Eronlik investor O'zLiDeP deputatlariga taklif bilan chiqdi

21.02.2020, 15:22

Eronlik investor O'zLiDeP deputatlariga taklif bilan chiqdi

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari hamda O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining mas’ul xodimlari aholi tomonidan saylovoldi jarayonlarida ko‘tarilgan masalalarga yechim topish, aholi yashash va turmush sharoitlarini o‘rganish maqsadida G‘uzor tumanida bo‘lishdi.

Dastlab ishchi guruh tumandagi “Pooya Polymer Guzar” korxonasi faoliyati bilan tanishishdi. Korxona ta’sischisi, eronlik investor Muzsabo Askariy bilan uchrashib, mavjud muammolarni o‘rganishdi. Investor tomonidan 400 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ hisobiga Xitoydan tomchilatib sug‘orish liniyalarini (truba va lenta) ishlab chiqarishga mo‘ljallangan uskunalar keltirilgan. Ayni paytda ularni o‘rnatish ishlari olib borilayapti. Korxona to‘liq ishga tushganidan so‘ng 25 nafar mahalliy yigit-qiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi. 

“Pooya Polymer Guzar” korxonasi rahbari tomonidan deputatlarga ishni tashkil etish bo‘yicha uchrayotgan muammo va takliflar bildirildi. Xususan, tadbirkor korxonaning yerga egalik qilish huquqi, elektr tarmog‘iga ulanish, suv bilan bog‘liq masalalar ishni samarali yo‘lga qo‘yishga to‘siq bo‘layotganini bayon qildi. Ma’lum bo‘lishicha korxona joylashgan hudud “Sho‘rtanneftgaz” unitar korxonasiga qarashli bo‘lib, hozirgi kunda tuman hokimligi qarori chiqarilganiga qaramasdan yuqorida tilga olingan masalalar hal etilishi paysalga solinayapti.

Deputatlar ko‘tarilgan masalalarni atroflicha o‘rganib, qisqa fursatda mutasaddilarga deputatlik so‘rovi jo‘natish va vaziyatni to‘liq nazoratga olishlarini ma’lum qilishdi.

Qolaversa, investor tomonidan quyidagi taklif ham o‘rtaga tashlandi. Ya’ni ayni paytda investor Erondan truba va lenta ishlab chiqarish bo‘yicha xom ashyo olib kelishni rejalashtirib turibdi. Lekin, ushbu mahsulotlarni olib kirish uchun 40 foiz davlat boji to‘lanishi lozim. Bu borada qandaydir imtiyoz yaratish bo‘yicha taklif bildirdi.

Shundan so‘ng G‘uzor tumanidagi eng chekka hududlar - “Sherali” MFY, “Yonqishloq” MFY hamda G‘uzor tumani markazidagi tomorqa yerlaridan foydalanish holati va aholini qiynab kelayotgan ba’zi muammolar o‘rganildi. Ushbu hududlardagi 10 nafar kam ta’minlangan oila xonadoniga 5-7 tupdan olma, behi, shaftoli va o‘rik daraxti ko‘chatlari o‘tqazildi. Poliz va sabzavot urug‘lari tarqatildi.

Misol uchun “Sherali” QFYda yashovchi Shavkat Nizomov 25 sotix tomorqasiga sholg‘om va sabzi ekkan. Uning kichik issiqxonasida 30-40 ming tup bulg‘or qalampiri, 10 ming tup pomidor ko‘chati parvarishlanmoqda. Bu tomorqachi tomonidan mahallaga kiraverishdagi ko‘prik ta’mirtalab ekanligi, o‘zi istiqomat qilayotgan uy ustidan yuqori kuchlanishli elektr simi o‘tganligi, uni boshqa joyga ko‘chirish, ko‘prikni ta’mirlash masalasi aytildi. Deputatlar shu joyning o‘zida mutasaddilarga murojaat qilib, muammoni nazoratga olishdi.

Shuningdek, G‘uzor tumanidagi dehqon bozori ham ko‘zdan kechirildi, sotuvchilar va xaridorlar bilan muloqot o‘tkazildi.

O'zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi

 matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    738
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+