarda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi deb yuritiladi) tashkil etish; 

“O‘zbekengilsanoat” AJni uning mol-mulklari va davlatga tegishli boshqa mablag‘lari, shuningdek, debitor qarzdorligini keyinchalik “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga beg‘araz o‘tkazish orqali tugatish; 

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tuzilmasida tizimli muammolarni bartaraf etish, marketing innovatsiyalarini faol joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, zamonaviy tendensiyalarni hisobga olgan holda tarmoqni rivojlantirishning istiqbolli va ustuvor yo‘nalishlarini aniqlashni ta’minlovchi maslahat organi – To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin. 

5. Quyidagilar: 

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi a’zolari to‘qimachilik sanoati korxonalari va tashkilotlari hisoblanishi; 

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining joriy ta’minoti va faoliyatini moliyalashtirish uyushma a’zolarining badallari va ajratmalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi; 

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi va uning o‘rinbosarlari uyushma a’zolari umumiy yig‘ilishining qarori bilan saylanishi; 

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi bir vaqtning o‘zida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti Vasiylik kengashi raisining o‘rinbosari hisoblanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin. 

6. Quyidagilar “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining asosiy vazifalari etib belgilansin: 

xom ashyoni qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotni ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha yagona kompleks sifatida, shu jumladan sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va qo‘llab-quvvatlash, to‘qimachilik mahsulotlari ichki va tashqi bozorlarida tadqiqotlar o‘tkazish asosida tarmoqni barqaror rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish; 

to‘qimachilik sanoati sohasidagi standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimini xalqaro talab va standartlarga uyg‘unlashtirish, shuningdek, mahsulotlar sinov laboratoriyalarini modernizatsiya qilish va akkreditatsiyadan o‘tkazish orqali takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rish; 

to‘qimachilik sanoati korxonalarining faoliyatiga innovatsion texnologiyalar, shu jumladan dizaynerlik ishlanmalari, nou-xau, sifat menejmenti tizimlari va zamonaviy marketing xizmatlari keng joriy etilishini ta’minlash; 

ichki bozorni yuqori sifatli mahalliy to‘qimachilik mahsulotlari bilan to‘ldirish va uning eksport geografiyasini, shu jumladan turli axborot resurslarida hamda mamlakatdagi va xorijdagi ko‘rgazma tadbirlarida milliy brendlarni yo‘naltirishni ilgari surish va to‘qimachilik sanoati korxonalarining salohiyatini namoyish qilish orqali kengaytirish bo‘yicha tizimli kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish; 

to‘qimachilik sanoatiga chet el investitsiyalarini, shu jumladan logistika va muhandislik infratuzilmasini takomillashtirish maqsadida faol jalb qilish; 

to‘qimachilik sanoati korxonalari, paxta-to‘qimachilik klasterlarini hududlar salohiyatining yanada rivojlanish istiqbollaridan, xom ashyo bazasi, infratuzilmasi, mehnat resurslari va bozorlarning mavjudligidan kelib chiqib joylashtirishga ko‘maklashish; 

tarmoqning zamonaviy rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda to‘qimachilik sanoati sohasida kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojni va ularni tayyorlashning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash, mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlarini takomillashtirishda ishtirok etish, ushbu sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini chuqurlashtirish; 

tarmoqning jadal rivojlanishi va to‘qimachilik sanoati korxonalarining barqaror faoliyat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qiluvchi tizimli muammolarni aniqlash hamda bartaraf etish, mazkur sohadagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish. 

7. “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi ijro etuvchi apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq ma’qullansin. 

8. Paxta-to‘qimachilik klasterlarini o‘rta muddatli istiqbolda rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi komissiya (keyingi o‘rinlarda Ishchi komissiya deb yuritiladi) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin. 

Ishchi komissiya Buxoro va Navoiy viloyatlarida paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilishining borishini o‘rganish natijalarini hisobga olgan holda, bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Paxta-to‘qimachilik klasterlarini o‘rta muddatli istiqbolda rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin: 

to‘qimachilik sanoati korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlaridan kelib chiqib, hududlarda paxta-to‘qimachilik klasterlarini joylashtirish tartibi, ularni shakllantirish muddatlari va bosqichlarini belgilash; 

paxta-to‘qimachilik klasteri ishtirokchilariga yer, suv va boshqa resurslardan samarali va oqilona foydalanishni hisobga olgan holda, tabaqalashtirilgan soliq imtiyozlarini qo‘llash imkoniyati; 

tashkiliy-xo‘jalik munosabatlarning shakllari, asosiy kompaniyaning paxta-to‘qimachilik klasteri ishtirokchilari oldidagi majburiyatlari; 

qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishning klaster modelini tashkil qilish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribani tizimli tahlil qilish va joriy etish; 

paxta xom ashyosiga davlatning buyurtmasini bosqichma-bosqich qisqartirishni ta’minlaydigan xususiy kapital va chet el investitsiyalarini jalb etish hisobiga qishloq xo‘jaligida moliyaviy munosabatlarni yaxshilashga ta’sir etish istiqbollarini baholash; 

qishloq xo‘jaligi va boshqa qo‘shimcha mahsulotlar ishlab chiqarishning (chorvachilik, issiqxona xo‘jaliklari va boshqalar) qayta ishlash tarmoqlari rivojlanishiga ta’sirini tahlil qilish. 

9. Belgilab qo‘yilsinki, to‘qimachilik sanoati korxonalari – “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi a’zolari: 

2021-yil 1-yanvarga qadar muddatda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan paxta, sun’iy va sintetik tola, jun, xom ashyo va boshqa materiallar uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinadi; 

qonunchilikda belgilangan tartibda yuqori sifatli mahsulotlarni yagona “Uztextile” belgisi bilan eksport qiladi. 

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga davlat bojini to‘lamagan holda uyushma a’zolarining manfaatlarini ko‘zlagan holda davlat organlari va boshqa tashkilotlar qarorlari, ushbu organlar mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi berilsin. 

10. “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga badallar va ajratmalar soliq bazasidan chiqarilsin. 

11. “O‘zstandart” agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-fevralga qadar muddatda to‘qimachilik sanoati sohasida, shu jumladan mavjud xalqaro akkreditatsiyaga ega laboratoriyalar sonini ko‘paytirish, to‘qimachilik sanoati milliy standartlarini xalqaro standartlarga tezkor va to‘liq muvofiqlashtirishni ta’minlash, to‘qimachilik sanoati korxonalarida zamonaviy sifat menejmenti tizimini joriy qilishni nazarda tutuvchi standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zpaxtasanoat” AJ bilan birgalikda 2018-yil 1-fevralga qadar muddatda mahalliy paxta tolasini sotish uchun, shu jumladan boshqa mamlakatlar-etishtiruvchilarning paxta hajmlarini jalb qilishni nazarda tutgan holda ixtisoslashtirilgan elektron savdo maydonlarini tashkil etish, shuningdek, to‘qimachilik sanoati uchun respublikada ishlab chiqarilmaydigan aksessuarlar, furnituralar, bo‘yoqlar va kimyoviy vositalarning doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi yarmarkasini tashkil qilish bo‘yicha takliflar kiritsin. 

13. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi buyurtmalari bo‘yicha to‘qimachilik sanoat korxonalari tomonidan jalb qilinayotgan chet el mutaxassislariga kirish vizalarini rasmiylashtirishni ta’minlasin. 

14. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining buyurtmalari bo‘yicha to‘qimachilik sanoat korxonalari tomonidan jalb qilinayotgan chet el mutaxassislariga davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va muddati uzaytirilishi, shuningdek, ularni vaqtincha propiska qilish, turgan joyi bo‘yicha hisobga olish hamda ularning uzaytirilishini ta’minlasin. 

15. “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, A.Avloniy ko‘chasi, 20-uy manzili bo‘yicha bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin. 

16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 1-iyuldagi “Respublika yengil sanoatini boshqarishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF–3102-son Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin. 

17. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Adliya, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

18. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari Z.T.Mirzayev, N.S.Otajonov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin. 



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                          Sh.MIRZIYOYEV
 


Toshkent shahri, 2017-yil 14-dekabr 

 
***
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “To‘qimachilik
va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish
chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga
SHARH


To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini (keyingi o‘rinlarda to‘qimachilik sanoati deb yuritiladi) modernizatsiya va diversifikatsiya qilish tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ishlab chiqarilayotgan tayyor raqobatbardosh mahsulotlarning hajmi va turlarini kengaytirish, paxta xom ashyosini yetishtirish va qayta ishlash samaradorligi va rentabelligini oshirishning eng muhim sharti hisoblanadi. 

Shuni inobatga olgan holda, mamlakatimizda mazkur sohani yanada rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar izchil ro‘yobga chiqarilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 dekabrdagi PQ–2687-son qarori bilan 2017-2019-yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlangan. 

Bugungi kunda respublikada 7 mingga yaqin korxona faoliyat olib borayotgan yuqori ishlab chiqarish salohiyatiga ega bo‘lgan to‘qimachilik tarmog‘i shakllantirildi. 1,4 million tonna hajmdagi paxta tolasini ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi, shundan 60 foizga yaqinidan mahalliy to‘qimachilik korxonalarining ehtiyojlarini qondirish uchun foydalanilmoqda. 

Eng avvalo, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish, tarmoqni boshqarishni tashkil etish, resurs va ishlab chiqarish quvvatlarining taqsimlanishi, kadrlar malakasining yuqori emasligi bilan bog‘liq tizimli muammolarning mavjudligi paxta xom ashyosini yetishtirishning past rentabelligiga va uni qayta ishlashga, tayyor mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilishning yetarli darajada emasligiga olib kelmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon mavjud muammolarni hal etish, shuningdek, yuqori sifatli to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish va uni jahon bozorlariga ilgari surish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar kompleksini belgilab berdi. 

Ushbu hujjat bilan to‘qimachilik sanoatini yanada isloh qilishning quyidagi muhim yo‘nalishlari belgilandi, xususan: 

– to‘qimachilik sanoatining iqtisodiyotdagi ulushini oshirish, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik mahsulotlarining hajmi va sifatini oshirish; 

– to‘qimachilik sanoatining boshqaruv tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish; 

– to‘qimachilik sanoati sohasida standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimini yanada takomillashtirish; 

– tarmoqqa ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish; 

– to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishning klaster modelini amalga oshirish; 

– logistika va muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish bilan o‘zaro uzviy bog‘liqlikda xom ashyo resurslari taqsimotining va tashkil etilayotgan tarmoq korxonalari joylashuvining muvozanatini ta’minlash; 

– ishlab chiqarish jarayoniga ilg‘or innovatsiya texnologiyalari, nou-xau, dizaynerlik ishlanmalarini keng joriy etish, furnitura va aksessuarlarning zamonaviy namunalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish; 

– to‘qimachilik sanoati uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish. 

Ta’kidlash joizki, mazkur Farmon iqtisodiyot tarmoqlariga ma’muriy ta’sir ko‘rsatishni yanada qisqartirish va boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirishni nazarda tutadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-sentabrdagi PF–5185-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini amaliy ro‘yobga chiqarishda muhim qadam hisoblanadi.

Xususan, Farmon bilan boshqaruv va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ishlab chiqarish, to‘qimachilik sanoatining texnologik jarayonini modernizatsiya qilish va infratuzilmasini rivojlantirish, tashqi iqtisodiy faoliyatni faollashtirish, to‘qimachilik sanoatiga xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha 20 dan ortiq tadbirlardan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. 

Paxta xom ashyosini ishlab chiqarishni tashkil qilishda sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish va bozor mexanizmlarini joriy etish maqsadida Farmon bilan eksperiment o‘tkazish nazarda tutilgan bo‘lib, uning doirasida birinchi bor mahalliy to‘qimachilik sanoati korxonalari tomonidan fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilaridan paxta xom ashyosiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyurtma berish tizimini joriy etish rejalashtirildi. 

Bugungi kunga qadar mahalliy to‘qimachilik korxonalari paxta tolasini eksport narxlar bo‘yicha monopol yetkazib beruvchi – “O‘zpaxtasanoateksport” XKdan xarid qilishga majbur edi. Mazkur tartib to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishning rentabelligi va raqobatbardoshligini pasaytirgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tashabbus qilingan eksperimentga muvofiq, to‘qimachilik sanoati korxonalari fermer xo‘jaliklari paxta xom ashyosini yetishtirish bo‘yicha asosiy xarajatlarining tuzilgan shartnoma qiymatining kamida 60 foizini avans berish yo‘li bilan moliyalashtirishni amalga oshiradi. Bunda korxonalarga yetkazib berilgan paxta xom ashyosidan faqatgina keyinchalik chuqur qayta ishlash va tayyor raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsadida foydalaniladi. 

Bundan tashqari, Davlat rahbari o‘zining Farmonida to‘qimachilik sanoati korxonalari, “O‘zbekengilsanoat” AJ aksiyadorlari yig‘ilishining va qator idoralarning “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifini qo‘llab-quvvatladi. Bunda davlatning tartibga solish va xo‘jalik funksiyalarini o‘z ichiga olgan “O‘zbekengilsanoat” AJ tugatiladi. 

Mazkur uyushmaga respublika to‘qimachilik tarmog‘ini barqaror rivojlantirish bo‘yicha keng doiradagi vazifalar yuklatildi. 

Sohani boshqarish tizimi to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalariga javob bermasligi, ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qodir emasligi mazkur qarorning qabul qilinishini taqozo etdi. Masalan, “O‘zbekengilsanoat” AJ tarkibiga 436 ta korxona kiradi, bu esa ular umumiy sonining atigi 6 foizini tashkil etadi. Ushbu jamiyatning faoliyati asosan statistikani to‘plash, turli xil yig‘ilishlar o‘tkazish, ko‘rgazmalarni tashkillashtirishga qaratilgan. Uning tashkiliy shakli ham aksiyadorlik jamiyatining huquqiy holatiga mos kelmaydi. 

Xorijiy mamlakatlarning tajribasi shuni ko‘rsatdiki, to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishning samarali shakllaridan biri klasterlarni tashkil etish hisoblanadi. Mazkur model paxta xom ashyosini yetishtirish, dastlabki ishlov berish, mahsulotni paxta tozalash korxonalarida keyingi qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni o‘z ichiga olgan yagona ishlab chiqarish siklini tashkil etishni ko‘zda tutadi. 

Bundan kelib chiqib, maxsus Ishchi komissiyaga Paxta-to‘qimachilik klasterlarini o‘rta muddatli istiqbolda rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini, shunday klasterlarni Buxoro va Navoiy viloyatlarida tashkil etish natijalarini hisobga olgan holda ishlab chiqish topshirildi. 

Shu bilan bir qatorda, Farmon bilan to‘qimachilik sanoati korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar, shu jumladan bojxona to‘lovlari to‘lash bo‘yicha imtiyozlar taqdim etish nazarda tutilmoqda. 

Ta’kidlash joizki, mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha laboratoriyalarning past samaradorligi, ularning ko‘pchiligida xalqaro akkreditatsiyaning mavjud emasligi mahalliy to‘qimachilik sanoati ishlab chiqaruvchilarining tashqi bozorlarga chiqishiga to‘sqinlik qilmoqda. Ushbu muammolarni hal qilish uchun to‘qimachilik sanoati sohasida standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish, shu jumladan xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish nazarda tutildi.

Umuman olganda, Davlat rahbari Farmonining amalga oshirilishi: 

– tarmoqning boshqaruv tizimini takomillashtirish, ishlab chiqarish, narxlarni shakllantirish va paxtani sotish jarayoniga bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish; 

– paxta eksporti hajmini tobora qisqartirish va ichki bozorda uni chuqur qayta ishlashning o‘sishini ta’minlash; 

– mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo, materiallarni ishlab chiqarishni, shu jumladan mahsulotning alohida turlarini mahalliylashtirish orqali rag‘batlantirish; 

– texnologik va marketing innovatsiyalarini keng joriy etish; 

– davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan foydalangan holda to‘qimachilik komplekslarini qurish; 

– xalqaro akkreditatsiyaga ega mahalliy laboratoriyalar sonini ko‘paytirish, to‘qimachilik sanoati milliy standartlarini xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish hisobiga to‘qimachilik sanoatining jadal rivojlanishini ta’minlaydi. 

  • Ko'rildi
    7567
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Ulugʻbek2018-11-21 20:27:43

Men shu tikuvchilik stanoglarini kreditga olsam biladimi. Agar bolsa yordam berib yuborila. Iltimos


Fikringizni qoldiring

+