Xalq vakili hamisha izlanishda

19.09.2019, 14:22

Xalq vakili hamisha izlanishda

Bugun hayot shiddat bilan o‘zgarib, kundan-kunga ol­dimizga yangi talablar qo‘ymoqda. Ana shunday bir vaziyatda xalq vakili bo‘lgan deputat hayotni ziyrak bo‘lib kuzatib borishi, o‘ylashi, aholini tashvishlantirib kelayot­gan masalalarni hal etish choralarini doimiy izlashi kerak. Agar deputat faoliyatida “Bu muammo bo‘yicha hech kim murojaat qilmadiku, kimdir murojaat qilsagina masalani hal etishga ko‘maklashaman”, degan qarash bo‘lsa, odamlarga nafi tegmaydi. Aksincha nomiga deputat bo‘lib yuraveradi.

Xalq deputatlari Yashnobod tuman Kengashidagi O`zLiDeP deputatlari shu yilning sentabr holatiga ko‘ra, tegishli tashkilotlarga 20 ta deputatlik so‘rovi yuborildi, xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasiga 3 ta masala kiritildi. Deputatlarga 50 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, barchasi ijobiy hal etildi. Sayyor qabullar va ochiq muloqotlarda ham faol ishtirok etib kelayapmiz.

Har qanday muammoning yechimini topsa bo‘ladi. Buni biz amalda ko‘rdik. Ko‘pchilik yaxshi biladi 2016 yilda O‘zbekiston hukumati portalida Bosh vazirning virtual qabulxonasi ochildi. Hukumat rahbari bilan oddiy odamlar o‘rtasida hech qanday vositachilarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yo‘lga qo‘yildi. Shu bois ham mazkur virtual qabulxona ishga tushgan kuniyoq mamlakatimizning turli joylaridan mingga yaqin ariza, shikoyat va takliflar kelib tushdi. Ko‘p o‘tmay, barchamiz guvoh bo‘ldikki, aksariyat muammolarni nisbatan qisqa vaqt ichida samarali, eng muhimi, qonun doirasida hal qilsa bo‘lar ekan. Buning uchun xohish va iroda, hayotdagi o‘tkir muammolarga tik qaray olish, ularni bartaraf etishning ta’sirchan yo‘llarini topish talab qilinadi.  

Xalq deputatlari Yashnobod tuman Kengashidagi O`zLiDeP deputatlari faqatgina “deputatlik so‘rovi yubordim bo‘ldi-da” qabilida emas, balki yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarga yechim izlayapti. Tegishli tashkilotga deputatlik so‘rovi jo‘natilgandan so‘ng masala qancha vaqtda hal bo‘lishi bo‘yicha aniq javob talab qilinayapti. Misol uchun tumandagi “Go‘zal” mahallasi suv quvurlari o‘ta ta’mirtalabligi bo‘yicha aholidan murojaat tushgan edi. Masalani o‘rgandim va “Suvsoz”ning Yashnobod tuman bo‘limiga deputatlik so‘rovi yuborganimdan so‘ng necha kunda harakat boshlanishini so‘radim. Oradan 10 kun o‘tgach ishga kirishildi va eski quvurlar to‘la almashtirildi. To‘g‘ri har doim ham ish silliq kechavermaydi. Ayrim muammolar bosqichma-bosqich hal etiladi. Ana shu jarayonda deputat odamlarga buni to‘g‘ri tushuntira olishi va sa’y-harakatlarni qadamma-qadam yetkazib turishi kerak.

Hayot bor ekan, inson bor ekan, muammolar ham bo‘lishi tabiiy. Shunday ekan murojaatlar bilan ishlash hech qachon kun tartibidan tushmasligi lozim. Albatta, hammani to‘la rozi qilish imkonsiz. Biroq saylovchilarimiz, bizga hamfikr bo‘lsa, muammolarga tik qarab, ularni bir chetdan hal qilishga deputatga ko‘maklashsa, uni qo‘llab-quvvatlasa, ishoning, har qanday muammoga ijobiy yechim topish mumkin.

 Shozafar ShOAHMEDOV,

Xalq deputatlari Yashnobod

tuman Kengashidagi

O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi

  • Ko'rildi
    1371
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+