Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasida davlat organlarining vakolatlari aniq belgilanmoqda

27.02.2020, 17:57

Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasida davlat organlarining vakolatlari aniq belgilanmoqda

Keyingi yillarda mamlakatimizda mahalliy zargarlik tarmog‘ini tiklash va rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallardan foydalanish imkoniyatining berilishi esa ishlab chiqarilayotgan mahalliy zargarlik mahsulotlari hajmini kengaytirish imkonini yaratdi.

Ammo sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, ayrim kamchiliklar ham mavjudki, ular investitsiyalarni faol jalb qilish, sifatli zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyat yuritayotgan quvvatlarni modernizatsiya qilish va yangilarini tashkil etish, ushbu mahsulotlar eksportini kengaytirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kuni kecha bo‘lib o‘tgan majlisida ham deputatlarning qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘lgan hujjatlardan biri “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.

Xo‘sh, ushbu hujjatning mazmun-mohiyati nimada? Bu bilan qonunchiligimizda qanday yangiliklar o‘rin olmoqda?

Avvalo shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, mazkur qonun loyihasi Prezidentimizning 2019 yil 18 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish choralari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Loyihadan ko‘zlangan maqsad qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi sohasidagi munosabatlarni kompleks huquqiy tartibga solish, zargarlik buyumlari asillik darajasini belgilash, tamg‘alash tizimini, shuningdek, ularning sifatini nazorat qilish tartib-taomillarini takomillashtirishdan iborat. Chunki amaldagi qonun faqat realizatsiya qilishga mo‘ljallangan qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlarning asillik darajasini aniqlash va tamg‘alashga bag‘ishlangan bo‘lib, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasini to‘liq qamrab olmagan.

Yangi qonun loyihasida esa bir qator yangiliklar nazarda tutilgan. Jumladan, ushbu sohada qimmatbaho metallar, toshlarni qazib olish, ularni affinaj qilish, zargarlik buyumlarining asillik darajasini belgilash va tamg‘alash, davlat organlarining vakolatlari, qimmatbaho metallar va toshlarga egalik huquqlarining vujudga kelishi, sohada ruxsat etish tizimi asoslari ko‘rsatib o‘tilgan. Qonun loyihasining qabul qilinishi albatta, sohada bir qator ijobiy natijalarni beradi. Sababi qonun loyihasi bilan qimmatbaho metallarning erkin muomalasi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu orqali tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qimmatbaho metallarga xom ashyo sifatida bo‘lgan ehtiyoj qondiriladi. Shu bilan birga tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan qimmatbaho metallarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiquvchilardan yoki birjadan sotib olish imkoni yaratilmoqda.

Yana bir muhim jihati shundaki, qonun loyihasi bilan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasida davlat organlarining vakolatlari aniq belgilanmoqda. Bu qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish, iste’molchilarning huquqlari kafolatlanishi, halol tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilishga yordam beradi.

Shuningdek, loyiha qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini aniqlash va tamg‘alash tartibini soddalashtirishni nazarda tutadi. Unga qimmatbaho metallar va toshlarga egalik huquqini nazarda tutuvchi normalar kiritilgan bo‘lib, bu qimmatbaho metallarga oddiy tovar sifatida qarash, tadbirkorlik sub’ekti yoki jismoniy shaxslar ham ularga egalik qilish, o‘rnatilgan tartibda erkin tasarruf etish imkonini beradi.

Umuman olganda, mazkur loyiha bilan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi mahalliy tadbirkorlik sub’ektlariga o‘zlari ishlab chiqargan zargarlik buyumlariga o‘zlari ishlab chiqaruvchi tamg‘asi bilan tamg‘alash huquqi berilmoqda. Ushbu yangiliklar esa sohada davlat organlari hamda boshqa ishtirokchilarning vakolatlari va javobgarlik sohasini aniq chegaralash, ushbu soha faoliyatini xufiyona iqtisodiyotdan chiqarish, tarmoqqa investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay sharoit yaratish hamda raqobat muhitini yaxshilashga ko‘maklashadi.

Qahramon  ERGASHEV,

 Oliy Majlis Qonunchilik

palatasidagi O‘zLiDeP

fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    811
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+