Deputatlar o‘z maqomiga munosib bo‘lishga urinishyapti?

10.02.2020, 17:18

Deputatlar o‘z maqomiga munosib bo‘lishga urinishyapti?

Xalqda ajoyib naql bor, “Ishim bitdi, eshagim suvdan o‘tdi” degan. Bu naql odatda dastlab, ishini bitkazish uchun qop-qop va’dalarni berib, so‘ng qorasini ham ko‘rsatmaydiganlarga nisbatan ishlatiladi. Saylovlar paytida ham tanlagan nomzodimizga ovoz berayotib, saylovdan keyin ishonch bildirgan vakilimiz yuqoridagi naqlda aytilganidek ish yuritishmasligiga umid bog‘lagandik. Shukrki, harholda bugun deputatlarimiz xalqning oldiga borishayapti, ozmi, ko‘pmi, ularning muammolarini hal qilishga bel bog‘lashayapti.

Misol uchun, Denov tumanidagi “Xo‘jaxalqi” mahallasi hududidagi ichki ko‘chalar nosozligi haqida mahalla fuqarolari O‘zLiDePdan tuman Kengashi deputatligiga saylangan Onar Niyazovga murojaat qilishgandi. Deputat darhol bu muammoga chora topishga kirishdi va 6 fevral kuni mahallaning ayrim ichki yo‘llariga tosh to‘kilib, ko‘chalar tekislandi. Yana 2 kilometr ichki yo‘llarni toshlash va tekislash ishlari hozirda davom etmoqda.  

O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylangan deputatlarimiz ham ayni paytda hududlarda aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazishayapti. Jumladan, 79-Jarqo‘rg‘on saylov okrugidan saylangan Qonunchilik palatasi deputati Faxriddin Samatov Jarqo‘rg‘on tumanida tuman hokimi o‘rinbosari A.Rajabov hamda partiyaning Jarqo‘rg‘on tuman Kengashi vakillari bilan birga aholi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda Qonunchilik palatasi deputati F.Samatov yig‘ilganlarga bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildirib, Prezidentimizning Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasi yuzasidan ma’ruza qildi. Shundan so‘ng, aholining murojaatlari tinglandi.

- Mahallamizdagi elektr simlari tortilgan simyog‘ochlar yaroqsiz holga kelib qolgan, — deydi tumandagi “Obi hayot” mahallasi fuqarosi Saxovat Mustanova. — Ana shu simyog‘ochlarni almashtirish zarur. Qolaversa, mahallamizning yuqori qismida yashovchi fuqarolarning farzandlari 63-umumta’lim maktabiga borish uchun o‘sha yerda joylashgan kanal atrofini aylanib, uzoq masofani bosib o‘tishadi. Ularning uzog‘ini yaqin qilish va kanal ustiga ko‘prik qurishda amaliy yordam berishini so‘rab, deputatimizga murojaat qildik. Bu masala mutasaddilar bilan hamkorlikda o‘rganib chiqilishini aytishdi. Biz ham bu muammolarning ijobiy yechim topishidan umid qilamiz.

Bundan tashqari, “Obod guzar” mahallasida yashovchi Abdulla Qurbonov xonadonlardagi chiroqlar juda xira ekanligi, ya’ni hududda elektr energiyasi juda past kuchlanishda tarqatilishi, buning uchun trasformatorlarni yangilash kerakligi haqida murojaat qildi. Shuningdek, tumandagi “Dam”, “Yangiobod” kabi mahalla fuqarolari ham fuqarolik pasporti olishda, “Zang” kanali ustidagi eski ko‘prikni ta’mirlashda amaliy yordam so‘rashdi. Murojaatlar yuzasidan Qonunchilik palatasi deputati, tuman Kengashi deputatlari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbarlari tomonidan muammolarni birgalikda hal etilishi uchun tegishli choralar belgilab olindi.

O‘zLiDeP Surxondaryo viloyat Kengashi

 matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    704
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+