Asakadagi muammolar deputat kelishini kutib turgan edimi?

03.03.2020, 18:00

Asakadagi muammolar deputat kelishini  kutib turgan edimi?

Bugungi kunda Asaka tumani “Mirzaobod” mahallasida 5085 nafar aholi istiqomat qiladi. Ochig‘ini aytish kerak, joylarda bo‘lgani kabi bu hududda ham muammolar bor. Po‘panak bosib yotgan masalalar yechimga muhtoj. Agar 12-Shahrixon saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylangan Odinaxon Otaxonovaning tashrifi bo‘lmaganida, ushbu masalalar hamon fuqarolarni qiynab turaverardi.

Hududga mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, qishloq vrachlik punkti, guzar zarur. Shuncha aholi muammosini aytish uchun MFY mas’ullarini qidirib yurishga majbur (muqim binosi yo‘q mutasaddi qayerda qo‘nim topadi), tibbiy yordam kerak bo‘lsa, qo‘shni qishloqqa yoki tuman markaziga qatnashi shart. Eng achinarlisi, kayvoni otaxonlar, yoshi ulug‘lar choyxo‘rlik, shiringina suhbat uchun guzar axtaradilar. Mana, qanday og‘riqli nuqtalarimiz bor? Xalq noibining mazkur mahalla aholisi vakillari bilan uchrashuvi ayni masalalarga yechim bo‘lgani quvonarli. Axir, saylovchining umidiga qanot bo‘lish deputatning oliy maqsadi emasmi!

–Ochig‘ini aytaman, saylovoldi uchrashuvlarimda ham fuqarolar tashvishlariga yelkadosh bo‘lishga harakat qilganman, – deydi O.Otaxonova. – Ammo deputatlikning chinakam mas’uliyatini, sharafini endigi ochiq muloqotlarda chin dildan his qilyapman. Keksani keksadek, yoshni yoshlardek, ayollarni opa-singlisidek tushunish, har soha odami muammosini yechimi uchun o‘sha soha mutaxassisi bo‘lib fikrlashish, suhbatlashish lozimligini bugun amalda ko‘rib turibman. Qay bir masalada saylovchilarimga yordam berolsam yengil tin olyapman, mas’uliyat zimmamda, yuragimda, butun vujudimda...

Mirzaobodning yuqoridagi muammolariga deputat orqali yechim topildi. Mahalla ahli xalq noibidan mamnun, ishonch bildirib adashmaganlarini his qildilar.

Asaka tuman hokimligida bo‘lib o‘tgan uchrashuv ham qizg‘in bahs-munozaralarga aylandi. Aholi o‘rtasida kambag‘allikni kamaytirish muammosini har bir xonadonni tadbirkorlikka yo‘naltirish orqali bartaraf etish, shu bilan yangi ish o‘rinlari  yaratish masalasi atroflicha muhokama qilindi. Bu borada O.Otaxonovaning tashabbuslari ibratga arziydi. “In’omjon fayz” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida joriy yil boshidan buyon bir guruh yoshlar mavsumiy va muqim ish bilan ta’minlandilar.

Asaka tumanida ham saylovchilarni qiynayotgan muammolar talaygina. Masalan, aholi uchun ko‘p qavatli uy-joylar qurish masalasi dolzarb. Mazkur masala yechimi bo‘yicha o‘rtaga tashlangan takliflar asosida tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuborildi.

Yana bir gap. Asaka-Farg‘ona yo‘nalishidagi avtomobil yo‘li ham haydovchilarga turli noqulayliklar tug‘dirmoqda. Qatnov yo‘lini kengaytirish zarurati deputatni befarq qoldirmadi. Bu ham yetmagandik, tuman markazidagi 1979 yilda yotqizilgan 36 kilometrli kanalizatsiya kapital ta’mirga muhtoj. Mana, deputatni “kutib” turgan qancha muammo bor? Xalq vakili quruq va’da berishdan ko‘ra, amaliy ishlarga kirishdi.

Ta’lim sohasidagi og‘riqlarga malham qo‘yish vaqti keldi. Aslida har doim ham shu davoga ehtiyoj bo‘lganu, biroq kimdir loqayd, kimdir “menga nima?” qabilida ish tutaverishi bilan kamchiliklarga barham berilmayapti. Tumanning Ayjuvoz mahallasida joylashgan 28-umumta’lim maktabi aslida 410 o‘rinli. Lekin o‘quvchilar soni 665 nafarni tashkil qilmoqda. Ta’lim maskaniga qo‘shimcha bino kerak.

–Farzandlarimiz ham, o‘qituvchilar ham dars jarayonlarida qiynalishadi, – deydi Gulbahor Mahmudova. – Ko‘p yillardan buyon tegishli tashkilotlarga o‘zimiz ham murojaat qildik. Javoblari “xo‘p”u, ammo natija yo‘qda! Odinaxon Otaxonovaning hududimiz muammolari bilan qiziqishidanoq umid uyg‘ondi bizda. Yanglishmagan ekanmiz. Ushbu masala bilan bir qatorda 30 yillik muammoimiz ham bartaraf etiladigan bo‘ldi.  Ya’ni qo‘shni mahalladagi maktabgacha ta’lim muassasasiga qatnaydigan dilbandlarimiz uchun mahallamizda yangi bog‘cha qurililishi boshlandi.

Zilola Rahmonova,

O‘zLiDeP Andijon

viloyat kengashi

matbuot kotibi

 

  • Ko'rildi
    1092
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+