“Juzimbag‘” ovul fuqarolar yig‘ini aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish muassasasi kerak

26.02.2020, 15:44

“Juzimbag‘” ovul fuqarolar yig‘ini aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish muassasasi kerak

Davlatimiz rahbari Murojaatnomasida har bir deputat Xalq qabulxonalari bilan doimiy ishlab, o‘z hududida yashayotgan aholi muammolarini yechishda faol ishtirok etishi, odamlarning dardu tashvishlarini tinglashi kerakligi ta’kidlangan edi.

Shundan kelib chiqqan holda O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi bilan hamkorlik bitimi tuzildi.

Kegeyli tumani “Juzimbag‘” ovul fuqarolar yig‘inida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi rahbari R.Aytmuratov, tuman Adliya bo‘limi boshlig‘i S.Asanov, tuman kengashiga saylangan partiya deputatlik guruhlari aholi bilan sayyor uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda aholini qiynayotgan gaz, elektr energiyasi, tomorqa uchun suvning tanqisligi, simyog‘ochlarning eskirganligi bo‘yicha 20 ga yaqin murojaatlar kelib tushdi.

Xususan, “Juzimbag‘” ovul fuqarolar yig‘inida aholi uchun tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yilmaganligi aniqlandi. Aholi vakillari qo‘shni hududdagi Do‘stlik qishloq vrachlik punktiga qatnashga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu hududdagi aholi vakillari tibbiy xizmatdan foydalanishda masofa uzoqligi, ko‘p vaqt talab qilishini hisobga olgan holda yangi tibbiy xizmat ko‘rsatish muassasasi qurib berilishini so‘rab murojaat qildi.

Shuningdek, hududdagi elektr simyog‘ochlar ham eskirib bir ahvolga kelib qolganligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu mahalla aholisi maktab yonidan o‘tib turgan elektr simlari o‘quvchilarga katta havf tug‘dirishi, shu sababli ham eski simyog‘ochlarni yangisiga almashtirish kerakligini bildirdi.

Fuqarolarning ushbu murojaatlari shu yerning o‘zida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf qilinishga kelishib olindi.

Aholi bilan uchrashuvlar jarayonida ko‘tarilgan ayrim muammolar shu yerning o‘zida hal qilingan bo‘lsa, biroz muddat talab qilinadigan ba’zi masalalar deputatlar nazoratiga olindi.

O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Kengashi matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    1120
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+