Yoshlarni qo‘llab-quvvatlasak, kam bo‘lmaymiz

16.01.2020, 12:22

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlasak, kam bo‘lmaymiz

Qarshi shahrida O‘zLiDeP viloyat Kengashi va Adliya hududiy boshqarmasi hamkorligida “Tadbirkor yoshlar – mamlakatimiz tayanchi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari, akademik litsey, kollej va maktablar o‘quvchilari  ishtirok etgan mazkur muloqotda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning poytaxtimizdagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan uchrashuvida bildirgan fikrlari mazmun-mohiyati, yoshlar duch kelayotgan muammolar yechimi bo‘yicha mutasaddilar zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosi haqida so‘z bordi.

–  Mana uch yildirki, ta’lim-tarbiya ishiga zamonaviy usullar asosida yondashilib, sifatli o‘qitish tizimlaridan foydalanilayotgani yuqori malakali kadrlar tayyorlashda o‘z samarasini bera boshladi, – dedi partiya viloyat tashkilotining Yoshlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Ma’mur Abdullayev. – Prezidentimiz yangi O‘zbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga qurishimizni,  2020 yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili bo‘lishini bejiz ta’kid­lamadi.  Bugungi tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad  vohada amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga yoshlarni jalb etish, iqtidorlarini namoyon etishga ko‘maklashish, fidoyi, jonkuyar yoshlarni mas’ul vazifalarga tayinlash orqali el-yurt ravnaqi yo‘lidagi ezgu ishlarga safarbar etishdir. E’tiborlisi, bo‘limimiz o‘tgan yili yoshlarni tashvishlantirayotgan o‘nlab muammolar hal qilinishiga yaqindan yordam berdi.   

“Nasaf treyvl” kompaniyasi rahbari, O‘zLiDeP viloyat Kengashi raisining tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Qarshi shahar Kengashi deputati O‘ktam Xo‘jayorov anjuman ishtirokchilariga o‘z tadbirkorlik faoliyatini qay tariqa yo‘lga qo‘ygani, duch kelgan muammolarni bartaraf etish, yangi-yangi loyihalarni amalga oshirish borasida chekkan zahmatlari, erishgan yutuqlari haqida batafsil so‘zlab, tadbirkorlik borasida yoshlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.

Partiya viloyat Kengashining biznes tuzilmalar va fermerlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Farrux Safarovning ma’lum qilishicha, “Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasi bilan hamkorlikda yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish borasida bir qancha ishlar amalga oshirildi. O‘tgan yili viloyatdagi 388 nafar yigit-qizga g‘oya va loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklaridan 99 mlrd. 619 mln. so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilishiga ko‘mak berildi, natijada 3228 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Mazkur bo‘lim tushgan murojaatlarni sinchiklab o‘rganib, yosh tadbirkor va fermerlar faoliyatidagi qiyinchiliklar bartaraf etilishiga yordam berdi, jumladan, o‘nga yaqin yosh ishbilarmon faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi. Qayd etish zarurki, viloyatda turli tashkilotlar tomonidan yoshlarning tadbirkorlik sub’ektlari, yirik korxonalar, inshootlar, oliy ta’lim muassasalariga sayohatlari ham tashkil qilinmoqda. Bo‘lim ana shunday tadbirlarning har jihatdan foydali, mazmunli va yuqori saviyada o‘tkazilishiga muayyan hissa qo‘shyapti.

Shuningdek, muloqotda “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi Qarshi shahar filiali rahbari Jamshid Rahmonqulov, Qarshi yuridik kolleji talabasi Bekzod Chorshanbiyev, Qarshi shahar Kengashi raisi o‘rinbosari Bahrom Sattorov va boshqalar so‘zga chiqib, yoshlar tomonidan ilgari surilayotgan yangi-yangi loyi­halarni amaliyotga tatbiq etishga ko‘maklashish, yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratilishini ko‘paytirish, uy-joy bilan ta’minlash, bino qurish uchun yer maydonlari ajratish, yashash sharoitini yaxshilash borasida fikr-mulohazalar bildirdi.

Uchrashuv so‘ngida bir guruh faol yoshlarga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari va kitoblar taqdim etildi.  

Sayfulla IKROMOV,

“XXI asr” muxbiri

  • Ko'rildi
    771
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+