O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari bir qator qonun loyihalarini muhokama qilishdi

05.01.2018, 17:42

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari bir qator qonun loyihalarini muhokama qilishdi

2018 yil 5 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilayotgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Dastlab, fraksiya a’zolari ishni «Mediatsiya to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qilishdan boshladilar.

Qonun loyihasi mediatorlar ishtirokida nizolarni tartibga solishning muqobil usullarini rivojlantirish uchun huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi sud tizimida ish hajmini kamaytirish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu qonunning qabul qilinishi natijasida nizolarni sudgacha hal qilish sohasida yuzaga keladigan munosabatlarni huquqiy tartibga solishning tizimli va kompleksliligi ta’minlanadi, shuningdek nizolarni sudgacha hal qilishni amalga oshirishda samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni yaratish, mediatsiya institutining davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini aniqlab berishga xizmat qiladi.

Deputatlar kun tartibidagi «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ham birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.

Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi davlat xaridlarini tartibga solib, amaliyotda mavjud qarama-qarshilik va eskirgan qoidalarni bartaraf etishga, davlat xaridlarining maxsus axborot portali orqali davlat xarid tizimini ochiq va oshkoraligini ta’minlash, xarid qatnashchilarining vakolatlarini tizimlashtirishga qaratilgan yaxlit qonun hujjatini ishlab chiqishdan iborat.

Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida kelgusida budjet mablag‘lari va boshqa markazlashgan manbalar, shuningdek Hukumat kafolati bilan kredit resurslaridan maksimal darajada foydalanish, davlat sektorini oqilona muddatlarda zarur tovar, ishlar va xizmatlar bilan ta’minlash, raqobat asosida davlat xaridlarini amalga oshirishning ochiq mexanizmni belgilash, davlat xaridlari uchun tadbirkorlik sub’ektlariga keng yo‘l ochish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Loyihada davlat xaridlari bo‘yicha milliy tajriba, xalqaro amaliyot, shu jumladan Birlashgan millatlar tashkilotining Xalqaro savdo bo‘yicha komissiyasi (YuNSITRAL) model qonunchiligi, Yevropa Ittifoqi, Rossiya Federatsiyasi, ko‘p tarafli rivojlanish banklari qonunchiligining asosiy qoidalari, davlat xaridlari bo‘yicha eng yaxshi amaliyotlari inobatga olingan.

Mazkur qonun loyihasida umumiy qoidalar, davlat xaridlari sohasida davlat tomonidan tartibga solish, davlat xaridlari jarayoniga qo‘yilgan umumiy talablar, xaridlarni elektron do‘kon, auksion, tanlov, tender, yagona yetkazib beruvchi bilan amalga oshiriladigan davlat xaridlari, tadbirkorlik sub’ektlariga preferensiyalar berilishi, xarid qilish tartib-taomillarini nazorat qilish, shikoyat qilish mexanizmi, davlat xaridlari masalalari bo‘yicha nizo va qarama-qarshiliklarni hal qilish ko‘zda tutilgan.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ham birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasida daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish, mamuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni musodara qilishgacha javobgarlikni kuchaytirish masalalari nazarda tutilgan.

Qayd etib o‘tish joizki, amaldagi qonunchilikda mavjud bo‘shliqlar daryolar o‘zanlari va suvni muhofaza qilish zonalari, ko‘llar, suv omborlari, kanallar, kollektorlar va boshqa suv ob’ektlarini tozalash, shuningdek ularning qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirishda qum-shag‘al materiallarini ruxsatsiz qazib chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratmoqda.

Shu munosabat bilan, yer osti boyliklarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish talablarini buzgan fuqarolarga eng kam oylik ish haqining o‘n baravaridan o‘ttiz baravarigacha, mansabdor shaxslarga o‘ttiz baravaridan yetmish baravarigacha, shuningdek mazkur holat bo‘yicha takror sodir etilgan huquqbuzarlik uchun jarima miqdorini fuqarolarga eng kam ish haqining yigirma baravaridan ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga ellik baravaridan yuz baravarigacha ko‘tarish taklif etilmoqda.

Shuningdek, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari tomonidan «Qishloq xo‘jalik o‘simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida», «O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida uch davlatning Davlat chegaralari tutashgan nuqtasi hududi to‘g‘risida Shartnomani (Samarqand, 2017 yil 10 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihalari ham birinchi o‘qishda har tomonlama ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.

Yuqoridagi qonun loyihalari O‘zLiDeP Saylovoldi platformasida nazarda tutilgan Partiyaning qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq tizimini yanada liberallashtirish sohasidagi, bozor islohotlarini chuqurlashtirish, iqtisodiyotni liberallashtirish va raqobatdoshligini oshirish borasidagi hamda tashqi siyosat sohasidagi ustuvor vazifalariga to‘liq mos kelishi bilan ahamiyatlidir.

Yig‘ilish davomida fraksiya vakolatiga kiruvchi bir qator boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Kun tartibidan o‘rin olgan barcha masalalar yuzasidan O‘zLiDeP fraksiyasining aniq pozitsiyasi belgilab olindi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zLiDePning Facebookdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1325
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+