Mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi yuzasidan parlament nazorati kuchaytirilmoqda

21.12.2017, 19:20

Mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi yuzasidan parlament nazorati kuchaytirilmoqda

Joriy yilning 21 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zLiDeP fraksiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati –O‘zbekiston Liberal Demokratik partiyasi hamda Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining tayyor mahsulot, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish sohasini takomillashtirish bo‘yicha faoliyati natijalarini muhokama qilish maqsadida ushbu vazirlikning axboroti eshitildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda tayyor mahsulotlar mahalliylashtirilishi darajasini oshirish iqtisodiyotning yanada barqaror va izchil rivojlanishida, uning tashqi omillarga tobeligini pasaytirishda, ishlab chiqirish jarayonlariga yangi samarali texnologiyalarning tatbiq etilishini jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Aynan shu bois yurtimizda mahalliylashtirish - sanoatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Sohani yanada rivojlantirish va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarni  huquqiy jihatdan ta’minlash maqsadida mamlakatimizda tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy asoslar yaratilgan va u bugungi rivojlanish tamoyillaridan kelib chiqib takomillashtirib borilmoqda.

Ta’kidlash joiz, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari tomonidan Surxondaryo, Namangan, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan qator korxonalar faoliyati o‘rganilib, joylarda mahalliy tadbirkorlar bilan muloqotlar tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vazirligi mahalliylashtirish jarayonining faol ishtirokchisi sifatida mamlakatimiz Prezidentining 2016 yil 26 dekabrdagi “2017-2019 yillarda tayyor mahsulot turlari, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning istiqbolli loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorining bajarilishi yuzasidan muayyan ishlarni amalga oshirmoqda.

Xususan, axborotda keltirilishicha, joriy yilning 9 oyi davomida 750 ta mahalliylashtirish loyihasi bo‘yicha ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 5 trln. 781 mlrd.so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan va reja 149 foizga bajarilgan. Mahalliylashtirish dasturi loyihalarini amalga oshirish natijasida sanoat mahsulotlarining 150 dan ortiq yangi turini ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan. Natijada 351 mln.doll. hajmidagi mahalliylashtirilgan mahsulotlarning eksporti ta’minlangan. Yana bir muhim jihat dastur doirasida joriy yilning uch choragi davomida 2 169 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etilgan.

Deputatlarning ta’kidlashicha, mahalliylashtirish dasturlarini amalga oshirishdagi zamonaviy yondashuvlar tufayli jarayonlarning shaffofligi va tezkorligi ta’minlanmoqda, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish xajmi o‘smoqda. Bu o‘z navbatida  ichki bozorlarimizni zarur tovarlar bilan to‘ldirish hamda mamlakatimizning eksport salohiyati yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, tadbirda deputatlar tomonidan sohaning yanada rivojlanishini ta’minlash uchun foydalanilmagan zahiralar va imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi. Jumladan, joylarda mahalliylashtirish dasturi xususiyatlari, dastur doirasida beriladigan soliq va bojxona imtiyozlari va preferensiyalar, dasturga kiritish mexanizmlari haqida tadbirkorlik sub’ektlarini keng xabardor qilish, tayyor mahsulotlar sotishni amalga oshirishda marketing tadbirlari sust tashkil etilayotganligi, davlat boshqaruvi organlari va tijorat banklari tomonidan tegishli hujjatlarni rasmiylashtirilishda kechikish holatlarining mavjudligiga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, doimiy ravishda mahsulot ishlab chiqarish rejalari bajarilishini tizimli monitoringini tashkil etish,  korxonalar duch kelayotgan muammo va to‘siqlarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni yechimi bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish masalalarida mahalliy davlat organlarining mas’uliyatini oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Konstruktiv va amaliy ruhda o‘tgan tadbirda ishtirokchilar sohani yanada rivojlantirishga doir fikr-mulohazalar bildirib, normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga doir takliflar berdilar. Eshituv yakunlari bo‘yicha tegishli qarori qabul qilindi.

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1410
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+