Bitta maqsad bizni birlashtiradi – vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi

20.12.2017, 16:10

Bitta maqsad bizni birlashtiradi – vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi

Mana o‘lkamiz ijtimoiy-siyosiy hayotida juda muhim voqea – Toshkent shahar xalq deputatlari tuman kengashlariga saylovlar jarayoni o‘zining eng qizg‘in pallasiga kirdi. Hozirda har bir siyosiy partiya saylovchilar orasida o‘z saylovoldi ustuvorliklarini asoslashga qattiq bel bog‘lagan payt hisoblanadi.

Partiyamiz tomonidan ushbu muhim pallada ishni yanada samarali tashkil qilishga juda katta ahamiyat qaratilmoqda. Bu bejiz emas albatta.

Shu hafta so‘nggida barcha saylovoldi harakatlarimizning yakuni bo‘lgan saylovlar kuni ekan O‘zLiDeP uchun ushbu saylovlarda qatnashish prinsipial muhim ahamiyat kasb etishini yana bir bor ta’kidlab o‘tmoqchimiz.

Bu eng avvalo O‘zLiDePning mamlakatimiz rahbari tashabbuslari bilan qabul qilingan va mamlakatimizning taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasida ilgari surilgan vazifalarni to‘laqonli va samarali amalga oshirilishi eng avvalo hududlarda, bevosita shahar va tumanlarda ushbu vazifalarning qanday hayotga joriy etilishi bilan bog‘liq ekanligi bilan belgilanadi. Qolaversa endilikda Toshkent shahridagi har bir tumanning o‘z budjetiga ega bo‘lishi va uni qabul qilish hamda ijrosini nazorat qilish ustidan vakolatlarning yangi tashkil etilayotgan xalq deputatlari tuman kengashlariga berilishi bu borada mutlaqo yangi imkoniyat bo‘ldi, deyishimiz mumkin. Shu tufayli O‘zLiDeP xalq deputatlari tuman kengashlaridagi deputatlari safini kengaytirish orqali ushbu islohotlarda faol ishtirok etishni maqsad qilib qo‘ygan.

Biz buni poytaxtimiz hokimiyat vakillik organlari va jamoatchiligining Toshkentdagi sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni ro‘yobga chiqarish, tuman kengashlari tomonidan mahalliy budjetni shakllantirish va ijrosini ta’minlash, tumanlarni rivojlantirish istiqbolli dasturlarini amalga oshirish, mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni belgilash ustidan nazorat o‘rnatish borasidagi rolining kuchayishi uchun ulkan imkoniyat deb bilamiz. Saylovlarda saylovchilar erkin ovoz berish yo‘li bilan o‘zlarining ertangi kunini va poytaxtimizni istiqbolda rivojlantirish yo‘lini belgilaydilar.

Aytish mumkinki, saylovlarda ishtirok etish bilan bog‘liq aniq maqsadlarning qo‘yilganligi partiyamiz tomonidan “Birgalikda poytaxtimizni yanada obod shaharga aylantiramiz” degan asosiy shior ostida saylovchilar e’tiboriga qaratilgan “Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Toshkent shahrida xalq deputatlari tuman kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlardagi ishtirokiga oid maqsad va vazifalari”da o‘z aksini topdi.

Toshkent shahrining sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy sohadagi mavjud muammolari va imkoniyatlarini, qolaversa poytaxt aholisini o‘ylantirgan masalalarni atroflicha tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan partiyaning saylovlardagi ishtiroki bilan bog‘liq ustuvorliklar nafaqat ushbu masalalarni o‘rtaga qo‘yish, balki bozor iqtisodiyoti mexanizmlari, tadbirkorlikka keng yo‘l ochish orqali ularni hal qilishning aniq yo‘llari bilan ajralib turadi. Xususan, partiyaning ushbu saylovoldi ustuvorliklari doirasida ilgari surilgan “Toshkent - yashash va ishlash uchun qulay shahar”, “Yaqin istiqboldagi Toshkent – investitsiyalarni jalb etish hamda biznesni rivojlantirish uchun eng jozibador shahar”, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik – poytaxtning kuchli va yangi iqtisodiyoti asosi”, “Toshkent - innovatsion iqtisodiyot taraqqiy etgan shahar”, “Toshkent – yo‘l-transport infratuzilmasi rivojlangan shahar”, “Toshkent - energiya  samaradorligiga asoslangan iqtisodiyotga ega shahar”, “Toshkent – salomatlik jamiyatning muhim boyligi va aholining turmush tarzi sifatida qadrlanadigan shahar”, “Toshkent – bandlik to‘la ta’minlanadigan va barcha o‘ziga munosib ish topadigan shahar”, “Toshkent – yoshlar shahri” kabi g‘oyalar hamda ushbu g‘oyalarni hayotga tadbiq qilish borasida ilgari surilgan aniq mexanizmlarning ko‘rsatib berilganligi saylovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Aytib o‘tish kerakki, fuqarolarimiz ushbu g‘oyalarning har biri bugun o‘z vaqtida ilgari surilgan g‘oyalar sifatida, jonajon shahrimiz, aziz poytaxtimizni Prezidentimiz aytganidek dunyo megapolislariga xos tamoyillar asosida rivojlantirish borasida ilgari surgan topshiriqlari ruhiga mos g‘oyalar sifatida qabul qildilar. Eng muhimi nomzodlarimiz tomonidan ushbu g‘oyalar ilgari surilganda saylovchilar ularni faqat tinglabgina qolmasdan, to‘liq qo‘llab-quvvatlash barobarida yanada takomillashtirish borasida ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdiki, bu ham yana bir bor O‘zLiDeP saylovoldi ustuvorliklarida ilgari surilgan g‘oyalarning aholi tomonidan qanchalik qizg‘in kutib olinganligidan dalolatdir.

Partiyamiz o‘z saylovoldi dasturida shuningdek sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlar va ayollarning intellektual salohiyatlarini oshirishga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, bu borada fuqarolik institutlari faoliyatini kuchaytirish, xususiy kapitalni jalb etgan holda sog‘liqni saqlash sohasiga zamonaviy tibbiyotning eng so‘ngi yutuqlarini tatbiq etish, aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida xotin-qizlar rolini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, masofaviy ta’limning zamonaviy shakllarini jadal sur’atlar bilan rivojlantirish choralarini ko‘rish kabi takliflarni ilgari suradi.

Ilm-fan, yuksak texnologiyalar shiddat bilan o‘sib borayotgan hozirgi zamonda mamlakatimiz aholisi, ayniqsa, yoshlarimizning intellektual salohiyati har tomonlama yuksalishi yurtimiz taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Partiyamiz o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarni amalga oshirishda hamisha iste’dodli va bilimli yoshlarga tayanib kelgan va bundan keyin ham bu yo‘nalishdagi ishlarni izchillik bilan davom ettiradi.

Aholi bilan amalga oshirilgan keng ko‘lamli uchrashuvlar jarayonida partiyadan ko‘rsatilgan har bir nomzod faqatgina partiyaning ushbu saylovlardagi ishtiroki bilan bog‘liq maqsad va vazifalar bilan cheklanmasdan, o‘z okrugi doirasidagi eng dolzarb masalalarga ham alohida e’tibor qaratishga, ularni hal qilish masalalarini o‘z saylovoldi dasturlarida aks ettirishga harakat qilishdi.

Ayni paytda joylarda barcha siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti o‘tkazilmoqda. Bugungacha nomzodlar tomonidan 700 ga yaqin uchrashuvlar amalga oshirildi. Olti minga yaqin xonadonlarga bevosita tashrif buyurilib, otaxon va onaxonlarimiz, xonadon sohiblari orasida keng tushuntirish ishlari amalga oshirildi. Bu haftada ushbu ishlar yanada kengroq ko‘lamda davom ettiriladi. Saylovchilar bilan uchrashuvlarda mushtarak maqsadlar ayon bo‘lmoqda. Nomzodlarimiz aholi bilan uchrashuvlarda ularni o‘z saylovoldi dasturlari bilan tanishtirmoqda. Saylovchilar ham o‘zlari istiqomat qilayotgan hududdagi muammolar yuzasidan murojaat qilishyapti.

Masalan, qariyb barcha tumanlarda o‘z tadbirkorligini rivojlantirishga qiziqish bildirayotgan yoshlar murojaat bilan chiqishdi. Xususan, kredit olish, joy bilan imtiyozli ta’minlash masalalarida turli murojaatlar bo‘ldi. Toshkent shahrining barcha tumanlarida kichik sanoat zonalari tizimini yanada kengaytirishga ehtiyoj borligi bildirildi. Bektemir tumanining ba’zi mahallalarida maktabgacha ta’lim muassasasi va o‘rta maktablarning yetishmasligi masalalari ko‘tarildi, saylovchilar tomonidan shunday ta’lim maskanlari barpo etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lishi aytib o‘tildi. Mirobod tumanida saylovchilar yoshlarning, ayniqsa, uyushmagan yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha qilinadigan ishlar ko‘pligiga to‘xtalib o‘tishdi . Tumanning ayrim ko‘chalaridagi yer osti issiqsuv quvurlari yaroqsiz holatga kelib qolganligi, ularni tezlikda yangilashzarurligi aytildi. Mirzo Ulug‘bek tumani saylovchilari esa kelgusida tadbirkorlar tomonidan quriladigan kichik va katta savdo shoxobchalari, aholiga xizmat ko‘rsatuvchi servislar va boshqa inshootlarda nogironlar uchun maxsus yo‘lakchalar tashkil etish hisobga olinsa, ular uchun qulayliklar yaratilsa degan takliflarni bildirishdi. Sergeli tumani kundan kunga chiroy ochib, ko‘rkam va obod hududga aylanib bormoqda. Yangi inshootlar, uy-joylar, savdo maskanlari qurilishi natijasida aholi turmushi yanada farovonlashmoqda. Shu bilan birga ba’zi muammolar saqlanib qolayotgani, bo‘lg‘usi deputatlar albatta ularga alohida e’tibor qaratishi lozimligi aytib o‘tildi. Misol uchun, tumanning bir qator mahalla va katta ko‘chalarida yo‘llar talab darajasida emas. Bunday holat shaharning Shayxontohur, Uchtepa va boshqa tumanlarida ham uchrashiga alohida e’tibor qaratildi. Uchtepa tumanida shuningdek yirik va o‘rta ishlab chiqarish korxonalarini ko‘paytirish, shu orqali bandlik masalalari yechimini topish mumkinligi ta’kidlandi. Ba’zi mahallalardagi simyog‘ochlar yaroqsiz holatga kelib qolgani uchrashuvlarda saylovchilar tomonidan alohida ta’kidlab o‘tildi. Tuman markaziy poliklinikasining 31-mavzeda qad ko‘targan filiali qurilishi tugallangan, ammo haligacha foydalanishga topshirilmaganligiga nomzodlarning e’tibori qaratildi. Chilonzor tumanida davlat-xususiy sektor sherikligi tamoyillari asosida tibbiyot sifatini tubdan yaxshilashga e’tiborni kuchaytirish lozim. Ya’ni, poliklinikalar faoliyatini yanada jonlantirish kerakligi aytib o‘tildi. Olmazor tumanida oilaviy tadbirkorlikni va korxonalarni ko‘paytirish hamda ular tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun maxsus magazin yoki savdo shoxobchalarini barpo etish masalalari ko‘tarildi. Yashnobod tumanida uy bekalarini oilaviy tadbirkorlikka jalb qilish uchun tegishli sharoit yaratish maqsadga muvofiqligi aytib o‘tildi. Yunusobod tumanidagi ba’zi maktablarda boshlang‘ich sinflarning yo‘qligi, bu hal qilinishi zarur masalalardan ekanligi ta’kidlab o‘tildi. Toshkent shahridagi ayrim maktablarda bitta sinfdagi o‘quvchilar soni 50 nafardan oshib ketganligiga e’tibor qaratildi. Yakkasaroy tumanida yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, navqiron avlodning zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, har bir tumanning o‘ziga xos imkoniyatlaridan kelib chiqib kasbga yo‘naltirish borasidagi masalalarni samarali hal qilish lozim bo‘ladi.

Albatta, xurmatli saylovchilarimiz tomonidan bildirilgan ushbu talbalarning barchasi inobatga olinadi va ular yuzasidan tegishli ishlar amalga oshiriladi.

Aholi vakillari bilan bevosita uchrashuvlardan tashqari partiya saylovoldi dasturi hamda nomzodlarimiz to‘hrisidagi ma’lumotlarni aholiga yetkazishning zamonaviy usullaridan keng foydalanishga ham harakat qilindi. Xaftaning har dushanba kuni teleefirga uzatilgan ko‘rsatuvlardan tashqari , radio, ko‘cha va matrolarda, aholi dam olish joylarida tegishli elektron va targ‘ibot vositalaridan foydalangan holda tushuntirish ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Ayniqsa partiyaning internet sayti, qolaversa ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarhibot ishlari amalga oshirildi. Bevosita O‘zLiDePning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridan tashqari aynan saylov uchun mahsus tashkil etilgan har bir tuman kengashi deputatalarining ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlari aholiga o‘z saylovoldi ustuvorliklarimizni tanishtirish uchun katta imkoniyat bo‘ldi. Ushbu guruhlarda saylovchilar o‘zlarining nomzodlariga bevosita savollar bilan murojaat qilish va ularga javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Bularning barchasi partiyamizning ushbu saylovlarga qanchalik jiddiy yondoshayotganligini ko‘rsatuvchi misollardir.

Bugun biz tarixiy bir davrda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida xalqimiz o‘z oldiga ezgu va ulug‘ maqsadlar qo‘yib, tinch-osoyishta hayot kechirayotgan, o‘z kuch va imkoniyatlariga tayanib demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida ulkan natijalarni qo‘lga kiritayotgan bir zamonda yashamoqdamiz.

Har bir fuqaro O‘zbekistonda qanday jamiyat barpo etilayotganiga befarq emas, aksincha, katta ishonch va orzu-umidlar bilan qaramoqda. Vatanimiz har tomonlama taraqqiy etib, aholi turmushi yaxshilanib bormoqda. Bu nimadan darak beradi? Albatta, yurtimizda tinchlikning barqaror ta’minlab kelinayotganidan. Istiqlolni asrab-avaylash, sarhadlarimiz daxlsizligi va milliy xavfsizligimizni saqlash, mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikni mustaqkamlash O‘zbekiston rahbariyatining doimiy diqqat markazida bo‘lib kelayapti. Mamlakatimiz mustaqillikni qo‘lga kiritganidan so‘ng jamiyatning barcha sohalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Bu borada mamlakat taraqqiyot rejalari tuzilar ekan, rivojlanishning faqat nazariy jihatiga emas, balki amaliyotda to‘liq aks etishiga ham alohida e’tibor berildi. Eng quvonarlisi, yurtdoshlarimizning ongi o‘zgardi.

Saylovlarning ochiq va oshkoralik, sog‘lom raqobat muhitida o‘tishi O‘zbekiston tanlagan tadrijiy taraqqiyot yo‘lining nihoyatda to‘g‘ri ekanini yana bir bor namoyish etadi. Shu ma’noda ham ushbu saylovga boshqa siyosiy partiyalar qatori O‘zLiDeP ham, uning barcha bo‘g‘inlardagi a’zolari, deputatlari, elektorat vakillari ham jiddiy yondashmoqdalar.

Sir emaski, saylov natijalari har qanday siyosiy partiya uchun o‘z g‘oya va maqsadlarining jamiyat hayotidan qay darajada o‘rin egallashini bildiradi. Bu esa ushbu muhim imtihonda boshlang‘ich partiya tashkilotlaridan tortib fraksiyamiz a’zolarigacha bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilish lozimligini ko‘rsatadi.

2017 yilgi saylov mamlakatimizda vujudga kelgan yangi siyosiy sharoitda o‘tayotganini va oldingi saylovlardan sifat jihatdan mutloqo farq qilishini ham yodda tutish lozim. Bu yilgi saylov juda ham keskin, o‘ta kurashchan tarzda o‘tishi barchamizga ayon. Saylovda nafaqat siyosiy partiyalar, balki o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham o‘z nomzodlari bilan ishtirok etadi.

Toshkent shahar xalq deputatlari tuman kengashlariga saylovlarda ijobiy natijaga erishishimiz uchun partiyamiz tomonidan o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlarni xolis va kamtarona, bo‘rttirmasdan siyosiy texnologiyalar orqali saylovchilarga yetkaza bilishimiz juda muhim. Bu esa zimmamizga alohida mas’uliyat yuklaydi. Demak, barcha imkoniyatimiz, tajribamiz belgilangan maqsad va rejalarni ro‘yobga chiqarishga qaratilishi darkor.

Tadbirkorlikni rivojlantirish jamiyatimiz taraqqiyoti va farovon hayotimizning eng muhim kafolatidir.

Hurmatli saylovchilar! Yurt taraqqiyoti, vatan ravnaqi va xalq farovonligini yuksaltirish tarafdori bo‘lsangiz, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi nomzodlariga ovoz bering!

 Istiqbolimiz – azmi qat’iy tadbirkorlar bilan!

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

Teglar
Saylov 2017
  • Ko'rildi
    5141
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+