Prezidentimizning Murojaatnomasidan kelib chiquvchi O‘zLiDePning oldidagi ustuvor vazifalari muhokama qilindi

28.12.2017, 19:45

Prezidentimizning Murojaatnomasidan kelib chiquvchi O‘zLiDePning oldidagi ustuvor vazifalari muhokama qilindi

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiquvchi partiyaning oldidagi ustuvor vazifalari muhokama qilindi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Murojaatnomasidagi barcha fikrlar va tashabbuslar yagona ezgu maqsad – xalqimizning turmush sharoitini yaxshilash, mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirishga yo‘naltirilgan tarixiy hujjatdir. Unda taraqqiyotimizning yangi davrini boshlab bergan 2017 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar sarhisob qilinib, mamlakatimizni 2018 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida atroflicha so‘z yuritildi. Bu borada aniq vazifalar belgilanib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar xolisona va asosli tanqid qilindi.

Qayd etish kerak, Murojaatnomada ko‘plab masalalar qatori milliy parlament va mahalliy kengashlar, siyosiy partiyalar, davlat va nodavlat tashkilotlari faoliyatini yanada yuqori saviyaga ko‘tarish masalasi ham keng muhokama etildi. Murojaatnomada aytilgan fikrlardan kelib chiqib Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ham o‘z faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqmoqda. Jumladan, keyingi yilda partiyaning barcha hududiy tashkilotlar, quyi bo‘g‘in a’zolari va jamoatchilik o‘rtasida Prezidentimizning tarixiy Murojaatnomasini keng muhokama qilishga va muhokamalarda O‘zLiDeP fraksiyasi hamda deputatlik guruhlari a’zolarining ishtirokini ta’minlashga harakat qiladi. Bunda shunchaki quruq tadbirbozlikdan, umumiy gaplardan qochib, ko‘proq masalaning mohiyatini ochib berishga e’tibor qaratadi. Shuningdek, partiya hududiy Kengashlari, hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda davra suhbatlari va jonli muloqotlarda bildirilgan fikrlarni umumlashtirish va qonunchilikka kiritishni ustuvor vazifa sifatida qaraydi.

Murojaatnomada davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Shundan kelib chiqqan holda, partiya mazkur sohani isloh qilishda ham faol ishtirok etishni rejalashtiryapti. Jumladan, “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish 2018 yildagi ustuvor vazifalaridan hisoblanadi. Ushbu ishlarni kelgusi yilning birinchi choragidan kechikmasdan amalga oshirish rejalashtirilyapti.

Bundan tashqari, Davlat idoralarining faoliyatini xolisona baholash imkonini beradigan aniq mezonlarni ishlab chiqishda faol qatnashib, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi hamda sohaga oid boshqa qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish borasida takliflar tayyorlash, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqish, O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida”gi, “Jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi qonunlariga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritish borasida asosli takliflar tayyorlash partiyaning 2018 yilga mo‘ljallangan ish rejasidan o‘rin olgan.

O‘zLiDeP, Murojaatnomada ta’kidlangan masala – yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishga ham alohida e’tibor bilan yondashadi. Zotan, bu partiya dasturi va saylovoldi Platformasidagi ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Tadbirda partiya bu yo‘nalishda ham mamlakat Prezidenti Murojaatidan kelib chiqib bir qator yangi loyihalarni rejalashtirayotgani ta’kidlab o‘tildi.  

Qo‘shma yig‘ilishda mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2018 yilga “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nom berilgani O‘zLiDeP zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklashi ta’kidlandi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz taraqqiyotiga daxldor bunday yangi konsepsiyaning ilgari surilishi global ahmiyatga ega. Chunki, taraqqiyotimizning hozirgi bosqichida o‘zining kelajagi to‘g‘risida qayg‘urayotgan davlat aynan innovatsion rivojlanishga urg‘u berayotgani bejiz emas. Mana shu fikrning o‘ziyoq taklif etilayotgan yil nomi zamirida qanchalik chuqur ma’no, aslida mutlaqo yangi taraqqiyot modeliga o‘tish asoslari yotganini yaqqol ko‘rsatadi. Jumladan, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida ilgari surilgan mutlaqo yangicha yondashuvlar, xususan, ikki yilgacha tadbirkorlik sub’ektlarini tekshirishga moratoriy o‘rnatilishi, tadbirkorlik sub’ektlarini turli ta’sirlardan himoya qilish borasida ilgari surilgan bir qator tashabbuslar yurtimizda tadbirkorlikni yanada rivojlantiradi.

Murojaatnoma tilga olingan mazkur fikrlardan kelib chiqib,  O‘zLiDeP “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi, “Venchur tadbirkorligi to‘g‘risida”gi, hamda “Texnologik parklar (texnoparklar) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihalarini ishlab chiqish kabi vazifalarni o‘z chora tadbirlar rejasiga kiritdi. Bundan tashqari, “O‘zbekistonga investitsiyalar kiritish davri keldi (“Vremya investirovat v Uzbekistan”)” shiori ostida potensial investorlar hamda eksportchilar uchun mo‘ljallangan maxsus veb-sayt (portal)ni ishga tushirish, hududlarni subvensiyadan chiqarishning ichki imkoniyatlarini o‘rganish, bunda tadbirkorlik va investitsion muhitni yaxshilash borasida tegishli takliflarni ishlab chiqish borasida hamkor tashkilotlar bilan amalga oshirilayotgan ishlarni Jizzax va Buxoro viloyatlarida davom ettirish partiyaning galdagi faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan sanaladi.

Tadbirda davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida bildirilgan fikrlardan kelib chiqib O‘zLiDeP chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

O‘zLiDeP matbuot xizmati

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    2172
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+