Kasallikni erta aniqlash davolash xarajatlarini kamaytiradi

21.02.2020, 15:05

Kasallikni erta aniqlash davolash xarajatlarini kamaytiradi

Avval xabar berganimizdek, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolaridan tarkib topgan ishchi guruh Qarshi shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat bo‘limida bo‘lib, bolalar va ayollarda uchraydigan xavfli o‘sma kasalliklarni erta aniqlash va davolash borasidagi ishlar bilan tanishishdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, ishchi guruhi rahbari Aktam Xaitov bu yerda yaratilgan qulayliklar, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, shifokorlar faoliyatini o‘rganar ekan, bunday zamonaviy tibbiy xizmatlarning viloyatlarda yo‘lga qo‘yilayotgani mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani natijasi ekanligini ta’kidladi. 

Markaz rahbari, tibbiyot fanlari nomzodi Adham Parmonov xavfli o‘sma kasalliklarining oldini olish uchun uni barvaqt aniqlash, bunda joylardagi qishloq oilaviy poliklinikalarida birlamchi patranaj xizmati namunali yo‘lga qo‘yilishi lozimligi haqida aytib o‘tdi. Shifokorning kuyunib aytishiga ko‘ra, kasalik xuruj qilganidan so‘ng bemorlar murojaat qilishayapti va bunday bemorlarni davolash juda qiyin kechayapti.  Shuning uchun ham biz joylarda nazoratda turgan fuqarolarni tez-tez tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib kelayapmiz.

Shifokorning aytishiga ko‘ra, bu kasalliklarni davolash uch bosqichda – xirurgiya, kimyo terapiya va nurterapiya yo‘li bilan amalga oshiriladi.  O‘tgan yili Chexiyadan eng zamonaviy nurterapiya tibbiy asbob-uskunlari keltirildi. Yaqinda uskunalarni montaj qilish ishlari boshlab yuboriladi.

Markaz rahbariga deputatlar “nega xorijdan keltirilgan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bir yildan buyon o‘rnatilmayotgani haqida so‘radilar.   Montaj ishlari xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi uchun ularni kutishga majbur bo‘lishayotgan ekan. Shifoxonada davolanayotgan bemorlar ham montaj ishlari tezroq amalga oshishidan manfaatdor ekanligini aytishdi.

- Uskunalar chang bosib yotsa, bundan kimga foyda, - deydi kosonlik bemor Risolat Xodjayeva. – Agar shu nurterapiya asbob-uskunalari ishga tushsa, biz uzoq yo‘l bosib Toshkentga borib yurmasdik.

Nishonlik Shuhrat Abdiyev markazda tomografiya ishlamasligidan nolib gapirdi. Yana bir nishonlik bemor Ro‘zigul Allayeva bu yerda yotib, kardiologiya markaziga qatnashga majbur bo‘layotganidan kuyundi. Bu markazda mutaxassislar kamligi uchun tomografiya natijalarini kardiologiya markaziga borib, o‘qitib kelishayapti. Markazda davolanayotgan Gulnora Jo‘rayevaning o‘g‘li Sherzod shifokorlarning qo‘polligi, bemorlarga hushmuomilada bo‘lmaganidan ko‘ngli og‘riyotganini yashirmadi.

Shu kuni markaz majlislar zalida ishchi guruhi a’zolari shifokorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Qizg‘in kechgan muloqotlar chog‘ida bo‘lim boshlig‘i Abdusalim Mo‘minov 20 yildan buyon shu sohada xizmat qilayotganini aytib, Yevropa mamlakatlarining birida malaka oshirib kelishda ko‘mak berishni so‘ragan bo‘lsa, hamshira Matluba Ro‘ziqulova shifokorlar ish haqini oshirish masalalarini bir ko‘rib chiqish taklifini aytdi. Shuningdek, Hamshira Zuhra Ne’matova shifokorlarga avtokredit ajratish haqida va markazning bolalar bo‘limi boshlig‘i Yusuf Umarov shifokorlarning o‘zlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni bepul qilish borasida taklif berdi.

Ishchi guruhi rahbari va deputatlar markaz faoliyatida uchrayotgan kamchiliklar, shifokorlardan tushgan takliflarni qayd etishdi hamda zarur chora-tadbirlar belgilashini bildirishdi.

O‘zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1235
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+