O‘zLiDeP deputati yakkabog‘lik saylovchilar muammolarini o‘rgandi

12.02.2020, 17:11

O‘zLiDeP deputati yakkabog‘lik saylovchilar muammolarini o‘rgandi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Shaxnoza Xolmaxamatova yakkabog‘lik saylovchilar bilan uchrashib, aholi muammolarini o‘rgandi.

Uchrashuvlar davomida Prezidentimizning parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyati va unda belgilab berilgan ustuvor vazifalar hususida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Deputatning dastlabki muloqoti Yakkabog‘ tuman hokimligida tashkilot va idoralar vakillari, fuqarolar o‘rtasida tashkil etilib, saylovchilardan qator takliflar, muammolar o‘rtaga tashlandi.

Muloqotda uy-joy, elektr, gaz, toza ichimlik suvi, yo‘l va aholining ish bilan bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan 76 ta murojaatlar kelib tushdi. Ushbu murojaatlarning 30 ga yaqini shu joyning o‘zida ijobiy yechim topgan bo‘lsa, qolgan masalalar tegishli mutasaddi tashkilotlar orqali hal etiladigan bo‘ldi.

 Xalq vakili uchrashuv doirasida tumandagi “Jajji Olmoschalar” nomli 100 o‘ringa mo‘ljallangan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasiga ham borib, u yerda bolajonlar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

- Ushbu bog‘chamizda 2 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar tarbiyalanadi, - deydi MTM rahbari Shoira Xaydarova. - Bog‘chamizni o‘tgan yili bankdan imtiyozli kredit olib ishga tushirdik. Hozir bu yerda 100 nafar bolalarimiz tarbiyalanmoqda. Bolalarimiz o‘zbek, rus, ingliz tillarida tahsil olishadi. Deputatimiz bizning maktabgacha ta’lim muassasimizga kelib, bolalar bilan dildan suhbat qildi, u yerda yaratilgan sharoitlarni ko‘rib xursand bo‘ldi. Faoliyatimizni yanada kengaytirish uchun deputat bilan o‘zaro suhbatlashib oldik va takliflarimni bildirdim.

Deputat ushbu tumanda faoliyat yuritib kelayotgan "Sitora imkon plyus" nodavlat ta’lim muassasasiga ham tashrif buyurib, hunar o‘rganayotgan yoshlar bilan dildan suhbat qurdi. Ushbu ta’lim muassasida partiya boshlang‘ich tashkiloti tashkil etilgan bo‘lib, partiya o‘z safiga 20 nafar yosh xotin-qizlarni yangi a’zolikka qabul qilib oldi.

Xalq vakili uchrashuvlari davomida “Jambul”, “Yangiobod” mahallarida istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan oilalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan ham xabar oldi. Ushbu oilalarga homiylar yordamida moddiy yordam ko‘rsatildi.

  • Ko'rildi
    920
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+